Shu asosda poliklinikaga murojaat qilgan yoki shifoxonaga borgan shaxsga individual maslahat berish, zarurat boʻlsa, nazoratga olish, konsultatsiya va davolash-reabilitatsiya jarayoniga jalb qilish amaliyoti olib borilyapti. Viloyatdagi har bir tibbiyot muassasasida tibbiy brigadalar shakllantirilib, 852 mingdan ortiq aholi xatlovdan oʻtkazildi.
Tibbiy kartalar elektron shaklga oʻtkazilmoqda. Bu bemor uchun ham, shifokor uchun ham ancha qulay. Chunki bemorning elektron bazaga kiritilgan maʼlumotlari tez topiladi. Oldingi tashriflar va tekshiruvlarning yozuvini shifokor toʻliq koʻra oladi. Buning uchun bir necha daqiqa kifoya. Tibbiy kartalarning qogʻoz shaklida esa bemorlar hamshiraning roʻyxatga olishi, kartalarni qidirib topishini kutishi va shifokor ham yozuvlarni koʻzdan kechirishi uchun koʻproq vaqt sarflardi.
Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida shifokordan oldingi koʻrik uchun belgilangan standartlarga muvofiq jihozlangan xonalar tashkil etildi. Natijada bir bemorni koʻrish, tashxis qoʻyish, muolajalarni oʻtkazish uchun oilaviy shifokor avvalgidek oʻrtacha 5-6 daqiqa oʻrniga 15-20 daqiqa vaqt ajratib, har bir bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazyapti, unga koʻproq eʼtibor qaratish imkoni yaratildi. Shifokordan oldingi koʻrik xonasida amaliyotchi hamshiralar bemorni mustaqil tekshirib, yuqumli boʻlmagan (yurakqon tomir, qandli diabet, nafas olish organlari) kasalliklar xavfini baholashi uchun dastlabki skriningdan oʻtkazadi. Shikoyatlarini qayd etadi va zarur hollarda oilaviy shifokor qabuliga yoʻnaltiradi. Dastlabki koʻrik natijasida oilaviy shifokor qabul qiladigan bemorlar soni ortib, ularni tor soha mutaxassislariga yoʻnaltirish oʻrtacha 16 foiz kamaydi.
Masalan, Guliston shahridagi 4-oilaviy poliklinikaning bir amaliyotchi hamshirasi tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylarida 40 yoshdan oshgan 165 kishi maqsadli skrining tekshiruvlaridan oʻtkazildi. Natijada ularning 114 nafari (69 foizi)da yurak-qon tomir kasalliklari boʻyicha xavf omillari erta aniqlanib, nazoratga olindi.
Eng muhimi, tibbiyot muassasasiga kelgan bemorlar endi navbatda kutib turmaydi. Ular oldindan, oʻziga qulay vaqtda elektron navbatga yozilish imkoniyatiga ega. Tibbiy brigadalar faoliyati tufayli oilaviy shifokorning obroʻsi ortib, mehnat samaradorligi ham oshmoqda.
— Tibbiyot sohasida birinchi maqsad transformatsiya, yaʼni bemorga qulaylik yaratish, — deydi sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev. — Bemor shifokorga murojaat qilgandan boshlab keyingi jarayonlargacha tartibga keltirish borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Shifokor qabuliga oldindan yozilish, vaqtini belgilash, belgilangan muddatda koʻrikdan oʻtish shifokor uchun ham, bemor uchun ham birdek qulay. Bu orqali boshqarilmaydigan navbatga chek qoʻyildi.
Sirdaryoda profilaktik koʻriklar oʻrniga hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib maqsadli skrining tekshiruvlar olib borilmoqda. Asosan, profilaktikaga eʼtibor qaratilmoqda. Profilaktika ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilsa, kasallik kam boʻladi va unga sarflanadigan mablagʻ ham tejaladi.
Maqsad ham kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy yordamning birlamchi boʻgʻinida malakali va sifatli xizmat koʻrsatish, aholining salomatlik darajasi, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini oshirishdan iborat.
— Oʻzbekiston aholi salomatligini saqlashning sifatli modelini joriy etmoqda, — deydi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekiston boʻyicha maslahatchisi Kristofer Fispatrik. — Bu rivojlangan davlatlar tajribasidan oʻtgan juda yaxshi modeldir. Biz jarayonlarni bevosita kuzatib boryapmiz va ekspert sifatida aytishim mumkinki, kasallikka chalingan insonning uyiga bepul doridarmon yetkazib berish unga imkon qadar tezroq yordam koʻrsatishga xizmat qiladi. Har bir sogʻliqni saqlash tizimining oʻziga xos jihatlari bor. Kasalliklarni davolashdan koʻra oldini olgan yaxshi, shu bilan birga, kasalliklarni erta aniqlash ham davolashda katta samara beradi. Oʻzbekistonda ilk bor davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish, bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida shifoxonalarni birlashtirish, ularning negizida tibbiyot klasterini tashkil etish, u yerda ilm-fan va amaliyotni uygʻunlashtirish ishlari bajarilmoqda. Sohada murakkab va yuqori texnologik amaliyotlar joriy etilayotir. Bu borada ham xalqaro tajribadan kelib chiqib tavsiya va maslahatlar berish, ushbu murakkab jarayonlarning amaliyotga tezroq tatbiq etilishiga koʻmaklashishga doim tayyormiz.
Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga koʻproq eʼtibor berila boshladi. Ilgari ular roʻyxatga olinib, davolanish buyurilgan va kuzatuvga olingan. Afsuski, hamma bemor ham doridarmonni oʻz vaqtida xarid qilib, muolajalarni boshlay olmasdi. Natijada bemorlarda asoratlar paydo boʻldi. Endi davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etilgani tufayli bemorlarga dorining bir qismi bepul berilmoqda. Dorixona esa poliklinikaning oʻzida joylashgan.
Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmini joriy etish jarayonida reimbursatsiya tizimi ham amaliyotga kiritildi. Bu “xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatadi. Yaʼni aholini dori-darmon bilan taʼminlash, alohida surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor tomonidan buyurilgan dorilar xarajatlarini maqsadli kompensatsiya qilishni nazarda tutadi.
Davolash standartlariga koʻra, dori qabul qilish har qanday kasallikni davolashning ajralmas qismidir. Biroq surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda uzluksiz davolash tizimi mukammal emas. Shu bois, aholining zarur dori-darmondan foydalanish imkoniyatini oshirish uchun reimbursatsiyani amaliyotga joriy etish zarurati yuzaga keldi.
— Reimbursatsiyada asosan uch xil yoʻnalishdagi — gipertoniya, yurak ishemik, qandli diabetning ikkinchi turi, bronxial astma, oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi qamrab olingan, — deydi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi imtiyozli dori vositalari bilan taʼminlash boʻlimi bosh mutaxassisi Mavluda Gʻiyosova. — Mazkur jarayonda biz 11 ta dorini xalqaro patentlanmagan nom bilan kiritganmiz. Bu tizimning yoʻlga qoʻyilgani surunkali kasallik bilan ogʻriganlarni dori-darmon bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyatini beradi. Bemor elektron retsept asosida dorini oʻziga qulay vaqtda olishi mumkin. Buning uchun surunkali kasallik bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar oʻz oilaviy shifokoriga murojaat qiladi. Shifokor bemorni zarur tekshiruvdan oʻtkazadi, kerak boʻlsa, laboratoriya-diagnostika tekshiruvlariga yuboradi. 10-xalqaro kasalliklar tasnifiga koʻra, aniq tashxis qoʻyilgach, elektron tibbiy kartaga maʼlumotlar kiritiladi va elektron retsept shakllantiriladi. Oʻsha zahoti bemorning mobil telefoniga xabar keladi. Zarurat tugʻilganda (bemorning talabiga koʻra), shifokor elektron retseptni bemorga qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
Shifokordan elektron retseptni olgan bemor Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan dorixonaga dori olish uchun murojaat qiladi. Reimbursatsiyada ishtirok etayotgan dorixona bemorga dori-darmonni elektron retsept asosida bepul beradi. Bunda berilgan dori boʻyicha dorixonalar sarf-xarajatini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi qoplab beradi. Shartnoma bandlariga koʻra, dorixonalar roʻyxatga kiritilgan dori-darmonning uzluksiz taʼminotini hamda joriy yil yakuniga qadar ularning narxi oʻzgarmasligini taʼminlashi lozim.
Reimbursatsiya shaffoflik va adolat tamoyillariga juda mos boʻlib, jarayon elektron amalga oshiriladi. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va dorixona rahbarlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega. Reimbursatsiya hozir faqat Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov jarayonida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Olingan natijalarga koʻra, kelgusida yurtimizning boshqa hududlarida ham joriy etish moʻljallangan.
Bundan tashqari, bemorlarning doridarmonni qabul qilish va sogʻlom turmush tarziga rioya etishini taʼminlash maqsadida oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar uchun “Profilaktik maktablar” ochilib, ularda patronaj hamshiralar surunkali kasalliklarga chalinganlarni kuzatib bormoqda.
Yurtimizdagi har bir islohotda, eng avvalo, aholi ehtiyojlari hisobga olinadi. Sirdaryo viloyatida yoʻlga qoʻyilgan davlat tibbiy sugʻurtasi tajriba-sinov loyihasining ilk natijalari ham aholining sifatli va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishini taʼminlash, salomatligini asrashga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin isbotidir.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri