Shu asosda 2023-yildan Qorakalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida ham joriy etish maqsadida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Sirdaryo viloyatida JSST, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hamkorlikda oʻtkazgan oʻquv-amaliy seminar shu maqsadda tashkil etildi. Ushbu hududdan kelgan vakillar bu yerdagi oʻzgarishlar va yangiliklarni oʻz hududlaridagi tibbiyot muassasalariga tatbiq etishda faol ishtirok etadi.
Oʻquv-amaliy seminarda DTSJ ijro etuvchi direktori F. Sharipov, boʻlim boshliqlari U. Gaziyeva, B. Moʻminov, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari F.Mavlanov, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti eksperti A. Goroshko, A. Kasaga (onlayn) va boshqalar oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etib, aholini ambulatoriya sharoitida bepul dori vositalari bilan taʻminlash, reimbursasiya va uning maqsad va vazifalari, moliyalashtirish tizimi uni Sirdaryo va boshqa viloyat hududlariga joriy etish mexanizmlari bilan bogʻliq ishlarni tushuntirib berishdi.
Viloyatlardan kelgan sogʻliqni saqlash boshqarmalari vakillari Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 3, 4 oilaviy poliklinika, Koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, Sardoba tumanidagi 26-oilaviy poliklinika, Boyovut tumanidagi 7-oilaviy poliklinika hamda Guliston tibbiyot klasterida oʻtkazilgan mahorat darslarida ishtirok etdi. Oʻzlarini qiziqtiragn barcha savollarga javob olishdi. Jumladan, oilaviy shifokorlarga aholini biriktirish holati, MIS dasturi asosida ishni tashkil etish, oilaviy shifokor qabuliga navbatdan oldin yozilish, qabulga kirish, oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislariga yoʻllanma berish tartibi, shifoxonaga yotqizish mezonlari, poliklinikalarda tashkil etilgan “tibbiy brigada”lar faoliyati, shifokor oldi koʻrigi xonalari va u yerda ish faoliyatini olib borayotgan amaliyotchi hamshiralar vazifasi haqida batafsil maʻlumotlar olishdi.
Seminar yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda Sirdaryo tajribasi asosida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan ishlar, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi va asosiy vazifalar belgilab olindi.