Davlat va jamiyat oʻrtasidagi mustahkam koʻprik

    Qonunning asosiy jihatlaridan yana biri – unda diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tizimi soddalashtirilgani.

    Umumbashariy qadriyatlar bilan birga vijdon erkinligi insoniyatning maʼnaviy yuksalishida muhim oʻrin tutadigan ezgu omillardan sanaladi. Shu bois, jamiyatda bunday qadriyatlarning har tomonlama kafolatlanishi farovonlik, tinchlik va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi. Shu jihatdan yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuni aynan jamiyatimiz ravnaqiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Shunisi eʼtiborliki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririda Oʻzbekistonda huquqning ushbu sohasida shu paytgacha maʼlum darajada mavhum boʻlib kelgan koʻplab tushunchalarga aniqlik kiritildi. Qolaversa, unda vijdon erkinligi meʼyorlari aniq koʻrsatilib, fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi belgilandi. Qonunning asosiy jihatlaridan yana biri – unda diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tizimi soddalashtirilgani. Xususan qonunning tegishli moddasida mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobarga kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmagan etib belgilandi.

    Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun 100 nafar tashabbuskor boʻlishi haqidagi talab ham bekor qilindi. Bu bejiz emas. Chunki bugungi kunda diniy tashkilotlar har qanday mamlakat ijtimoiy tuzilmasida oʻziga xos oʻrin tutadi. Ularning davlat bilan munosabati oʻsha davlatdagi fuqarolar eʼtiqodiga nisbatan hurmat darajasi, davlatning kuchli mafkuraga ega nodavlat tuzilmalariga munosabati va boshqa koʻplab jihatlar haqida fikr yuritish imkonini beradi. Oʻz eʼtiqodiga sodiq insonlarni, oʻzi tanlagan din amallariga emin erkin rioya qilgan holda yashashi uchun munosib sharoit yaratish ham aslida inson huquq va erkinliklarining amalda taʼminlanganligini koʻrsatadi.

    Aytish joizki, baʼzi hollarda diniy ozchiliklar huquqlari buzilishi, bir qator demokratik konstitutsiyaviy tamoyillarga putur yetishi, dunyoqarashga asoslangan tanlov erkinligi cheklanishi, ayrim davlatlar va jahon hamjamiyatining globallashuv imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish va uning chaqiriqlariga munosib javob berish imkoniyati qoʻldan boy berilish holatlari ham uchrab turadi. Shu jihatdan mazkur qonun bilan bunday tuzilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tizimi soddalashtirilishi, avvalo jamiyatda umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish, huquq va davlat rivojini jadallashtirishga xizmat qiladi. Qolaversa, endilikda diniy tashkilotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi belgilandi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni koʻrib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, yaʼni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi.

    Shu oʻrinda aytish joizki, mamlakatimizda din sohasida olib borilayotgan siyosat davlatning dunyoviy xususiyati va uning bagʻrikengligi tamoyillariga asoslanadi. Barcha dinlarga nisbatan bagʻrikeng munosabat, davlatning din bilan sogʻlom va konstruktiv hamkorligi shular jumlasidan. Buning natijasida mamlakatimizda koʻpkonfessiyali jamiyat rivojlanmoqda, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi fuqarolar tinchlik va totuvlikda istiqomat qilmoqda. Ayniqsa soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar diniy taʼlimda ham tub oʻzgarishlar yasadi, natijada tizimni takomillashtirishga oid koʻplab masalalar yechim topmoqda. Shu jihatdan yangi qonunda ham diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi, Oʻzbekiston fuqarolarining, dinga boʻlgan munosabatidan qatʼiy nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd etildi.

    Shu oʻrinda yaqin tariximizga nazar tashlasak. XX asr oxirida sinchkov kuzatuvchilar dinning dunyo miqyosida siyosat, madaniyat va iqtisodiyot rivojlanish jarayonida ham aks etganini ajablanib qayd etgan. Yaʼni, asosan maʼnaviyat sohasi, ijtimoiy va oilaviy hayot meʼyorlarida koʻproq seziladigan bu omilning barcha jarayonlarga taʼsiri oshdi. Hozirda ham biz bu tendensiyaning davom etayotganini koʻrmoqdamiz.

    Bunday sharoitda diniy taʼlimning ahamiyati orta boshladi. Chunki har bir dinda insonni taraqqiyotga ragʻbatlantiruvchi kuch topish mumkin va shu jihatdan din ahkomlarini toʻgʻri targʻib qilish, ularning mohiyatini asl holatda ommaga yetkazishda aynan diniy taʼlimning oʻrni beqiyos ekani ayon boʻldi. Ayrim gʻarazgoʻy kuchlar barcha dinlardan niqob sifatida foydalanib, yot gʻoyalar vositasida odamlarni manipulyatsiya qilishlariga yoʻl qoʻymaslik ham aynan diniy taʼlimning professional maqomi bilan bogʻliq. Demak, diniy taʼlim bilan faqat mutaxassislar shugʻullanishi lozim.

    Har kimning aholini “oʻqitishi” din toʻgʻrisida notoʻgʻri maʼlumotlar tarqalishiga, odamlarda dinga xos muhim masalalar borasida biryoqlama tushunchalar shakllanishiga olib keladi. Buning oqibatida yurtdoshlarimiz orasida diniy masalalarda ziddiyatlar paydo boʻlishi, fuqarolar, ayniqsa yoshlar yot gʻoya va qarashlar taʼsiriga tushishi mumkin. Shu bois, qonunda diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi. Qolaversa, qonunda, jamiyatda turli yot qarashlarni targʻib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalarning salbiy taʼsiridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qoʻyildi.

    Xulosa oʻrnida aytish kerakki, jamiyatlar alohida tamaddunlar, yaʼni sivilizatsiyalar negizida, muayyan qadriyatlar tizimi poydevorida tashkil topdi. Ularning barchasida Allohga ishonish, umumiy foyda uchun harakat qilish, ota-onani ulugʻlash, oilaviy rishtalarni mustahkamlash kabi bashariyat uchun umumiy hisoblangan qadriyatlar mavjud. Shu tariqa, dinlar maʼnaviyat va axloq meʼyorlarini belgilaydi.

    Mazkur qonun davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar takomillashuviga, ijtimoiy taraqqiyotimiz jadallashuviga va pirovardida dinlararo totuvlikka xizmat qiladi. Zero, insonga xos halollik, adolatparvarlik, boshqalarga ozor bermaslik, qonunlarga itoatkorlik kabi eng oliy qadriyatlar aynan diniy manbalardan ozuqa olib, rivojlangan. Demak, ushbu poydevor toʻlaqonli fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, huquq tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.

    Feruza ESHMATOVA,

    Oliy Majlisning Inson huquqlari

    boʻyicha vakili (Ombudsman).