Oʻrganishda, davlat buyurtmachilari tomonidan oʻtkazilgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari sunʼiy ravishda qismlarga boʻlingani, ayrim davlat xaridlarida bir xil ishtirokchilar takroran gʻolib boʻlgani, ayrim buyurtmachilar qonun talablariga zid ravishda qurilish sohasidagi davlat xaridlari boʻyicha eʼlonlarni “Shaffof qurilish” axborot markazining “tender.mc.uz” maxsus platformasiga joylashtirmagani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasida, davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga boʻlib tashlashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasida tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik Nizomning 3-bandida, davlat buyurtmachilarining va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravaridan ortiq (675 mln. soʻm) boʻlgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari “tender.mc.uz” maxsus axborot portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Biroq, davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd qilingan qonunchilik talablari tizimli ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyilib kelinmoqda. Xususan,

- Andijon davlat universiteti tomonidan 2021-yilda qurilish sohasida qiymati 5 mlrd. soʻmdan ortiq 15 ta davlat xaridlari oʻtkazilgan boʻlib, davlat xaridlari qonun talablariga zid ravishda sunʼiy ravishda qismlarga boʻlingan va natijada 2 ta tender shaklida “tender.mc.uz” maxsus axborot portali orqali elektron shaklda oʻtkazilishi kerak boʻlgan xaridlar 10 ta tanlov shaklida oʻtkazilgan hamda 2 ta holatda bir xil mazmundagi 5 ta tanlovlar qismlarga boʻlingan holda oʻtkazilgan.

Tahlillar natijasida, Andijon davlat universiteti tomonidan oʻtkazilgan 15 ta qurilish sohasidagi tanlovlarda 7 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar gʻolib boʻlgan boʻlib, sunʼiy ravishda boʻlingan xaridlarning deyarli barchasida bir xil ishtirokchilar qatnashgan va bir xil ishtirokchi gʻolib boʻlgan.

Shuningdek, “Navoiy savdo kompleks” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022-yil 5-yanvar kuni jamiyat savdo kompleksini taʼmirlash boʻyicha qiymati 21,7 mlrd. soʻmlik;

- “Toshkentdonmahsulotlari” AJ buyurtmachiligidagi 2022-yil 18-yanvar kuni jamiyat maʼmuriy binosini joriy taʼmirlash yuzasidan qiymati 1,627 mlrd. soʻmlik;

- Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 2021-yil 27-mart kuni “Samarqand shahar markaziy koʻcha va xiyobonlariga dizayn asosida daraxt ekish ishlari”ni amalga oshirish boʻyicha 230 mln. soʻmlik;

- “Paxtasanoat Ilmiy markazi” AJ buyurtmachiligidagi 2022-yil 17-yanvar kuni mehmonxona binosidagi 5 ta xonalarni buzib qayta rejalashtirish va dizayn asosida 8 ta lyuks xonalarga aylantirish yuzasidan qiymati 996 mln. soʻmlik;

- “Transgazinjiniring” MCHJ buyurtmachiligida 2022-yil 21-yanvar kuni “qurilish-taʼmirlash ishlari”ni bajarish yuzasidan qiymati 2,456 mlrd. soʻmlik;

- Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi “Maʼmuriy-xoʻjalik xizmati” DUK buyurtmachiligida 2022-yil 24-yanvar kuni vazirlik maʼmuriy binosini joriy taʼmirlash yuzasidan qiymati 1,681 mlrd. soʻmlik;

Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha buyurtmachilarga davlat xaridlarini bekor qilish masalasini koʻrib chiqish haqida 7 ta taqdimnoma va Bosh prokuraturaga 3 ta soʻrovnoma kiritilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati