Xususan, 2022-yil davomida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarda 87 marotaba oʻrganish, jumladan, 25 tasi murojaatlar asosida va 62 marotaba monitoring tadbirlari oʻtkazildi. Unda vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida 13 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlandi.
Bularning 10 ming 164 tasida muddat buzilgan boʻlsa, 375 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. 3 ming 26 ta davlat xizmatlari koʻrsatilishiga oid boshqa qonun buzilish holatlari aniqlanib, masʼul shaxslarga nisbatan taʼsir choralari qoʻllanilgan.
Qonun buzilish holatlari idoralar kesimida tahlil qilinganda hokimliklar tomonidan 3 ming 785 ta, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan 3 ming 991 ta, Qurilish vazirligining hududiy tuzilmalari va Davlat kadastrlar palatasi hududiy tuzilmalari tomonidan 2 ming 941 ta qonun buzilishi holati aniqlangan.
Shuningdek, 210 ta sogʻliqni saqlash sohasida, 411 tasida soliq organlari tizimida, 2 ming 227 tasida esa boshqa xizmat koʻrsatuvchi idoralar tomonidan qonun buzilish holatlari qayd etildi.
Boshqarma tomonidan vakolatli idoralarga 504 ta ogohnoma, 75 ta taqdimnoma kiritildi. 111 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 260 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanildi, deb xabar beradi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi matbuot xizmati.