Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 2-martdagi “2017–2021-yillarda Oʻzbekis ton Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan bu yil 1-apreldan boshlab oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlim platformalari ishga tushirildi.
Bunday platformalar, avvalo, talabalar uchun mutlaqo yangi formatda, yaʼni virtual muhitda taʼlim olish imkoniyatini yaratdi. Ushbu tizim mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari uchun yangilik boʻlgani sababli qator zamonaviy lo yihalarni amalga oshirish zarurligini koʻrsatdi. Shu bois, ushbu taʼlim platformasini yaratish jarayonida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, barcha oliy taʼlim muassasalarining masofaviy oʻqitish platformasi yaratilib, vazirlikning yagona portaliga birlashtirildi. Bu esa, OTMlarda masofaviy oʻqitish sifatini taʼminlash jarayonini monitoring qilish, oʻquv resurslaridan hamkorlikda foydalanish imkoniyatini berdi.
Ikkinchidan, OTMlarda oʻqitilayotgan 6 ming 102 ta fan boʻyicha masofaviy taʼlim resurslari yaratildi va har bir oliy taʼlim muassasasining masofaviy oʻqitish platformasiga joylashtirildi.
Uchinchidan, taʼlim yoʻnalishlari boʻ yicha oʻquv rejasidagi, barcha talabalar uchun umumiy boʻlgan fanlar asosida tayyorlangan videomaʼruzalar kiritildi. Ochiq taʼlim resurslarini yaratish uchun TAS-IX tarmogʻida maxsus videoportal ishga tushirildi. Hozirga qadar unga 400 dan ortiq videodars joylandi.
Toʻrtinchidan, talabalarning ilmiy va oʻquv adabiyotlariga ehtiyojini taʼminlash hamda kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun elektron kutubxona portali yaratildi. Undan 100 ga yaqin audiokitob, zamonaviy va klassik adabiyot namunalari joy oldi.
Beshinchidan, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda kunning muayyan vaqtida fanlar boʻyicha teledarslar oʻtkazish tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaxshilash uchun oliy taʼlim muassasalari umumiy qiymati 2 million 300 ming AQSH dollari boʻlgan sakson beshta zamonaviy server qurilmasi bilan taʼminlandi. Internet tezligi 1 Gbit/sekundgacha oshirildi.
AQSHning Coursera tashkiloti bilan hamkorlikda Coursera platformasidagi jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlarining 430 yoʻnalish boʻyicha uch ming sakkiz turdagi oʻquv kursl aridan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi. Hozir ikki mingdan ortiq professor-oʻqituvchi va talaba platformada roʻyxatdan oʻtib, oʻquv kurslarida onlayn taʼlim olmoqda.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari 195 ta zamonaviy server, 9100 ta kompyu ter qurilmasi hamda markazlashgan maʼlumotlar markazi (Data-sentr) bilan jihozlandi. Toʻqqizta oliy taʼlim muassasasida video studiya hamda 12 ta aqlli auditoriya tashkil etildi.
Masofaviy taʼlim sifatini taʼminlash uchun oliy taʼlim muassasalari, professor-oʻqituvchilar, talabalar hamda aloqa kanallari birdek tayyor boʻlishi lozim. Pandemiya tufayli taʼlim sohasiga masofaviy oʻqitish elementlarini kiritish jarayoni tezlashdi.
Oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yilidan kredit-modul tizimi joriy etildi. Xoʻsh, bu nima beradi?
Avvalo, yangi tizim talabalardan koʻproq mustaqil taʼlim olishni talab etadi. Mustaqil taʼlim faqat darslik yoki oʻquv qoʻllanmadan foydalanib tayyorlanishni emas, balki koʻplab axborot manbalarini oʻqishni taqozo qiladi.
Bugungi kunda taʼlim paradigmasi oʻzgarmoqda. Yetakchi xorijiy universitetlar ham variativ (gibrid shakl) taʼlim trayektoriyalarini, masofaviy kurslarni, oʻqitish texnologiyalarini tobora keng joriy etmoqda. Pandemiya sharoitida mamlakatimiz OTMlari ham maʼlum maʼnoda dastlabki tajribaga ega boʻldi.
Talabalar uchun imtiyozli internet trafigi
Masofaviy taʼlim degan bilan hamma talabalar ham internetdan foydalanishda bir xil imkoniyatga ega emas. Bunga asosiy sabab internet trafigining narxi bilan bogʻliq. Shu bois, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizdagi aloqa operatorlari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining masofaviy taʼlim platformalari va axborot tizimlariga kirishda bepul va boshqa taʼlim resurslaridan foydalanish uchun alohida imtiyozli trafiklarni taqdim etish choralari koʻrilmoqda.
Jumladan, “Uztelekom” milliy operatori jismoniy va yuridik shaxslar uchun “Taʻlim” tarif rejasini, shuningdek, maxsus internet-paketlar toʻplamini taqdim etdi. “Mobiuz” mobil aloqa operatori “Talaba+” imtiyozli tarif rejasini ishga tushirdi. Ushbu tarif rejasida oliy taʼlim muassasalarining masofaviy taʼlim resurslaridan foydalanish mutlaqo bepul.
Yangi oʻquv yilidan boshlab masofaviy taʼlim platformalaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida barcha oliy taʼlim muassasalaridagi internet tezligi 50 Mbit/sekunddan 1 Gbit/sekundgacha oshirildi. Jumladan, “Oʻzbektelekom” AK tomonidan “MinVUZ” tarif rejalari toʻplamiga oʻzgartirishlar kiritildi. Amaldagi tarif rejalarining 1 Mbit/sekund internet tezligiga toʻgʻri keladigan narx 61 ming 500 soʻmdan 7 ming 500 soʻmgacha, yaʼni 8,2 barobar kamaytirildi. Internet tezligi yettidan toʻqqiz barobargacha, TAS-IX va UZ-IX tarmoqlariga ulanish surʼati esa oʻndan yigirma besh barobargacha oshirildi.
Oʻtgan yili karantin davrida bitiruvchi kurs talabalari uchun bitiruvmalakaviy ishini onlayn yoqlash, diplomni ham masofadan turib olish imkoniyati yaratildi. Mamlakatimizda birinchi bor QR kodli diplomlar berildi.
Barcha maʼlumotlar elektron bazada jamlanadi
Yaqinda Prezidentimiz raisligida oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qogʻozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish haqida ham soʻz yuritildi.
Raqamli universitet loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarishda axborot tizimi” oliy taʼlim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va maʼlumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qogʻoz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirishda muhim ahamiyatga ega. U “Maʼmuriy boshqaruv”, “Oʻquv jarayoni”, “Ilmiy faoliyat” va “Moliyaviy boshqaruv va statistika” axborot tizimlarini oʻziga qamrab oladi. Oliy taʼlim jarayonini boshqarishda axborot tizimini joriy etishdan bir nechta maqsad koʻzlangan.
Oliy taʼlim muassasalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, tizimda oʻquv, ilmiy, maʼmuriy va moliyaviy jarayonlarni avtomatlashtirish, byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishining oldini olish va moliya viy xarajatlarni qisqartirish, talaba va ish beruvchi tashkilotlar oʻrtasida uzviylikni taʼminlash shular jumlasidan.
Loyihaning “Oʻquv jarayoni” va “Maʼmuriy boshqaruv” axborot tizimlarining dastlabki bosqichi 20202021 oʻquv yilida kredit-modul tizimiga oʻtkazilgan 43 ta oliy taʼlim muassasasida test rejimida joriy etilmoqda.
Axborot tizimida oliy taʼlim muassasalarining pedagog xodimlari, bakalavriat, magistratura talabalariga oid maʼlumotlar aks etadi. Ushbu tizim orqali har bir talaba oʻzining profili orqali fanlarning elektron resurslari, dars va nazorat jadvali, davomati va oʻzlashtirishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olishi mumkin. Ushbu axborot tizimini joriy etish orqali 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida talabalar reyting daftarchasi, guruh jurnalini bekor qilish rejalashtirilgan.
Masofadan malaka oshirish mumkin
Prezidentimizning 2019-yil 27-avgustdagi “Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2019-yil 1-sentyabrdan malaka oshirishning bevosita va kasbiy faoliyatga aloqador bilvosita shakllari amaliyotga joriy etildi.
Farmonga asosan, nafaqa yoshidagi, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda uch yoshga toʻlmagan farzandi bor ayol rahbar va pedagog kadrlar uchun qayta tay yorlash va malaka oshirish kurslari masofaviy shaklda amalga oshiriladi.
Masofaviy oʻqitishning onlayn video maʼruza, onlayn maslahat, onlayn nazorat shakllari 214 yoʻnalishdagi oʻquv rejasi va dasturlari asosida qayta koʻrib chiqilib, ilgʻor xorijiy tajriba bilan takomillashtirildi. Shuningdek, tinglovchilarning talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda, ularni qiziqtirgan mavzular yuzasidan vebinar maʼruzalar tashkil etilmoqda.
Hozir 8 turdagi serverlar orqali videokonferensiya oʻtkazish, barcha maʼlumotlarning har kunlik avtomatlashtirilgan zaxira nusxasini olish xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. Veb-serverlarda masofaviy taʼlim resurslari, elektron portfolio maʼlumotlari, mediaportal, maʼlumotlar bazalari joylashtirildi.
Tinglovchilarga qulaylik yaratish, videomaʼruzalar katalogini yuritish uchun mediaportal ishlab chiqildi, unga video maʼruzalarni joylashtirish tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Ilmiy salohiyatni oshirishdagi pillapoya
“Ilm-fan — 2020” milliy rivojlanish dasturi doirasida Niderlandiyaning “Elsevier” kompaniyasi qoshidagi Digital Commons dasturi koʻmagida mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarining nufuzli ilmiy jurnallari platformasini yaratish boʻyicha kelishuv imzolandi.
“Elsevier” kompaniyasi tomonidan yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarining 41 ta ilmiy jurnalini oʻzida birlashtirgan platforma yaratildi. Unda xolisona taqriz tizimi konfiguratsiyasi qoʻllanadi. Ilmiy maqolalar mualliflari hamda taqrizchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxfiy saqlanadi.
Mazkur platformaning yaratilishi mamlakatimiz olimlari ilmiy faoliya tining jahon ilm-fani bilan integratsiyalashuviga xizmat qiladi. Mahalliy ilmiy nashrlarning sifati va raqobatbardoshligini oshiradi. Eng muhimi, xalqaro talablar asosida sifatli platformalar yaratish orqali Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi ilmiy va taʼlim markaziga aylanishi yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻyildi.
Hamkorlik doirasida ilmiy jurnallar muharrirlarini tayyorlash, muvofiqlashtirish va sertifikatlash ishlari olib boriladi. Nashrlarning dizayni va logotipi ishlab chiqiladi. ISSN talab qilinadigan roʻyxatga olish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish ishlari bajariladi hamda xalqaro talablar darajasida ilmiy maqolalarning raqamlashgan arxivi yaratiladi. Bu saʼyharakatlar davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida oliy taʼlim muassasalari rahbarlari uchun belgilab bergan toʻrt ustuvor vazifaning uchinchisi — oliygohlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Yusuf ABSOATOV,
oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari









