Lekin shunisi aniqki, ular barcha sohada, xususan, taʼlimda tizimli oʻzgarishlarni boshlab bermoqda. Masalan, oʻqitish ja­rayonining individuallashishi, oʻquv nati­jalarini tezkor tahlil qilish imkoniyati kengayishi, oʻquvchi bilim va koʻnikmalarini avtomatik baholash mexanizmlari yaratili­shi aynan sunʼiy intellekt bilan bogʻliq. Bu esa anʼanaviy “ommaviy oʻqitish” modeli­dan shaxsga yoʻnaltirilgan, moslashuvchan va natijaga qaratilgan taʼlim tizimiga oʻtish uchun mustahkam zamin yaratyapti.

Jahon miqyosida kuzatilayotgan global tendensiyalar taʼlim muassasalarida ra­qamli transformatsiya jarayoni jadal ke­chayotganini koʻrsatmoqda. Biroq hozirgi davr faqat yangi texnologiyalarni joriy etish bi­lan cheklanib qolmaydi. Pedagoglar oldiga kasbini mustahkamlab borish, ertangi taʼ­lim yoʻlida koʻnikmalar hosil qilish kabi vazifalarni qoʻymoqda. Chunki texnologiya oʻz-oʻzidan taʼlim sifatini kafolatlamaydi. Uning samarasi, avvalo, pedagogning bilim darajasi, tayyorgarligi va ongli qoʻllash madaniyatiga bogʻliq. Shubhasiz, bunda peda­gogning sunʼiy intellekt savodxonligi mu­him ahamiyat kasb etadi. Sunʼiy intellekt savodxonligi esa pedagogning bunday texno­logiyalarni faqat texnik jihatdan bilishi emas, balki ularni anglash, ishlatish, tahlil qilish va taʼlim jarayoniga integratsiya qila olish kabi qobiliyatiga tayanadi.

Qayd etganimizdek, hozir sunʼiy in­tellekt taʼlim jarayonining deyarli barcha boʻgʻiniga kirib bordi. Baholash tizimlari takomillashtirilyapti. Talabalarning oʻquv faoliyati real vaqt rejimida tahlil etilib, individual taʼlim yoʻllari shakllanmoqda. Raqamli oʻquv kontentini yaratish jarayoni tezlashyapti. Bu jarayonda eng muhim oʻzga­rish texnologiyalarda emas, balki pedagog­ning oʻzida namoyon boʻlmoqda. Endi oʻqituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki tahlilchi, raqamli taʼlim jarayonlarini boshqaruvchi, sunʼiy intellekt vositalaridan samarali foydalana oladigan metodist hamda tala­baning texnologiyalardan toʻgʻri, ongli va masʼuliyatli foydalanishini taʼminlovchi mentor sifatida maydonga chiqmoqda. Shu maʼnoda, sunʼiy intellekt pedagog uchun tah­did emas, balki uning kasbiy imkoniyatlari­ni kengaytiruvchi kuchli vositadir.

Sunʼiy intellekt savodxonligi peda­gogning professional samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Dars rejala­rini ishlab chiqish, oʻquv materiallarini tayyorlash, test va nazorat ishlarini tahlil qilish, taʼlim natijalarini monitoring qilish kabi maʼmuriy va metodik jarayonlar raqamlashtirilishi professor-oʻqituvchi­larning vaqtini tejaydi. Natijada pedagog ilmiy tadqiqot ishlariga, innovatsion peda­gogik yondashuvlarni joriy etish hamda ta­labalar bilan mazmunli muloqot oʻrnatishga koʻproq eʼtibor qaratadi.

Shu bilan birga, sunʼiy intellekt sa­vodxonligi talabalar bilan oʻzaro aloqani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. SI asosidagi tahlil vositalari orqali ta­labalarning qiyinchiliklari va ehtiyojlari oʻz vaqtida aniqlanib, ularga individual pedagogik yordam koʻrsatish imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa talabalarning oʻquv motiva­siyasini oshirish, mustaqil taʼlimga qizi­qishini kuchaytirish va taʼlim jarayonida faol ishtirokini taʼminlaydi.

Sunʼiy intellektni taʼlimga tizimli va strategik asosda joriy etgan davlatlar kam emas. Misol uchun, AQSH, Janubiy Ko­reya, Singapur, Buyuk Britaniya va Xitoy taʼlim siyosatida sunʼiy intellekt ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab olingan. Ushbu davlatlar tajribasi SI texnologiyalari taʼlim sifatini oshirishi, pedagogik meh­nat samaradorligini taʼminlashi va inson kapitalini rivojlantirishi mumkinligini amalda isbotlab bermoqda. Ayniqsa, yetakchi universitetlar misolida sunʼiy intellekt taʼlimini tashkil etishning turli, ammo oʻzaro toʻldiruvchi modellari shakllanganini koʻrish mumkin. Masalan, AQSHning Kali­forniya universitetida sunʼiy intellekt dasturlari informatika bilan cheklanib qolmaydi. Tibbiyot, biomuhandislik, iq­tisodiyot va ijtimoiy fanlar bilan chuqur integratsiya qilingan holda amalga oshirila­di. Bu yondashuv SIni alohida fan sifatida emas, balki turli sohalarda qoʻllaniladigan universal instrument sifatida oʻzlashtirish imkonini beradi. Talabalarda amaliy va so­haviy kompetensiyalarni shakllantiradi.

Buyuk Britaniyaning Kembrij universite­ti tajribasida esa SI fundamental tayyor­garlik va ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilgani bilan ajralib turadi. Bu yerda chuqur nazariy bilimlar, algoritmik tafakkur va mustaqil ilmiy izlanish koʻnikmalarini shakllanti­rishga alohida eʼtibor qaratiladi. Natija­da bitiruvchilar mavjud texnologiyalardan unumli foydalanish barobarida yangi ilmiy gʻoyalar va innovatsion yechimlar yarata oladi­gan mutaxassislar sifatida tayyorlanadi.

Xitoyning Fudan universitetida sunʼiy intellekt taʼlimi davlat siyosati, milliy raqamli transformatsiya strategiyasi va sa­noat ehtiyojlari bilan uzviy bogʻlangan hol­da tashkil etilgan. Bu model taʼlim, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, mehnat bozori talablariga mos, amaliy koʻnikmalarga ega kadrlar tayyor­lashga xizmat qilmoqda.

Xalqaro tahlil natijalariga koʻra, sunʼiy intellektdan foydalanish oʻqi­tuvchilarning maʼmuriy va takrorlanuvchi ishlarga sarflaydigan vaqtini oʻrtacha 40 foizgacha qisqartirmoqda. Shu bilan bir­ga, SI asosida shakllantirilgan adaptiv oʻquv usullari talabalarning oʻzlashtirish samaradorligini 3 baravargacha oshiryap­ti. Ayrim ilgʻor universitetlarda sunʼiy intellekt nafaqat yordamchi vosita, balki taʼlimni boshqarishning muhim elemen­ti sifatida ham qoʻllanilmoqda. Xususan, SI tizimlari dars jadvallarini opti­mal tarzda tuzish, talabalarning murakkab mavzularni oʻzlashtirish darajasini, oʻquv jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni oldindan tahlil qilish va har bir talabaga individual tavsiyalar berish vazifalarini bajarmoqda. Bu esa taʼlimni boshqarishda inson omili bilan bogʻliq xatolarni kamay­tirish va qaror qabul qilish sifatini oshi­rishga xizmat qiladi.

Xalqaro tajriba yana bir muhim xulosani ilgari suradi: sunʼiy intellektga asoslan­gan taʼlim raqamli koʻnikmalarni rivoj­lantirish orqali milliy iqtisodiyotga ham toʻgʻridan toʻgʻri ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Taʼlim tizimida SIdan samarali foyda­langan mamlakatlarda innovatsion fikrlay oladigan, raqamli kompetensiyalarga ega va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash surʼati sezilarli darajada oshgan.

Oʻzbekiston uchun ham ushbu tajribalar­ni mexanik ravishda koʻchirish emas, balki milliy sharoit, demografik imkoniyatlar va taʼlim islohotlarining ustuvor yoʻnalish­laridan kelib chiqqan holda oʻz modelini yaratish maqsadga muvofiqdir. Yoshlar soni koʻpligi, ularning raqamli texnologiyalarga qiziqishi yuqoriligi va davlat tomonidan taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bunda mustahkam poyde­vor yaratadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, xalqaro tajribani chuqur oʻrganish, uni mil­liy taʼlim siyosati bilan uygʻunlashtirish va pedagoglar uchun SI savodxonligini izchil rivojlantirishga Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining strategik vazifalaridan biri sifatida qaralishi lozim.

Kasbiy faoliyatni quvvatlaydi

Oliy taʼlim tizimida sunʼiy intel­lekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich va maqsadli joriy etish jarayoni, avvalo, pe­dagoglarning ushbu sohadagi tayyorgarligi, amaliy imkoniyatlariga bogʻliq. Shu bois, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqot­lari markazi tomonidan raqamli trans­formatsiya jarayonlarini hisobga olgan holda shakllantirilgan “Pedagoglar uchun SI savodxonligi modeli” metodik yonda­shuv sifatida taklif etilmoqda. Mazkur model raqamli transformatsiya sharoitida pedagoglarning sunʼiy intellektga oid bi­lim va koʻnikmalarini izchil boyitadi, shu bilan birga, ularning kasbiy faoliyatini yengillashtirib, samaradorligini oshiradi.

Model Oʻzbekiston taʼlim tizimining real imkoniyatlari, mavjud infratuzilma va kadrlar salohiyatini hisobga olgan hol­da ishlab chiqilgan boʻlib, uni joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Aso­siy eʼtibor sunʼiy intellektni taʼlim sifatini oshirish, professor-oʻqituvchilar faoliyatini optimallashtirish va talaba­lar uchun moslashtirilgan taʼlim muhitini shakllantirishga xizmat qiluvchi pedagogik vosita sifatida qoʻllashga qaratilgan. Shu bilan birga, model bunday texnologiyalar­dan masʼuliyatli, xavfsiz va etik foydala­nish tamoyillariga tayanadi.

Model oʻzaro bogʻliq toʻrt bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda pedagoglar sunʼ­iy intellekt mohiyati bilan tanishtirilsa, ikkinchi bosqich dars jarayonida undan foy­dalanishga yoʻnaltirilgan. Uchinchi bosqich esa sunʼiy intellektni pedagogik jarayonga chuqur kiritishni nazarda tutsa, toʻrtinchi bosqich akademik halollikni taʼminlash, shaxsiy maʼlumotlar maxfiyligini saqlash, pedagogik masʼuliyatni kuchaytirish hamda sunʼiy intellekt bilan bogʻliq ehtimoliy xavf-xatarlarni boshqarish masalalarini qamrab oladi. Ayniqsa, talabalar SIdan noqonuniy yoki maqsadsiz foydalanishi ho­latlarining oldini olishda pedagogning ro­lini aniq belgilab beradi.

Mazkur modelning asosiy afzalligi shundaki, u zamonaviy pedagogik faoliyatni qoʻllab-quvvatlaydi. Yaʼni model sunʼiy intellektni oʻqituvchining oʻrnini bosuvchi vosita sifatida emas, balki uning kasbiy salohiyatini kuchaytiruvchi, tahliliy va me­todik imkoniyatlarini kengaytiruvchi resurs sifatida qarashga asoslanadi.

Oʻzbekiston sharoitida ushbu modelni joriy etish oliygohlarda sunʼiy intellekt savodxonligini tizimli ravishda shakllan­tirish, taʼlim sifatini oshirish va raqamli jamiyat talablariga mos pedagoglar avlodi­ni tayyorlashda muhim qadam boʻlishi mumkin.

Eʼtibor qaratish zarur boʻlgan jihatlar

Bugungi kunda oliy taʼlimda raqamli transformatsiya, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga uygʻunlashuv jarayoni jadal kechmoqda. Bunday sharoitda sunʼiy intellektdan samarali va masʼuliyatli foy­dalanish oʻquv dargohlari raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Shu bois, avvalo, professor-oʻqituvchilar uchun sunʼiy intellekt boʻyicha majburiy va bosqichli malaka oshirish dasturlarini jo­riy etish zarur. Har bir pedagog yil davo­mida kamida 24 soatlik SI modulidan oʻti­shi, bu jarayonda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy keyslar, fanga mos qoʻllanish misollari va etik meʼyorlar bilan tanishishi lozim. Bu oʻqituvchilarda SIdan foydalanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida sunʼiy in­tellekt laboratoriyalari va innovatsion may­donlarni tashkil etish maqsadga muvofiq. Bunday laboratoriyalar talabalar, magistrantlar va yosh tadqiqotchilar uchun amaliy tajriba oʻtkazish, ilmiy-amaliy loyihalar­ni ishlab chiqish hamda startap tashabbus­larni qoʻllab-quvvatlash imkonini yarata­di. Ayniqsa, hududiy oliygohlarda bunday markazlarni bosqichma-bosqich tashkil etish kadrlar salohiyatini hududlar kesimida ri­vojlantirishga yordam beradi.

Taʼlim jarayonida akademik halollikni taʼminlash uchun SI asosidagi monitoring tizimlarini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Plagiat, sunʼiy intellekt orqali mus­taqil ish va nazorat topshiriqlarini noqo­nuniy bajarish kabi holatlarni aniqlash va oldini olish boʻyicha aniq mexanizmlar ish­lab chiqilishi lozim. Bu, bir tomondan, taʼ­lim sifatini muhofaza qilsa, ikkinchi to­mondan, talabalarda halollik va masʼuliyat hissini shakllantiradi.

Sunʼiy intellekt yordamida taʼlim si­fatini monitoring qilish tizimini joriy etish zarur. Bunda oʻquv jarayoni, talabalar­ning faolligi, oʻzlashtirish darajasi va taʼ­lim natijalari real vaqt rejimida tahlil etilib, rahbariyat va pedagoglar uchun asosli qarorlar qabul qilish imkoni yaratiladi.

Milliy taʼlim muhitini hisobga olgan holda oʻzbek tilida sunʼiy intellektga oid oʻquv-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish kechiktirib boʻlmas vazifadir. Har bir fan va yoʻnalish boʻyicha SIdan foydalanish im­koniyatlarini tushuntiruvchi, amaliy misol­lar bilan boyitilgan metodik qoʻllanmalar pedagoglar va talabalar uchun qulay resursga aylanishi kerak. Bu jarayonda milliy qad­riyatlar, til va madaniyatni saqlash masala­lariga alohida eʼtibor qaratilishi shart.

Kelajak pedagogikasi bugundan boshla­nadi. Sunʼiy intellekt esa taʼlimni al­mashtiruvchi texnologiya emas, pedagogning kasbiy salohiyatini kuchaytiruvchi, uning imkoniyatini kengaytiruvchi samarali vo­sitadir. Zamonaviy bilimdonlik belgisi, raqobatbardoshlik mezoni va mamlakatning intellektual taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim omildir. Shunday ekan, bu borada qan­cha koʻp bilsak, shuncha foydali. Sunʼiy intel­lekt oʻqituvchini maʼmuriy yukdan ozod etadi. Oʻquvchi-talabani fikrlashga undab, shaxsiy kamoloti yoʻlida ishlashga yoʻnaltiradi. Na­tijada taʼlim jarayonida inson omili, maʼ­naviy tarbiya va intellektual rivojlanish uygʻunlashadi. Demak, sunʼiy intellektni anglagan, undan samarali foydalanadigan va uni taʼlim manfaatlari yoʻlida toʻgʻri boshqa­ra oladigan pedagoglarni tayyorlash bugungi kunning eng muhim talabidir.

Abduvali XOLIQOV,

Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi direktori