Ana shunday bebaho meros sohiblaridan biri, shubhasiz, Alisher Navoiydir. Uning asarlarida farzand tarbiyasi masalasi alohida bob sifatida ajratib koʻrsatilmagan boʻlsa-da, deyarli barcha axloqiy, falsafiy va ijtimoiy qarashlari aynan tarbiya mavzusiga borib taqaladi. Shoir nazdida tarbiyali avlod — adolatli jamiyat va barqaror davlatning asosiy kafolati. Komil insonni voyaga yetkazish — jamiyatni isloh qilishning eng ishonchli va uzoq muddatli yoʻli. Shu maʼnoda, Navoiyning qarashlari yangi Oʻzbekistonning inson qadriga asoslangan taraqqiyot gʻoyalari bilan hamohang.
Alisher Navoiy nazarida tarbiya — inson hayotidagi eng muhim jarayon. Shoir bolalikda berilgan tarbiya insonning feʼl-atvori, dunyoqarashi va jamiyatdagi oʻrnini butun umr davomida belgilab berishini chuqur anglagan. Shu sababli tarbiyani kechiktirib boʻlmaydigan va beparvolikka yoʻl qoʻyilmaydigan masʼuliyatli vazifa deb biladi. Allomaning fikricha, inson tugʻiliboq yaxshi yoki yomon boʻlib qolmaydi, balki uni shakllantiradigan asosiy omil muhit va tarbiyadir. Agar bola mehr, odob va halollik muhitida ulgʻaysa, kelajakda jamiyatga foydali inson boʻlib yetishadi. Aksincha, befarqlik va qoʻpol munosabat hukmron boʻlgan muhit farzandning dunyoqarashini izdan chiqaradi.
Shuningdek, hazrat tarbiyani inson taqdirini belgilovchi asosiy mezon sifatida talqin qiladi. Uning qarashlarida tarbiya shunchaki shaxsiy masala doirasidan chiqib, ijtimoiy masʼuliyat darajasiga koʻtariladi. Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida bunday yozadi: “Agar tarbiya boʻlmasa, tabiatdagi yaxshi xislat ham soʻnadi”. Bu fikr insondagi ijobiy imkoniyatlar faqat toʻgʻri tarbiya orqaligina yuzaga chiqishini anglatadi. Navoiy fikricha, agar tarbiya kechiktirilsa yoki eʼtiborsiz qoldirilsa, jamiyatda axloqiy inqiroz yuzaga kelishi muqarrar.
Buyuk adib ota-onani farzandning nafaqat moddiy taʼminotchisi, balki uning axloqiy qiyofasini shakllantiruvchi shaxs sifatida koʻradi. Shoirning mashhur hikmatlaridan birida “Farzand koʻrganini qilur, eshitganini emas” degan fikr ilgari suriladi. Mazkur qarash bugungi pedagogik psixologiyada ilgari surilayotgan “ibrat orqali tarbiyalash” modeliga toʻliq mos keladi. Zotan, Navoiy ota-onaning shaxsiy xulqi farzand tarbiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini salkam olti asr oldin taʼkidlagan edi.
Ulugʻ mutafakkir ota-onani oʻz xulqi, soʻzi va muomalasiga masʼul boʻlishga chaqiradi hamda bolaga pand-nasihat qilishdan avval oʻzimiz tarbiyali boʻlishimiz lozimligini eslatadi. Ota-onaning halolligi farzandning vijdoni, ota-onaning sabri esa farzandning matonati boʻlib shakllanadi.
Hazrat Navoiy ilmni insonni yuksakka koʻtaruvchi eng buyuk kuch deb bilgan boʻlsa-da, uni odob-axloqdan ayro holda aslo tasavvur qila olmagan. “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Ilm birla boʻlmasa adab, ul ilm jaholatdin yomon” degan purmaʼno satrlari mutafakkirning bu boradagi qarashlarini yaqqol ifodalaydi. Navoiyning uqtirishicha, tarbiyasiz olingan bilim jamiyatga foyda keltirish oʻrniga xavf tugʻdirishi mumkin. Shu bois, yosh avlodga nafaqat ziyo tarqatish, balki maʼnaviy jihatdan butun va yetuk inson etib voyaga yetkazish gʻoyat muhim.
Shoir inson xulqini tarbiyaning oʻzagi va poydevori deb biladi. Uning nazdida goʻzal xulq — insonning eng oliy ziynati. “Mahbub ul-qulub” asarida bu haqda: “Yaxshi xulq — inson ziynati, yomon xulq — balo”, deya taʼkidlanadi. Navoiy kibr, manmanlik va nodonlikni jamiyatni ichidan yemiruvchi illat sifatida qattiq qoralaydi. Uning eʼtiroficha, bolalikdan kamtarlik va goʻzal odob ruhida tarbiya topgan farzand kelajakda jamiyat muvozanatini saqlovchi katta kuchga aylanadi.
Alloma asarlarida halol mehnat tarbiyaning eng mustahkam ustuni sifatida ulugʻlanadi. Mehnat inson qadrini oshiradi va jamiyatda munosib oʻrin egallashiga xizmat qiladi. Shoirning “Halol mehnat bila topilgan luqma jonni pok etur” degan hikmati fikrimizning yorqin isbotidir. Navoiy mashaqqatsiz va mehnatsiz boylik orttirishni maʼnaviy tubanlik deb baholaydi. Shu sababli farzandni yoshligidanoq mehnatsevarlik, masʼuliyat va sabr-toqat ruhida chiniqtirish zarurligini taʼkidlaydi.
Tarbiyada mehr-muhabbatning oʻrni beqiyos ekanini Navoiy bot-bot uqtiradi. Inson qalbini jazo yoki zoʻravonlik bilan emas, faqat samimiy muhabbat bilan zabt etish va tarbiyalash mumkin. Uning “Koʻngulni sindurma, koʻngul Xudo uyidur” degan soʻzlari tarbiyada insonparvarlik va ruhiy nazokat birlamchi boʻlishi kerakligini anglatadi. Mutafakkir qoʻpol munosabat bolaning maʼnaviy dunyosini jarohatlashini chuqur his etgan.
Bugungi globallashuv va shiddatli axborot asrida farzand tarbiyasi har qachongidan ham murakkab jarayonga aylandi. Ayni shu pallada Alisher Navoiy oʻgitlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan mayoq sifatida bizga yoʻl koʻrsatadi. Uning gʻoyalari zamonaviy pedagogika va maʼnaviy qarashlar bilan hamohang. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining markazida inson qadri va kamoloti turgan bir paytda Navoiyning tarbiya xususidagi oʻlmas gʻoyalari bugungi maʼnaviy hayotimiz uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Nodir GʻAFFOROV,
filologiya fanlari doktori, professor