Haqiqatan ham bu dehqon qadrini ulugʻlash, uning mehnatini munosib ragʻbatlantirish va mahsulot hajmini oshirishdagi eng toʻgʻri yoʻli hisoblanadi. 38 yildan buyon qishloq xoʻjaligida, uning 20 yilga yaqinini fermerlik sohasida ishlash bilan oʻtkazgan boʻlsam, fermer va dehqonning manfaatdorligi mahsulot ishlab chiqarish hajmi, sifatining oshishiga bevosita bogʻliqligini oʻz tajribamdan yaxshi bilaman.

Gʻallachilikda bu yoʻnalishdagi islohotlarga uch yil oldin kirishilgan edi. Puxta tayyorgarlikdan keyin shu mavsumdan boshlab gʻallakorlar yetishtirgan hosiliga oʻzlari egalik qiladigan va birja narxlarida sotadigan boʻldi.

Fermer xoʻjaligimiz misolida oladigan boʻlsam, ixtiyorimizdagi 90 gektar maydonning 58 gektariga gʻoʻza, 30 gektariga gʻalla va 2 gektar maydonda soya yetishtiryapmiz. Paxta va gʻalla hosilini klaster korxonalari xarid qilishsa, soya hosili uchun qayta ishlovchi muassasalar bilan shartnoma imzolaganmiz. Daromadlarimiz hisobidan xorijdan naslli qoramollar keltirib, chorvachilik tarmogʻini tashkil etdik.

Gʻallachilikka kelsak, oʻtgan yili 30 gektar maydondan 70 sentnerdan hosil oldik. Shartnomaga asosan, don kombinatiga 1550 soʻmdan 100 tonna gʻalla topshirgan boʻlsak, yana shuncha mahsulot xoʻjaligimiz ixtiyorida qoldi. Lekin ochigʻini tan olish kerak, uni sotishdan tushadigan mablagʻ yoqilgʻi, mineral oʻgʻit, ishchi kuchi va boshqa xarajatlarga sarflanib, fermerning manffatdorligi boʻlmasdi. Yaʼni, fermerlar gʻallaning oʻrniga takroriy ekin ekishdan umidvor boʻlib qolardi.

Davlatimiz rahbari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida xuddi shu masalaga baho berar ekan: “Bozorda 4 million soʻm boʻlgan bugʻdoyni kombinatlar yarim narxiga olgan, fermerlar shularga bogʻlanib qolgan. Oʻrtadagi farq pora va oʻzlashtirish shaklida kimlarningdir choʻntagiga kirgan. Don kombinatlari rahbarlarini qancha jazolasak, qamasak ham foydasi yoʻq, chunki tizimni oʻzgartirish shart. Gʻallaning xarid narxini ikki barobar oshirdik.

Dehqon hosildorlikdan manfaatdor boʻlsin, yetishtirgan hosilini istagan joyiga sotsin, raqobat boʻlsin. Raqobat boʻlsa, hosildorlik oshishi uchun ishtiyoq oshadi, sohaga ilm, yangi navlar kirib keladi”, – dedi va shu paytgacha ochiq aytolmay kelgan muammolarimizni shu tariqa hal qilib berdi.

Prezidentimizga fermerlar muammosini yaxshi bilib, eski tizimni oʻzgartirgani, gʻalla xarid narxini oshirish orqali bizning manfaatdorligimizni taʼminlab berganligi uchun rahmat. Bu yil ham xoʻjaligimizda 30 gektar maydondagi gʻalladan 70-75 sentnerdan hosil olishni rejalashtiryapmiz. Davlat resurslari uchun yoʻnaltirladigan 110 tonna gʻallaga oʻtgan yilgiga nisbatan ikki karra koʻp narxda haq toʻlanadi. Shu narxda xarid qilingan bugʻdoy oyma-oy birjaga chiqariladi, agar narxlar oshsa, fermerlarga oʻrtadagi ijobiy farq ham toʻlab beriladi. Bu jarayonda donni omborda saqlaganlik va birja savdolari uchun toʻlanadigan toʻlovlardan ozod etiladi. Shu kabi oʻzgarishlar va yengilliklar tufayli xoʻjaligimizda gʻalladan 400 million soʻm daromad olishni koʻzlab turibmiz.

Bu daromad aslida hosildorlikni oshirish, mahsulot hajmini koʻpaytirishga xizmat qiladi. Misol uchun, avval gektar boshiga hosildorlik 70 sentnerni tashkil etgan boʻlsa, keyingi yildan 80-90 va yaqin istiqbolda 100 sentnerga yetkazishni niyat qilyapmiz.

Tajribamda yuz bergan holatlar tufayli tanlangan yoʻlning qanchalik toʻgʻriligini yana bir karra his etib turibman. Yashirishning hojati yoʻq, 4-5 yil avval fermer xoʻjaliklari gʻoʻza maydonining maʼlum qismiga boshqa daromadli ekinlar ekishga urinishardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilikda katta islohotlar oʻtkazilib, sohada klaster tizimi joriy etildi. Birinchilar qatorida tumanimizda “Maroqand sifat” klaster korxonasi tashkil etildi. Natijada paxta xomashyosining davlat xaridi erkin narxga oʻtdi. Bu fermerlarga katta manfaat keltirdi.

Klaster tizimining afzalligi tufayli mahsulotni yuqori narxda sotish, vaqtida kerakli mablagʻni olish imkoni bor, Hattoki, bir necha yil oldin bankdan katta foiz evaziga kredit olib, joriy etiladigan tomchilatib sugʻorish tizimini klaster korxonasi foizsiz 4 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan xoʻjaliklarga oʻrnatib bermoqda. Fermer bu tizimdan, paxtachilikdan manffat koʻrgani uchun maydonni qisqartirish tugul imkon qadar koʻproq yerga gʻoʻza ekishga harakat qilmoqda. Chunki paxta xomashyosini qancha koʻp topshirsa, shuncha koʻp manfaatdor boʻladi.

Hozirda gʻallachilik tarmogʻida ham klaster tizimi rivojlanyapti. Qolaversa davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan donni sotish va xarid qilish narxi erkinlashmoqda. Shunday ekan, endilikda gʻallachilik tarmogʻi ham daromadli yoʻnalishga aylanadi.

Zaynab HAYDAROVA,

Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Mehnat-rohat”

fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor