Ushbu jarayon Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga koʻra, bosqichma- bosqich amalga oshiriladi.
Davlat MTT larining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ilgari eʼlon qilingan sana 15-iyundan emas, balki 1-avgustdan ochilayotganligiga sabab, MTT faoliyati tiklanganidan soʻng uning tarbiyalanuvchilari va xodimlari xavfsizligini yuqori darajada taʼminlash uchun qator choralarni koʻrish bilan bogʻliq boʻlib, ularga jumladan quyidagilar kiradi:
- 6 000 dan ziyod davlat MTT larini kuchdagi “Oʻzbekiston Respublikasida MTT lar faoliyatini tashkil etish, taʼminlash va ish tartibi boʻyicha Sanitariya — gigiyena talablari” SanPiN 0355-18 norma va qoidalariga koʻra yuvish, antiseptik va dezinfeksiya vositalari, shuningdek masofadan ishlovchi pirometrlar va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash;
- 2020-yil martida MTTlar faoliyati toʻxtatilayotgani bois, oziq-ovqat mahsulotlari buzilib qolishining oldini olish maqsadida barcha omborlar boʻshatilganligini inobatga olgan holda, oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berish;
- oʻquv yili boshlanishiga MTT larda taʼmirlash, ular hududini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, MTT lar faoliyati toʻxtagan davrda, u erda ishchilar boʻlmaganligi sababli qoniqarsiz koʻrinishga kelib qolgan daraxtlarni butash, ekinlarni parvarishlash, oʻyin maydonchalarini tartibga keltirish;
- MTT lar binosi va hududini dezinfeksiya qilish, sanitariya- epidemiologiya osoyishtaligi hududiy Markazlari bilan hamkorlikda ularning tayyorgarligini koʻrikdan oʻtkazish;
- karantin davrida moliyalashtirish toʻxtatilganligini inobatga olgan holda, MTT ochilishiga tayyorgarlik koʻrish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni jalb etish borasidagi ishlarni rejaviy amalga oshirish;
- MTT larga qaytayotgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtishi uchun sharoit yaratish;
- “qizil” hududlarda yashovchi tarbiyalanuvchilarning kelishi va xodimlarning ishga jalb etilishi bilan bogʻliq xatarlarni pasaytirish( aholi va MTT xodimlari uchun noqulayliklar minimal darajada boʻlishi sharti bilan)borasidagi masalalarni hal qilish.
Maktabgacha taʼlim vazirligi avvalo bolalar manfaatlari yoʻlida va ular rivojlanishi uchun bexatar muhit yaratish maqsadida harakat qilishini yana bir bor eslatib oʻtadi.
Ayni damda MTV tomonidan butun Respublika boʻyicha ota-onalar fikri oʻrganilmoqda va shu yoʻl bilan hozirgi epidemiologik holatda bolalarini bogʻchaga yuborishni xohlamayotgan oilalar aniqlanmoqda. Pandemiya sharoitida maʼlum MTT lardagi ota -onalar toʻla tarkibda bolalarini bogʻchaga yuborishni istamasalar alohida MTTlarning ushbu ota- onalar aʼzoligidagi Kuzatuv kengashi tomonidan tashkilot faoliyatini tiklashga ehtiyoj yoʻqligi haqida qaror qabul qilinadi.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan davlat MTTlaridan farqli oʻlaroq, xususiy bogʻchalar faoliyati tiklanishiga joriy yil 15-iyunidan ruxsat berilishi, maʼlum noroziliklarga sabab boʻlganligi hech kimga sir emas. Bunday qaror qabul qilinishida xususiy MTT larda guruhlar soni chegaralanganligi, guruhlardagi tarbiyalanuvchilar soni kam boʻlib, koʻp sonli bolalarning bir yerda toʻplanib qolmasligi, ularda sanitariya-epidemiologik talablar asosida faoliyatni tezkor yoʻlga qoʻya olish imkoniyati kattaligi inobatga olingan.
Shuning bilan birga, ayni vaqtda, Maktabgacha taʼlim va Sogʻliqni saqlash vazirliklari hamkorligi, “YUNISEF” xalqaro bolalar fondi qoʻllovida ishlab chiqilgan va yakuniy kelishuv bosqichidagi “COVID-19 pandemiyasi sharoitida maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha vaqtinchalik Nizomni tasdiqlash” yakuniy kelishuv bosqichida boʻlib, unga koʻra koronavirusga qarshi kurash Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 2- iyundagi 27- sonli majlis protokoliga koʻra quyidagilar ishlab chiqildi :
- COVID -19 pandemiyasi davrida MTT lar faoliyatini tashkil etish boʻyicha vaqtinchalik Nizom;
- MTT tarbiyalanuvchisining qonuniy vakillari imzosi uchun blanka shakli;
- MTTlarda ishlatiladigan yuvish va dezinfeksiya vositalarining ishlatilish normalari;
- tonggi filtr uchun jurnal shakli.
Ushbu qarorda koʻrsatilgan qoidalarga koʻra davlat va nodavlat MTT larida:
- barcha xodimlar sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi hududiy Markazlari xodimlari tomonidan sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi qoidalar va choralar normasi bilan tanishtirilishi va tayyorgarlikdan oʻtishi lozim;
- MTT rahbarining bolalar xavfsizligini taʼminlash haqidagi kafolat xati hamda sanitariya- epidemiologiya osoyishtaligi hududiy Markazlarining qarori boʻlgandagina MTT lar faoliyati qayta tiklanishiga ruxsat beriladi;
- MTT xodimlari tibbiy niqob taqishi va ijtimoiy masofani saqlashlari shart hisoblanadi;
- MTT hududida profilaktik dezinfeksiya ishlari muntazam oʻtkazib turilishi shart;
- xodimlar va tarbiyalanuvchilarda tana harorati yuqori boʻlganda, yaʼni u 37˚ dan oshiq boʻlsa, shuningdek oʻtkir respirator infeksiyasi belgilari( tomoq ogʻrishi, yoʻtal, holsizlik va h.k) kuzatilganda ularning MTT ga kelishlari taqiqlanadi;
- oilada yoki muloqot doirasidagilar orasida COVID-19 aniqlangan boʻlsa tarbiyalanuvchini MTT ga olib kelmaslik, bu haqda darhol MTT dagilarga xabar berish lozim;
- MTT hududiga kirmaslik, bolani masʼul xodimga topshirish soʻraladi;
- MTT joylashgan hududda epidemiologik holat yomonlashgan holatlarda sanitariya- epidemiologiya osoyishtaligi hududiy Markazlari tomonidan MTT faoliyati toʻxtatiladi.
Sizlardan talab etilayotgan profilaktik choralarga amal qilish,oʻzingiz yoki farzandingizda koronavirus belgilari kuzatilganda oʻz vaqtida MTT rahbariyati va xodimlariga xabar berish, oʻz sogʻligʻingiz xavfsizligini taʼminlash, atrofdagilarni infeksiya yuqishidan asrash uchun darhol shifokorga murojaat qilishga chaqiramiz, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.