Din ishlari bo'yicha qo'mita haj safari bo'yicha jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi

    Dolzarb 1 May 2023 3439

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj ibodatini tashkil etish to'g'risida reklama va e'lonlar ko'paymoqda.

    Mazkur xabarlarda haj safariga jo'natishga oid yangiliklar, to'lovlarni qabul qilish shakli va ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risida asossiz ma'lumotlar taqdim etilmoqda.

    Ta'kidlash kerakki, yurtimizda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.

    Mazkur hujjat asosida tuzilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha Jamoatchilik Kengashi a'zolari qatorida ushbu muqaddas ibodatlarni uyushtirish bevosita Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklangan.

    Mazkur tashkilotlarga Haj va Umra mavsumida ziyoratchilarning sog'-salomat va ibodatlarini to'la-to'kis bajarib kelishini ta'minlash maqsadida, Saudiya Arabistonidagi tegishli vazirliklar bilan ziyoratchilarga xizmat ko'rsatuvchi muassasalar, mehmonxonalar, transport va oziq-ovqat korxonalari bilan shartnomalar tuzish vakolati berilgan.

    Shu bois, Haj va Umra mavsumlarida diyorimiz ziyoratchilarini kuzatish va kutib olish ishlarini tashkil etish, shu jumladan ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga borishi, u erda bo'lishi va u erdan qaytib kelishlari Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.

    Qayd etish kerakki, Saudiya Arabistoni qonunchiligiga ko'ra ham, haj safari dunyo davlatlarining vakolatli tashkilotlari bilan mazkur mamlakatning Haj va umra vazirligi o'rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.Mazkur kelishuvlar asosida tashkil etilmagan haj ziyoratiga urinish ushbu ulug' amalning eng muhim ruknlari bo'lmish – Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatini bermaydi.

    Saudiya Arabistoni hududida haj tartiblarini buzish esa ushbu mamlakat qonunchiligi asosida chora ko'rilishiga olib keladi. SHu bois, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi

    Mazkurlar tomonidan haj ibodatini tashkil etishga urinish esa amaldagi qonun hujjatlariga ziddir.

    Shuningdek, muborak safarlarga noqonuniy yo'llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 AQSH dollari) miqdorida jarima solishga olib kelishi haqida ogohlantiramiz.

    Biz ibodatlaringiz mukammal, safaringiz xavfsiz va xotirjam bo'lishi tarafdorimiz. Sizdan turli aldovlarga uchmasdan, hukumat ko'magida tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli safarni ado etishni tavsiya etamiz, deyiladi bayonotda.