Qonun bilan vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari doirasi aniq belgilab berilmoqda. Diniy tashkilotlar faoliyatining qoʻshimcha kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan quyidagilar bekor boʻlmoqda:

▫️fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi cheklov;
▫️diniy taʼlim mussasalarida diniy taʼlim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi;
▫️diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi;
▫️diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yigʻinlari roziligini olish talabi bekor boʻlmoqda.

Qonunda diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillari tubdan yengillashtirilmoqda:

▫️diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirilmoqda;
▫️diniy tashkilotni tuzish haqidagi yigʻilish oʻtkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda;
▫️taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqarmoqda;
▫️roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xizmatlar toʻliq elektron koʻrinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda;
▫️diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;
▫️roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.

Diniy tashkilotning faoliyati faqatgina sud tomonidan toʻxtatib qoʻyilishi mumkinligi, mansabdor shaxslar tomonidan diniy tashkilotlarning qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganda ular davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi va boshqa qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda eʼlon qilingach kuchga kiradi.