Diniy idorada “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi ochildi!

    Mamlakatimizda 9 Avgust 2021 6096

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasida “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi ochildi.

    Ushbu boʻlim Oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari, ilmiy maktablar, tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida faoliyat yuritayotgan “Qurʼoni karim va tajvid” kurslarining faoliyatini muvofiqlashtirish, boshqarish va rivojlantirish kabi ishlar bilan shugʻullanadi.

    Shuningdek, “Qurʼoni karim va tajvid” kurslari ustozlarini tayyorlash, mavjudlarini suhbatdan oʻtkazish, ularning mahoratlarini tizimli oshirib borish va Qurʼon taʼlimini oʻrgatishdagi eng ilgʻor uslublarni qoʻllashda amaliy koʻmak beradi, deya xabar beradi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.

    Mazkur yangi tashkil etilgan “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi mudiri vazifasiga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori, qiroat ilmi ustozi, mudarris, sergʻayrat olim Alijon qori Fayzulloh Maxdum oʻgʻli Haydarov tayinlandi.

    Eslatib oʻtamiz, Prezidentimiz “Qurʼonni eshitish, eshita olish yuksak maʼnaviyat, maʼrifat. Qurʼon hech qachon yomonlikka daʼvat qilmaydi. Agar Qurʼoni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu – muvaffaqiyat boʻladi. Elimizga nur keladi!”, degan edilar.