Majlisda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini kafolatlashda mustahkam zamin boʻldi. 2017-yildan keyin fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini amalga oshirish, konfessiyalararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha ishlar yangicha mazmun kasb etdi.
Davlat tarixiy, diniy, madaniy ahamiyatga ega binolarni obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ziyorat turizmini sifatli tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Oʻzbekiston uchun haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratiga kvotalar toʻliq bekor qilindi. Natijada Saudiya Arabistoniga qariyb 800 ming musulmonlar haj va umra ziyoratini amalga oshirish uchun borishdi.
Diniy taʼlim tizimi rivojlanishiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 4 ta oliy islom taʼlim muassasasi, 10 ta oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat koʻrsatmoqda.
2018-yilda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Ilmiy-amaliy yondashuv asosida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirlar merosini oʻrganish, diniy taassublar bilan bogʻliq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʻrsata boshladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qoʻyish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga boʻlgan huquqlarni cheklashga qaratilgan gʻoya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda.
Ayni paytda tashabbus qilingan hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini taʼminlash va Oʻzbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilmoqda.
Hujjatga koʻra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni va dunyoviylikni taʼminlashdan iborat.
Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Konsepsiyaning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, dunyoviylikni turlicha talqin qilinishini hamda buzilishining oldini olishga, mamlakat aholisining, ayniqsa yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqining totuvligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Konsepsiya loyihasi va uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi. Shuningdek, uni keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish borasida tegishli qaror qabul qilindi.
Qonunchilik palatasi rasmiy saytida eʼlon qilinadi.