Dohada O‘zbekiston madaniyat kunlari bo‘lib o‘tmoqda

    Xalqaro hamkorlik 25 Sentabr 2022 1630

    Joriy yil 24 sentyabridan 5 oktyabriga qadar Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tadi.

    Mazkur yirik anjuman O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi va yordami hamda O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi va “Katara” madaniyat jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

    Madaniyat kunlari O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi hamda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilmoqda.

    Kecha mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston hunarmandlari mahsulotlarining sotuv-ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Anjumanda “Katara” madaniyat jamg‘armasi bosh direktori professor Holid bin Ibrohim as-Sulayti, O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Bahrom Aʼloyev, O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev va Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saʼad al-Qaddumi so‘zga chiqdi.

    So‘zga chiqqanlar Dohada O‘zbekiston madaniyati kunlarining yuqori darajada tashkil etilganligini taʼkidladi. Bu yirik anjuman O‘zbekistonning boy madaniy va ilmiy merosini, sanʼatini, turistik salohiyatini xalqaro maydonda, xususan, arab-musulmon dunyosida keng targ‘ib qilish, respublikada barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan xalqaro hamjamiyatni yaqindan tanishtirish uchun muhimligi qayd etildi.

    Milliy hunarmandchilik O‘zbekistonda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan xalq badiiy va amaliy sanʼatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi urg‘ulandi. So‘nggi yillarda hunarmandchilikni rivojlantirishga davlat tomonidan alohida eʼtibor berib kelinmoqda, jumladan, mamlakat Prezidentining tashabbusi va takliflari bilan qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

    Madaniyat kunlarining o‘tkazilishi O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning rivojlanishi hamda respublikamizga kelayotgan xorijiy sayyohlarning sonini oshirish uchun muhim ekanligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ko‘rgazmada respublikamizning turli viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ustalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma doirasida o‘zbek hunarmandchiligi va respublikamiz turistik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar tashkillashtiriladi, o‘zbek hunarmandlari mahorat saboqlari o‘tkazadi.

    Shu kuni Qatar opera teatrida taniqli kompozitor va dirijyor Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining konserti tashkil etildi.

    Jahon va milliy musiqalari, opera va zamonaviy estrada yo‘nalishlaridan tarkib topgan konsert dasturi tomoshabinlarga to‘la zalda anshlag tarzida o‘tdi.