Qayd etilishicha, bu loyiha Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Britaniyaning eng qadimiy anʼanaviy sanʼat maktabi — King jamgʻarmasi (KFSTA) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
"KFSTA koʻp yillardan buyon dunyoning turli burchaklaridan kelgan ustalarga meʼmorchilik, naqsh, xattotlik va amaliy sanʼat sirlarini oʻrgatib kelayotgan maskandir. Endilikda bu boy tajribadan Oʻzbekistonda ham bahramand boʻlish imkoni paydo boʻlmoqda.
“Naqsh” maktabining birinchi oʻquv yili besh kursdan tashkil topadi. Dastlabki mashgʻulotlar Toshkentda, 2-bosqich Samarqandda — Ulugʻbek madrasasida oʻtkazilib, talabalar XV asr yodgorliklari misolida islom sanʼatiga oid naqshlarni oʻrganadilar.
Qadimiy hunarlar zamon bilan hamnafas boʻlayotgani, ustalar esa ularni avloddan avlodga yetkazish uchun ilhom olayotgani quvonarli hol", — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.








