Endi esa Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining loyihasi bilan Qoʻqon shahridagi Xalqaro Hunarmandchilik muzeyida Ozarbayjon milliy hunarmandchiligi, qoʻl mehnatiga doir namunalar joylashgan doimiy burchagi, milliy stendining ochilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi rahbariyati, Qoʻqon shahar hokimi, davlat va jamoat vakillari, ziyolilar, oliy taʼlim muassasasi talabalari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Dastavval tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Qoʻqon shahar hokimi Maruf Usmonov Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi yuksak saviyali munosabatlar, soʻnggi yillarda qilinayotgan aloqalar haqida gapirdi. U Qoʻqon shahrining qadimiy tarixi, bu yerda hunarmandchilik, qoʻl mehnati sanʼatining keng rivojlanganini va har ikki yilda bir bu shaharda oʻtkaziladigan Xalqaro Hunarmandchilik festivali doirasida 70 dan ortiq oʻlka hunarmandlarining ishtirok etganini bildirib oʻtdi.
Hokim joriy yil oʻtkazilgan festival doirasida ochilish marosimi tashkil qilingan Xalqaro Hunarmandchilik muzeyida dunyoning turli oʻlkalaridan — Xitoy, Indoneziya, Eron, Qozogʻiston, Hindiston va boshqa mamlakatlarning mashhur hunarmandlari tayyorlagan qoʻl mehnatlari, hunarmandchilik namunalari joylashganini aytib, muzeyda endi Ozarbayjon hunarmandchiligiga oid eksponatlarning ham doimiy ravishda namoyish qilinishini bildirdi.
Tadbirda chiqish qilgan Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining direktori Samir Abbosov davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgani, madaniy aloqalarning kuchayishi borasida qilingan ishlar haqida soʻz yuritdi. Diplomat Oʻzbekistonning Qoʻqon shahrida yaratilgan muzeyda “Haydar Aliyev yili” munosabati bilan Ozarbayjon qoʻl mehnatiga, hunarmandchiligiga oid qiziqarli eksponatlarning koʻrgazmasi har yil bu shaharga tashrif buyuruvchi millionlab turistlarning va anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan festival ishtirokchilarining orasida milliy madaniyatimizning keng targʻibotiga imkon yaratishini bildirdi.
Diplomat Oʻzbekistonning Fargʻona viloyatidagi ikki shaharning – Qoʻqon shahri va Ozarbayjonning Shaki shahri, Rishton bilan Ismoyilli shahri qardosh shahar boʻlganini qayd etdi va bu maqsad bilan Oʻzbekistonning bu viloyati ila Ozarbayjon shaharlari orasida aloqalarning inkishofiga ahamiyat berilganini, eʼtibor qaratilganini taʼkidlab oʻtdi.
Chiqish qilgan boshqa ishtirokchilar – Qoʻqon Xalqaro Hunarmandchilik muzeyi direktori Xayrulla Zokirov va Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi Fargʻona viloyati rahbari Rasul Mirzaahmedov tashkil etilgan Xalqaro muzeyda yaratilgan burchakda Ozarbayjonning qadim tarixi, boy madaniyati, hunarmandning isteʼdodini namoyon etgan hunarmandchilik namunalarining, eksponatlarning doimiy namoyishi muzeyning oʻzbek ziyoratchilaridan tashqari, Qoʻqonga tashrif buyuruvchi koʻp sonli turistlar uchun ham qiziqarli, foydali boʻlishini bildirib oʻtdilar.
Ochilish lentasi kesilganidan keyin, Ozarbayjon hunarmandchiligiga oid milliy stend koʻzdan kechirildi.
Qoʻqon shahridagi Xalqaro Hunarmandchilik muzeyida yaratilgan Ozarbayjon burchagida Ozarbayjon gilamlari, kashtachilikka oid ishlar, yogʻoch oʻymakorligiga doir buyumlar namoyish etiladi.
Ozarbayjon Madaniyat Markazi tomonidan burchakka, 130 yillik tarixga ega Ozarbayjonning Qorabogʻ gilami, xalqimizning kashtachilikka mansub eng qadimiy turi – takalduz (kashtachilik namunasi), ipakdan tikilgan ayollar bosh kiyimi – kalagʻayilar (uzun roʻmol turi), yogʻoch oʻymakorligi asosida tayyorlangan tarixiy Ichari shahar va Shusha qalʼasining tasvirlari aks etgan portretlar, Ozarbayjon bayrogʻi aks etgan xaritamiz, milliy kiyimdagi qoʻgʻirchoqlar, milliy naqshlar bilan bezatilgan va xalqimizning choy madaniyatini aks ettirgan eksponatlar, maxsus dizayn asosida misdan tayyorlangan qadimiy chiroqning maketi va boshqa eksponatlar hadya etildi.
Bundan boshqa milliy burchakda ulugʻ yoʻlboshchi Haydar Aliyevning yogʻochga chizilgan rasmi va imzosi, Ozarbayjon milliy musiqa asboblari va raqslari, xalq oʻyinlari – kurash sanʼati, gilam toʻqigan Ozarbayjon ayoli, mugʻom (maqom) ijro etgan uchlikni aks ettiruvchi yogʻoch va plasmassadan tayyorlangan maxsus maketlar ham namoyish etiladi.
Koʻrgazmada Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi bilan oʻzbek tiliga tarjima qilingan mumtoz adabiyot namoyandalari – Nizmoy Ganjaviy, Imomaddin Nasimiy, Muhammad Fuzuliy, Mulla Panoh Voqif, Xurshidbonu Notavon va boshqalarning asarlari ham taqdim etildi.
Eslatib oʻtamiz, Ozarbayjon hunarmandchiligiga, qoʻl mehnatiga doir ushbu koʻrgazma Dunyodagi Ozarbayjonliklarning Birdamlik kuni va Yangi yil bayramiga qadar davom etadi. Koʻrgazma tugagach, undagi barcha eksponatlar doimiy ravishda Qoʻqondagi Xalqaro Hunarmandchilik muzeyi inventariga topshiriladi.
Muzeyda boshqa oʻlkalarning stendlari kabi doimiy tarzda Ozarbayjon stendi, hunarmandchilik buyumlari burchagi ham faoliyat koʻrsatadi.