Dori allergiyasi inson hayotiga zomin bo'lishi mumkin

    Salomatlik 18 Dekabr 2022 3742

    Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova jiddiy masalani ko'tarmoqda.

    — Dori allergiyasi to'satdan boshlanib, inson hayotini jiddiy xavf ostida qoldiradi. Xususan, Layella sindromi, avvalo, teri qatlami va shilliq qavatlarni zararlaydi. Bemorlarning butun badanini toshmalar qoplaydi.

    Kasallikning ilk bosqichi ko'zlarning achishishi, bosh, mushak va teridagi og'riqlar, tana harorati ko'tarilishi, holsizlik kabi belgilar bilan boshlanadi.

    Ikkinchi bosqichda yuz, oyoq va qo'llarda og'riq beruvchi qizil toshmalar paydo bo'lib, ular bora-bora ko'k-kulrang tusdagi qabariqchalar shakliga kiradi.

    Uchinchi bosqichda tana bo'ylab pufakchalar hosil bo'ladi. So'ng ular yorilib, jarohatlar yuzaga keladi. Bu bosqichda og'riqlar kuchayadi. Badan terisi ikkinchi yoki uchinchi darajali termal kuyish ko'rinishiga o'tadi. Xastalik og'iz bo'shlig'i, ko'z kon'yunktivasi, jinsiy a'zolar, nafas olish va ovqat hazm qilish a'zolariga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi.

    To'rtinchi bosqichda bemorda tashnalik, bosh og'rig'i, uyquchanlik, xotira susayishi kuchayadi.

    Xastalikning eng og'ir shaklida alomatlar 3-4 soat ichida rivojlanib, toshmalar tananing 80-90 qismini egallaydi. Bundan ichki organlar ham zararlanib, miya faoliyati buziladi. Bemorlarning 95 foizi ana shu ilk belgilar boshlanganidan so'ng bir necha kun o'tib hayotdan ko'z yumadi.

    Layella sindromining o'tkir shaklida jarayon birmuncha sekinroq kechadi. Bora-bora yurak, jigar, o'pka va buyraklar ishdan chiqib, taxminan 15-20 kundan keyin bemorlarning 60 foizi vafot etadi.

    Kasallikning oddiy shaklida toshmalar tananing 50 foizdan kamroq qismini qoplaydi va 1-2 oy o'tib, organizm tiklanadi.