Qoʻlimda aviachipta. Ertaga Istanbulga uchaman – Turkiyaning Osiyo va Ovroʻpani tutashtirib turgan qadim va navqiron shahriga. U yerda “8th Istanbul publishing Fellowship” — 8-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari” tadbiri boʻlib oʻtishi va men bir qancha hamrohlarim bilan shu tadbirda ishtirok etishim kerak.
Tun yarmidan oshgan. Bedorman. Odatim shunaqa, olis safar oldidan uyqum qochadi. Bu gal ham shunday boʻldi. Beixtiyor Xoja Ahmad Yassaviy bobomizning Turkiyadagi buyuk izdoshi Yunus Emroning “Oʻlmas koʻngil” kitobini qoʻlimga oldim. Bu kitob Oʻzbekiston Prezidenti soʻzboshisi bilan yaqindagina nashrdan chiqqan edi. Dastlab koʻzim tushgan satrlarni pichirlab oʻqidim:
Mening tilim qush tilidir,
Mening qoʻlim Doʻst qoʻlidir.
Men bulbulman, Doʻst gulimdir,
Doʻstlik gulim soʻlmas mening...
Satrdan satrga, sheʼrdan sheʼrga koʻchib, mutolaa zavqi bilan vaqt oʻtganini, tong yorishganini ham sezmay qolibman...
Koʻnglimga yorugʻ tuygʻu, hayajon bergan shoir ruhiga duoi xayrlar qilib, yoʻlga otlandim. Safardoshlarim – Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Gʻayrat Bozorov va boshqa doʻstlarimiz allaqachon yetib kelishgan ekan. Roʻyxatdan oʻtdik, yuklarimizni topshirdik. Nasib etsa, yaqin daqiqalarda bulutlarni pastda qoldirib, qaydasan, Istanbul, deya parvoz qilamiz.
Bundan oldin, yaʼni 2022-yil 8-10-mart kunlari oʻtkazilgan “7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari” xalqaro anjumanida ham yurtimiz vakillari ishtirok etishgan. Unda 2023-yil oʻtkaziladigan tadbirda mamlakatimizga “Alohida eʼtibor qaratilgan davlat” maqomi berilgan va ramziy estafeta yorligʻi topshirilgan edi. Masʼuliyat ham shunga yarasha boʻldi, “8th Istanbul publishing Fellowship” tadbiriga chamasi bir oylar tayyorgarlik koʻrildi. Xalqimizning buyuk adabiyoti va sanʼatini targʻib etish ishlari, noshirlar va ular nashr etgan kitoblar koʻrgazmasi, hunarmandlar va ularning buyumlari namoyishi, tadbirda oʻqiladigan maʼruzalar matni va mavzu koʻlami, qisqasi, eng kichik masalalargacha hech narsani nazardan qochirmaslikka harakat qildik...
Uchoq Istanbul aeroportiga kelib qoʻndi. Turk qardoshlarimiz bizni “merhaba”, “gunaydin” deya alqov soʻzlari va ochiq chehra bilan kutib olishdi. Aeroport shahardan bir oz olisda, chamasi 30-40 daqiqalarda “Windsor” mehmonxonasiga yetdik. Tekis va ravon yoʻlning ikki chetidagi daraxtlar va gullar ajib bir manzara kasb etgan. Axborot-ishora belgilari aniq va tartib bilan berilganki, turk tilini ozgina bilgan odam ham adashmay manziliga yetib oladi.
Mehmonxonaga joylashib, yengilgina tushlik qilib, tadbir boʻlib oʻtadigan manzilga yoʻl oldik. Yurtimizdan borgan noshirlar kitoblar, hunarmandlar esa sanʼat buyumlarini koʻrgazmaga chiroyli qilib tayyorlab qoʻyishganini koʻrib xursand boʻldik, xotirjam tortdik. Anjuman uchun tanlangan joy XVIII asr oʻrtalarida qurilgan boʻlib, ikki yuz yildan koʻproq vaqt harbiylarning istehkomi sifatida xizmat qilgan ekan. Hozir kutubxonaga aylantirilgan bu goʻsha tarixga qiziqadigan, kitobni sevadigan har qanday kishining eʼtiborini tortadi.
Kutubxonaga aylagan harbiy istehkom
Ziyo maskani Istanbul shahrining Ayyub Sulton tumanidagi qadimiy Ramiy mahallasida joylashgani tufayli Ramiy kutubxonasi deb nomlangan. Koʻchaning shundoqqina yuzida joylashgan kutubxona hovlisiga qadam qoʻyar ekansiz, chinakamiga moziyga tushasiz, qoʻyasiz. Otlarning dupuri, askaru zobitlarning shaxdam qadam tovushlari eshitilgandek boʻladi. Taʼmirchi ustalar ishiga qoyil qolmaslikning iloji yoʻq. Hovli va uning atrofidagi binolar bir qarashda oʻzimizdagi Koʻkaldosh madrasasini eslatadi.
Tarixiy maʼlumot: usmoniylar sulolasining oʻttizinchi sultoni Mahmud Ikkinchi (1784-1839) 1826-yili yanicharlar polkini tarqatib yuborib, oʻrniga musulmonlardan iborat armiya tashkil etadi. Ramiy qishlogʻi askarlar uchun kazarma sifatida tanlanadi. Sulton Mahmud Ikkinchi 1828-29 yillarda yuz bergan Turk-Rossiya urushining harbiy va maʼmuriy boshqaruvini shu kazarmadan turib amalga oshirgan. Oʻtgan asrning 70-yillariga kelib bino oziq-ovqat bozoriga aylantiriladi. Oqibatda tarixiy inshoot juda abgor holga tushadi. 2010-yilda Istanbul dunyo madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinishi munosabati bilan Turkiya Prezidentining koʻrsatmasiga binoan tarixiy shamoyilini saqlab qolgan holda taʼmirlanadi. Qurilish ishlari 10 yildan ortiq davom etgan bino zamonaviy kutubxonaga aylantiriladi. Joriy yil boshida uning ochilishi marosimi boʻlib oʻtdi va unda Turkiya Prezidenti, qator davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi.
Kutubxona deyapman-u, bir jihatdan u tarixiy muzeyga ham oʻxshab ketadi. Xattotlik sanʼatining eng nodir namunalari sifatida asrab kelinayotgan muqaddas Qurʼon va hadis kitoblari, turli davrlarda yozilgan qoʻlyozma va toshbosma asarlar, zobitu askarlarning qurol-aslahalari kabi tarixiy ashyolar sayyohning ham, kitobxonning ham eʼtiborini birdek tortadi. Kutubxona dam olish kunisiz kechayu kunduz 24 soat davomida kitobxonlarga xizmat qiladi. Oʻquvchilarga bepul choy, qahva va shoʻrva tarqatiladi. 36 ming kv/m yopiq maydonga ega kutubxona, aytishlaricha, shu jihatidan dunyoning uchinchi eng katta kutubxonasi hisoblanar, 51 ming kv/m yashil maydonga egaligi bilan esa dunyoda birinchi oʻrinda turar ekan.
Kutubxona hovlisidagi gullar, daraxtlar, landshaft dizayn kishi bahri dilini ochadi. Ichkariyu tashqariga qoʻyilgan 4200 dan ortiq oʻrindiq kitobxonlar bilan toʻla. Asosan, yoshlar – talabalar, oʻquvchilar. Havasing keladi. Bir vaqtlar bu joylar harbiy istehkom boʻlganiga ishonging ham kelmaydi. Ammo lozim boʻlganki, bir zamonlarda bu inshoot vatan mudofaasi uchun harbiy istehkom vazifasini oʻtagan, mantiqan olib qaraganda, uning bugungi vazifasi ham aynan shunday maqsadga — Vatan mudofaasiga, uning tinchligi, daxlsizligi, taraqqiyoti uchun munosib posbon boʻla oladigan ilmu maʼrifat ahli uchun xizmat qilmoqda.
Kutubxona sayohati davomida yana bir holat meni hayratga soldi. Bu yerda uch yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallangan boʻlim ham bor ekan. Bu yerda bolakaylar aslo zerikishmaydi, chunki ular uchun 10 mingga yaqin kitob va koʻrgazmali material mavjud. Bolalar oʻyingohi, kino va teatr namoyishxonalari, bepul Wi-Fi – barchasi kitobxonlar uchun. Universitetga tayyorgarlik koʻradigan yoshlar uchun bepul test sinovlari ham taqdim etiladi.
Ramiy kutubxonasi koʻplab tadbirlar oʻtkazish mumkin boʻlgan madaniyat markazi sifatida ham faoliyat yuritadi. Biz buning guvohi boʻldik. Shu yilning 6-8-iyun kunlari boʻlib oʻtgan “8th Istanbul publishing Fellowship” anjumaniga 37 mamlakatdan 214 kishi bevosita ishtirok etgan boʻlsa, 55 davlatdan 196 kishi onlayn qatnashdi. Birgina yurtimizdan oʻttizga yaqin nashriyot-matbaa xodimi va ijodkor bordi. Ochilish marosimida Gʻayrat Bozorov soʻzga chiqib, mamlakatimizda kitob va kitobxonlikka berilayotgan yuksak eʼtibor, noshirlik sohasida erishilayotgan natijalar, xususan, yurtimizda oʻtkazib kelinayotgan “Tashkent book fest” festivalining yildan yilga nufuzi oshib borayotgani haqida soʻzladi va Meksika vakillariga “Alohida eʼtibor qaratilgan davlat” maqomi – ramziy estafeta yorligʻini topshirdi.
Shundan soʻng men va taniqli shoir Muhiddin Omon yurtimizda ijod ahliga berilayotgan eʼtibor, Adiblar xiyoboni, ijod maktablari, yoshlarimizning koʻp ming nusxada ilk kitoblari nashri va ularning umumtaʼlim maktablari hamda kutubxonalarga bepul tarqatilishi haqida soʻzlab berdik. Kitob aksiyalari doirasida kitoblarning bepul tarqatilishi, “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildligi nashri bilan bogʻliq xushxabarlar barchani quvontirib yubordi. Ayniqsa, yosh ijodkorlarga berilayotgan eʼtibor va ijod maktablari bilan bogʻliq tajriba xalqaro anjuman ishtirokchilarini hayajonga soldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Milliy bogʻi yaqinida Prezident kutubxonasi qurilishi rejalashtirilgani, uning Adiblar xiyoboni va bogʻdagi boshqa maʼnaviy-maʼrifiy obyektlar bilan yaxlit majmuaga aylanishi kutilayotgani, 4 qavatli bu maskan bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod kitobxonga xizmat koʻrsata olishi, kutubxonada 1 million 500 mingta kitob saqlanishi bilan birga elektron adabiyotlar, multimedia mahsulotlari ham boʻlishi haqida aytganimizda, oʻtirganlarning koʻzlari chaqnab ketdi. Hatto yigʻilishdan soʻng bir nechta davlat vakillari kelib, bu haqda koʻproq maʼlumot bering, Oʻzbekistonda adabiyot sohasidagi islohotlar haqida oʻzimizda ham targʻibot olib boramiz, deganlar boʻldi. Kutubxona, bosmaxona, nashriyot xodimlari bilan tadbirlar davomida tashkil etilgan uchrashuvlar tajriba almashish, ijodiy tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash, yangi-yangi asarlar tarjimasi va nashrini birgalikda yoʻlga qoʻyish singari maqsad va rejalar amaliyotiga qaratildi.
Ramiy kutubxonasi mudiri Ali Chelik bilan uzoq suhbatlashdik.
– Kutubxonamiz dunyodagi eng katta va eng goʻzal kutubxonalardan biridir, – dedi u faxr bilan. – U 40 tildagi 2 milliondan ziyod kitob fondiga ega. Unda markaziy osiyolik allomalarning qoʻlyozma asarlari ham alohida oʻrin egallagan. Bu yerda uchta yirik restavratsiya ustaxonasi bor. Saksonga yaqin mutaxassis restavrator, mikrobiolog, kimyogarlar qimmatbaho qoʻlyozmalar asl holida saqlanishiga masʼul. Erta-indin yangi nashrlardan iborat oʻzbek boʻlimini ham ochamiz. Shu kunlarda ikki yuz ellik yillik tarixga ega kutubxonamiz binosining YUNESKO tomonidan dunyo madaniy merosi roʻyxatiga kiritilishi uchun kerakli hujjatlarni tayyorlayapmiz. Bu amalga oshsa, kutubxonamizning nufuzi yana ham yuksaladi. Darvoqe, kutubxonadan nafaqat mahalliy, balki xorijiy kitobxonlar ham bemalol foydalanishi mumkin.
Kutubxona mudiri soʻzlarini tinglar ekanman, beixtiyor oʻz yurtimiz haqida oʻylab ketdim. Bizda 12,5 mingdan ortiq kutubxona faoliyat yuritadi. Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi esa qadimiy ziyo oʻchogʻi boʻlib, 1870-yilda tashkil etilgan. Hozir 8 milliondan ortiq asar fondiga ega, tasarrufida 200 ta kutubxona bor. Milliy kutubxona haqiqiy xazinaning oʻzi. Undagi qoʻlyozma va toshbosma nashrlarni koʻrganman. Talabalik paytimda ustoz Boyboʻta Doʻstqorayev rahbarligida 1922-yilda nashr etilgan, bor-yoʻgʻi ikki soni chiqib, keyin toʻxtab qolgan “Haqiqat” jurnali faoliyatini oʻrganganman. Jurnalni toʻliq hozirgi alifboga oʻgirganman. Oʻshanda xayolimdan oʻtgan – bu joy misoli dengiz, ichi toʻla duru marjonlar, asl gʻavvoslarni kutib turibdi...
Ijodkor boʻlganim uchun Turkiyadagi kutubxonalar soni bilan ham qiziqdim. Turkiya Statistika instituti maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda 34 557 ta kutubxona faoliyat yuritadi. Ulardagi kitoblar soni sakson millionga yaqin. Turkiya chop etilayotgan kitob nomlari boʻyicha dunyoda yettinchi, adadi jihatidan oʻninchi oʻrinda turadi. Birgina oʻtgan yili 80 ming nomda 800 million nusxada kitob nashr etilgan. Turkiyaning viloyatlar markazi va tumanlarda Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli 1258 ta xalq kutubxonasi faoliyat yuritmoqda.
Bular birgina Ramiy kutubxonasida boʻlib oʻtgan tadbirlar bahonasida olgan taassurotlarimiz. Ushbu tadbirlarda ishtirok etgan nashriyot-matbaa xodimlari qancha-qancha yangiliklar olishdi. Dunyoning turli chekkalaridan kelgan ishtirokchilar bizdan, biz ulardan nimalarnidir oʻrgandik. Fursati bilan bularning barchasi yurtimizda ham, albatta, tatbiq etiladi.
Shahar boʻylab sayohat
Men uch marta Turkiyaga taklif etilganman. Ammo ikki martasida turli sabablarga koʻra borish nasib etmagan. Hozir esa, Oʻziga shukur, dunyoning istalgan mamlakatiga hech bir toʻsiqlarsiz borib-kelish imkoniyati bor. Bu ham davlatimizda yuritilayotgan oqilona siyosat natijasi. Xullas, bu yurt meni hamisha ohanrabodek oʻziga tortib kelgan. Gazeta-jurnal, kitoblarda oʻqiganimdek, Istanbul oʻzimizning Samarqandga oʻxshagan qadim tarixga ega shahar ekan. Har ikki shahar ham oʻz vaqtida mamlakat poytaxti boʻlgan. Har ikkisi ham hozir maʼmuriy poytaxt boʻlmasa-da, davlat uchun eng katta mavqe va maqomga ega shaharlar hisoblanadi. Istanbulda tarixiy yodgorliklar – qadimiy masjidlar, maqbaralar, madrasa binolari, muzeylar koʻp. Barchasini koʻrib chiqish uchun bir oy kamlik qiladi-yov. Ammo biz gʻanimat ikki-uch kundan unumli foydalanishga harakat qildik. Shu oʻrinda aytib oʻtishim kerak, bu borada menga yaqin doʻstim, “Azon.uz” internet nashrining Turkiyadagi muxbiri, isteʼdodli shoir Abdulaziz Muborak katta yordam berdi, ziyoratlar chogʻida hamrohlik, aniqrogʻi, yoʻlboshchilik qildi. Undan minnatdorman.
Istanbul nafaqat turkiy dunyo, balki butun dunyo sayyohlari eʼtiboridagi manzil hisoblanadi. Geografik joylashuvi, iqlim sharoitiga koʻra dunyoning hech bir mintaqasida uchramaydigan goʻzal tabiati bor. Osiyo va Yevropa qitʼalarini birlashtirgan Bosfor boʻgʻozi shu yerda...
Aytishlaricha, Istanbul soʻzi Islombul, yaʼni “Islom taxti” soʻzlaridan kelib chiqqan ekan. Bu taxmin haqiqatga yaqin. Men Muhammad salollohu alayhi vasallamdan: “Albatta Qustantaniya fath etilajak, uning amiri qanday ham yaxshi amir va uni egallaydigan qoʻshin qanday ham yaxshi qoʻshindir”, degan mazmundagi hadisni oʻqiganman. Shu bois, bu joyni fath etish koʻplab sahoba, xalifayu sultonlarning orzusi boʻlgan. Bu baxt esa 1453-yil 21 yoshli sulton Muhammad Soniyga nasib etadi. Shundan soʻng u Fotih Sulton nomini oladi. Darvoqe, shahar nomini Sulton Muhammad Fotih oʻzgartiradi. Va biz bilgan Istanbulga aylanadi.
Istanbulga kelgan har bir sayyoh Toʻpqopi saroyini koʻrmay qaytmaydi. Toʻpqopi Sulton Ahmad va Ayo Sofiya masjidlari bilan yonma-yon joylashgan. Bu Samarqanddagi Registon majmuasiga oʻxshamasa-da, negadir yurtimizdagi tarixiy obidalarni eslatdi. Salkam 400-yil davomida (1465-1853-yillarda) turk sultonlarining qarorgohi boʻlgan Toʻpqopi saroyi bugungi kunda muzeyga aylantirilgan. Muzeyga kirdik. Men hazrat Paygʻambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassalam bilan bogʻliq boʻlim sari oshiqdim. U yerga kirishingiz bilan ruhingiz ajib bir sukunat ogʻushida qoladi. Tilovatdan koʻnglingiz huzur qiladi. Oʻzingiz ham beixtiyor salovot ayta boshlaysiz. Har bir ashyo sizni hayratlantiradi. Koʻzingizga yosh keladi. Axir, siz sarvari koinot Muhammad alayhissalom, ul zotning oila ahllari, sahobalariga tegishli eng nodir ashyolarni oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz-da.
Muzeyda 10 ming 700 ta eksponat – osori-atiqa saqlanadi. Jahonning eng mashhur muzeylaridan biri hisoblanmish Toʻpqopi saroy-muzeyida madaniyat yodgorliklari: qadimiy qoʻlyozmalar, qimmatbaho xattotlik namunalari, xitoy va yapon chinnilari, qurol-yarogʻlar, sultonlarning kiyim-boshlari, hamma-hammasi koʻz qorachigʻidek saqlanmoqda.
Toʻpqopi saroyi, Ayo Sofiya va Sulton Ahmad masjidlari ziyoratidan soʻng Sulaymoniya masjidi tomon yurdik. Bu ham Istanbuldagi eng muhtasham tarixiy jomeʼlardan biri. Ushbu yodgorlik tevaragida naqshbandiya tariqati pirlarining qabrlari bor. Sulton Sulaymon va Xurram Sultonning ham qabri shu yerda.
Mirzo Ulugʻbekning sadoqatli izdoshi Ali Qushchi bobomiz hamda ulugʻ tasavvufshunos olim, naqshbandiya tariqati piri Mahmud Asʼad Joʻshon hazratlarining qabrlari ham shu yerda ekan.
Istanbulda tarixiy yodgorliklar koʻp. Biz koʻrganlarimiz Ayo Sofiya majmuasi, Ayyub Sulton maydoni, Fotih, Sulaymoniya, Ayyub Ahmad, Yangi jomeʼ, Yovuz Sulton Salim kabi qadimiy masjidlar haqida fursati kelganda yana ham batafsil soʻzlab berarmiz. Marmar va Bosfordagi kema sayohatlari hayajonlari haqida aytsak, soʻzimiz tugamaydi. Mashhur Qiz qalʼasi haqidagi taassurotlar ham bir olam. Taqsim maydoni, u yerning kechayu kunduz faoliyat yuritishi haqida qancha hikoya qilish mumkin. Yana bir gap, moziy va kelajak mushtarak bir shahar, sizga aytsam – Istanbul. Koʻp qavatli binolari, kattayu kichik sanoat korxonalari, savdo va madaniy markazilarini koʻrib bunga amin boʻlmaslikning iloji yoʻq. Darvoqe, Bosfor boʻylarida ustozlarimiz Abdulla Oripov, Mirzo Kenjabek singari shoirlarimizning Turkiya taassurotlari haqida yozgan asarlari bir-bir xayolimdan oʻtdi.
Mening ham koʻnglimdan kechganlari misralarga aylandi:
Talpingandek sohilga Bosfor,
Lablarimning sohilidan oʻp.
Shunday deya takror va takror,
Sen kirasan tushlarimga koʻp.
Chayqaladi shovullab osmon,
Bagʻri toʻla ming bitta yulduz.
Men ming bitta oʻy bilan inon,
Yolgʻiz seni oʻylayman, yolgʻiz.
Shoirlarni oʻqiyman koʻp bor,
Misralari umrim bayoni.
Sarhadi yoʻq dengizdek, dildor,
Yoʻqdir senga ishqim poyoni...
Shom mahali Ayyub Sulton maydonidan uncha uzoq boʻlmagan Nishanji Mustafo Posho masjidiga bordik. Masjid imomi Miqtad Xoʻja degan kishi ekan. Oʻzbekistondan kelganimizni eshitib, behad sevindi. Mamlakatimizda boʻlayotgan islohotlardan xabardor va mamnun ekanini izhor qildi.
— Ayniqsa, ulugʻ ajdodlarimiz, xususan, naqshbandiya tariqati ulamolari qabrini obod qilayotganlaringiz eng ulugʻ ishdir, — dedi Miqtad Xoʻja soʻzida davom etib. — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Islom sivilizatsiyasi markazlari tashkil etilgani olamshumul voqeadir. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomida jomeʼ masjid qurilganini eshitib sevindik.
Biz olis Turkiyada oʻz yurtimiz haqida bunday maqtov va eʼtiroflarni koʻp eshitdik va bundan faxrlandik. Ilohim, yurtimizga, uning tinchligiga koʻz tegmasin, deya yurak-yurakdan duolar qildik.
Gʻayrat MAJID,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir