«Pandemiyani toʻliq bartaraf etish uchun biz dunyo aholisining kamida 70 foizini emlashimiz kerak va bu keyingi yil Germaniyada yana uchrashgunimizgacha amalga oshirilishi lozim. Buni G7 va G20 birgalikda qoʻllab-quvvatlashi bilan amalga oshirish mumkin. Buning uchun bizga 11 milliard doza vaksina kerak boʻladi, — dedi JSST rahbari.

Unga koʻra, joriy yilning sentyabr oyiga qadar har bir mamlakat aholisining kamida 10 foizini, yil oxiriga qadar esa 40 foizini emlash kerak. Buning uchun hozir va keyingi oyda 100 million, sentyabrgacha esa 250 million doza vaksina zarur boʻladi.

«Biz sizning vaksinalar bilan taʼminlash boʻyicha takliflaringizni mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Rahmat. Ammo bizga vaksina koʻproq kerak va biz unga muhtojmiz», — dedi Tedros. Uning taʼkidlashicha, vaksinalar ideal ravishda COVAX tashabbusi bilan tarqatilishi lozim. Tedrosning soʻzlariga koʻra, texnologiyani kambagʻal mamlakatlarga oʻtkazish va intellektual mulk huquqidan voz kechish orqali vaksina ishlab chiqarishni kengaytirish kerak.

JSST rahbari dunyoni kelajakdagi pandemiyalardan qutqarish uchun mavjud inqirozdan saboq olishga chaqirdi.

JSST rahbari bunday pandemiyaga tayyorgarlikni oshirish va yangi patogen manbalarini aniqlashda hamkorlikni kuchaytirish uchun “xalqaro shartnoma — shartnoma yoki konvensiya” tuzishni taklif qildi.