Bu borada yurtimizda yuritilayotgan tashqi siyosat alohida eʼtiborga molik. Chunki Oʻzbekistonning tashqi siyosati pragmatizm, ochiqlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik prinsiplariga asoslangan. Shu bois, keyingi yillar yurtimiz tashqi siyosati uchun samarali va faol kechmoqda.
Soʻnggi yillarda mintaqa davlatlari bilan doʻstona aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi. Jahon siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” va “Markaziy Osiyo qiyofasi” kabi tushuncha hamda voqeliklar paydo boʻldi. Markaziy Osiyoda ishonch va sheriklikning yangi darajasiga erishilgani jadal oʻzgarishlarga joʻshqin surʼat bagʻishladi. Joriy yil mart oyida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston chegaralari tutashgan nuqtada Doʻstlik stelasi oʻrnatilgani oʻrtamizda mustahkamlanib borayotgan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining yana bir tasdigʻi boʻldi.
“Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasi real voqelikka aylanmoqda. Mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Mintaqamiz jadal rivojlanib, iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollik markazi sifatida namoyon boʻlyapti. Markaziy Osiyo olamshumul tarixiy imkoniyatlardan foydalanib, yaxshi qoʻshnichilik va xavfsizlik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makonni yaratmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasidagi toʻlaqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilyapti. Natijada keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi 4,5 barobar, investitsiyalar esa ikki barobar koʻpaydi. Qoʻshma korxonalar soni besh barobar ortdi. Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boshlandi. Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya transport yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Faol va pragmatik tashqi siyosat tufayli Oʻzbekiston xalqaro siyosatning markazlaridan biriga va global gʻoyalar tashabbuskoriga aylanmoqda. Shu yil 3-4-aprel kunlari Samarqandda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oʻtkazilgani buning yana bir tasdigʻidir.
2016-yildan boshlab Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston tashqi siyosatida mislsiz faollik, oʻzgarishlar davri boshlandi. Davlatimiz rahbari tashqi siyosiy faoliyatda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro doʻstona, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini shakllantirishni ustuvor yoʻnalish etib belgiladi. Nisbatan qisqa davr ichida bu borada qilingan ishlarni xalqaro hamjamiyat ham tan olyapti.
Oʻzbekiston yetakchisi siyosiy irodasi bilan mintaqada hamjihatlik ruhi paydo boʻldi. Qoʻshnilar bilan hech qanday muammo boʻlmasligiga erishish eng muhim maqsad qilib qoʻyildi. Oʻz xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yoʻl qoʻymaslik, ochiqlik, pragmatizm va konstruktivlik, teng huquqlilik, oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari mintaqaviy siyosatning konseptual asosiga aylandi. Natijada Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va siyosiy oʻsishning oʻziga xos modellarini shakllantirishga muvaffaq boʻldi. Masalan, oxirgi 7-yilda mintaqa iqtisodiyoti 6,3 foiz oʻsib, YAIM miqdori 450 milliard dollarga yaqinlashdi. Tashqi savdo aylanmasi ikki barobar koʻpayib, qariyb 225 milliard dollarni tashkil etdi. 2016-2022-yillarda Markaziy Osiyoga investitsiya kiritilishi jahondagi umumiy hajmning 1,6 foizidan 2,8 foiziga koʻtarilib, 2022-yilda qariyb 40 milliard dollar boʻldi. Bu 2016-yildagiga ($26,7 milliard) nisbatan 50 foiz koʻp. “Boston Consulting Group” bashoratiga koʻra, 2030-yilgacha Markaziy Osiyo 170 milliard dollarlik investitsiya jalb qila oladi. Shuning 40-70 milliard dollari xomashyo boʻlmagan sohalarga yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida Maslahatlashuv kengashi tashkil etilishi muhim oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Bu orqali yetakchilar bevosita mintaqada yigʻilib qolgan muammolar – iqtisodiyot, davlat chegaralarini aniqlash, xavfsizlik choralari, oziq-ovqat xavfsizligi, migratsiya kabi koʻplab muhim sohalarda hal qilinmay yotgan muammolarni yechishga yoʻl ochildi. Mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi mexanizmida mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan dolzarb masalalar boʻyicha hamkorlik samaradorligini taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda.
Mintaqaning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi oʻrni mustahkamlanishi natijasida dunyoda yangi Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakat bilan hamkorlikka intilish tamoyili kuchaydi. Azal-azaldan oʻzaro qardosh va birodar mamlakatlar koʻpgina mintaqaviy va global masalalarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari birgalikda harakat qila boshladi.
Mustaqillikka erishilgan paytda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 47 milliard dollar atrofida edi. Oradan 34-yil oʻtganda bu miqdor 10 barobardan koʻproq oʻsib, 500 milliard dollarga yaqinlashdi. Milliy iqtisodiyotlar yuqori surʼatda rivojlanmoqda. 35-yil avval mintaqamizning 5 davlatida jami 50 milliondan koʻproq aholi yashagan. Bu raqam 2024-yil oxiriga kelib 80 milliondan oshdi. Eng asosiysi, Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanmoqda. Mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, Gʻarbni Sharq va Shimolni Janub bilan bogʻlaydigan transport xabi boʻlishdek tarixiy vazifani yana oʻz zimmasiga olmoqda.
Soʻnggi yillarda mintaqa mamlakatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foiz koʻpaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo hajmi barqaror oʻsishi kuzatilmoqda. Masalan, tovar aylanmasi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Oʻzaro investitsiya hajmi qariyb 6 karra, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi esa 45 foiz oʻsdi. Bundan tashqari, ichki mintaqaviy turizm koʻrsatkichlari 2 barobar koʻpaydi.
Markaziy Osiyo muhim va noyob resurs, iqtisodiy va kommunikatsiya salohiyatiga ega hudud sifatida bugun mustaqil taraqqiyot yoʻliga ega. Mintaqamiz davlatlari insonparvarlik, ijtimoiy adolat, umumiy xavfsizlik, millatlararo totuvlik, tinchlik va osoyishtalik muhitini yaratish kabi xalqaro huquq tamoyillari asosida tashqi siyosiy faoliyat yuritib, rivojlanayotgan mamlakatlar safiga dadil kirib bormoqda.
Vaholanki, bundan bor-yoʻgʻi sakkiz yil oldin chegaralarimiz deyarli toʻliq yopilgan edi. Suv resurslari, yaylovlar va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish masalalari boʻyicha tinimsiz tortishuvlar bor edi. Tarqoqligimiz bizni zaiflashtirar, birlashish istiqbollaridan mahrum etar, mintaqa salohiyatini mushtarak manfaatlar yoʻlida roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilardi. Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon tinch-totuv yashab kelgan, umumiy urf-odat va anʼanalarga ega boʻlgan, minglab koʻrinmas rishtalar bilan bogʻlangan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-sivilizatsiyaviy qadriyatlariga mutlaqo zid edi.
Mamlakatimiz tashqi siyosatida namoyon boʻlayotgan koʻp qirrali faoliyat, jumladan, xorijiy davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan oʻrnatilayotgan diplomatik munosabat, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar boʻyicha ilgari surilayotgan tashabbuslar, muloqotlar, birinchi navbatda, xalqimiz tinch, xavfsiz yashashi, erkin faoliyat yuritishi, zamonaviy bilim olishi, yangi kasblarni egallashi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoitni yaratish, odamlar muhofazasini davlat tomonidan taʼminlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qardosh mamlakatlar bilan bir qatorda xalqaro hamjamiyat tomonidan doim xavf-xatar oʻchogʻi sifatida koʻrib kelingan qoʻshni Afgʻoniston bilan munosabat faollashdi. Ushbu davlatda tinchlik oʻrnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash respublikamiz rahbariyati tomonidan yuritilayotgan pragmatik tashqi siyosatning ijobiy natijasi ekanini bugun xalqaro hamjamiyat keng eʼtirof etmoqda. Oʻzbekiston dunyoning yetakchi davlatlari, jumladan, Xitoy, Rossiya, AQSH, Turkiya, Vengriya, Yaponiya, Hindiston, arab davlatlari bilan ikki va koʻp tomonlama munosabatni strategik hamkorlik darajasiga koʻtardi.
Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarni koʻrib chiqayotganda, “5+1” formatining ahamiyati ortib borayotganini qayd etish joiz. Ushbu amaliyot mintaqaviy boʻlmagan ishtirokchilarni hamkorlikka jalb etgani nuqtayi nazaridan muvaffaqiyatli tashabbusga aylandi. Ushbu strategik yondashuv mintaqaning siyosiy mavqei va iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga yordam beradi va shu orqali uning kengroq Yevroosiyo kontekstida oʻziga xos qiymatini oshiradi. Global kuchlar bilan hamkorlikda koʻp qutbli va muvozanatli yondashuv Markaziy Osiyo uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi.
Mamlakatimizdagi tub oʻzgarishlar davrida qabul qilingan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida bugungi kundagi tashqi siyosatning asosiy yoʻnalishlari oʻz ifodasini topgan. Strategiyada mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat sohasidagi sakkiz muhim yoʻnalish belgilangan. Ayni maqsadlar qoʻshni va yirik xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni savdo-iqtisodiy va xalqaro xavfsizlik sohalarida rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, iqtisodiyotga sarmoya, ilgʻor texnologiya va ilmiy ishlanmalarni jalb etish, yurtimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish hamda fuqarolarimiz huquqi va manfaatini himoya qilish, davlatimiz ijobiy imijini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Asosiysi, davlat manfaati taʼminlanishiga oid qoida va meʼyorlar, maqsad, yoʻnalish va vazifalardan kelib chiqib, xatti-harakatlar muayyan mantiq asosida olib borilyapti.
Oʻzbekiston tashqi siyosati, ayniqsa, yangi mintaqaviy diplomatiyasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini har tomonlama muhokama qilishga imkon beradi. Sirasini aytganda, Markaziy Osiyo “yuragi”da joylashgan, mintaqaning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega boʻlgan davlat — Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyot davrini umumiy rivojlanish asnosida mintaqadan ayro tasavvur qilish qiyin.
Mashʼal SAIDOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali









