Bu oʻtgan oydagidan 1,6 foiz, 2024-yil fevraliga nisbatan 8,2 foiz yuqori.
Oʻsish asosan shakar qimmatlashishi bilan bogʻliq: uch oylik pasayishdan keyin yanvardan 6,6 foiz koʻtarilish. Ayni vaziyat 2024/25-yilgi mavsumda global taʼminot kamayishi, xususan Hindistonda ishlab chiqarish istiqboli holati yomonlashishi, Braziliyadagi ekinlarga taʼsir koʻrsatadigan noqulay ob-havo sharoiti tufayli yuzaga kelgan.
Sut mahsulotlari
Sut mahsulotlari narxi yanvar oyiga nisbatan toʻrt foiz oshishi eksport qiluvchi hududlarda ishlab chiqarish miqdoriga nisbatan talab kuchayishi natijasida pishloq va quruq sut qimmatlashishi bilan izohlanadi.
Oʻsimlik moyi
Fevralda oʻsimlik moyi narxi yanvardagidan ikki foiz, oʻtgan yilga nisbatan 29,1 foiz koʻp koʻtarildi. Oʻsishni, asosan, janubi-sharqiy Osiyodagi mavsumiy taʼminot cheklovi va biodizel sektori kuchli talabi bilan izohlanadigan palma, soya va kungaboqar yogʻi taʼminlagan.
Yorma
Don 0,7 foiz qimmatlashgan. Bugʻdoy narxi Rossiya Federatsiyasidan yetkazib berish kamayishi, Sharqiy Yevropa va Shimoliy Amerikadagi iqlim sharoiti bilan bogʻliq xavotir tufayli koʻtarildi. Jahon bozorida makkajoʻxori narxi oʻsishi davom etgach, holat Braziliyadan va Qoʻshma Shtatlardan eksportni kuchaytirish bilan qoʻllab-quvvatlandi. Aksincha, guruch global miqyosda eksport koʻpayishi va import talabi zaiflashuvi tufayli 6,8 foiz arzonladi.
Goʻsht narxi fevral oyida barqarorlashib, yanvarga nisbatan 0,1 foiz tushdi. Global parranda va choʻchqa goʻshti narxi moʻl-koʻl taʼminot tufayli pasaygan boʻlsa-da, qoʻy-qoʻzi va mol goʻshti qiymati barqaror saqlandi.
FAO don mahsulotlariga talab va taklif tahlilini ham eʼlon qildi. Mutaxassislar bashoratiga koʻra, 2025-yil dunyo boʻylab bugʻdoy yetishtirish 796 million tonnani tashkil etadi. Bu oʻtgan yilga nisbatan qariyb bir foiz koʻp. Bunga Yevropa Ittifoqi, ayniqsa bugʻdoy ekish ommaviylashishi kutilayotgan Fransiya va Germaniyada kutilayotgan oʻsish ragʻbat beradi. Binobarin, Sharqiy Yevropadagi quruq sharoit va gʻarbiy mintaqalardagi ortiqcha yogʻingarchilik kabi muammolar hosildorlikka salbiy taʼsir qilishi mumkin.
Hisobotda taʼkidlanishicha, AQSHda bugʻdoy maydoni kengayishi kutilyapti. Faqat qurgʻoqchilik qishki ekinlarga taʼsir qilgani uchun hosildorlik biroz pasayishi mumkin.








