Barno Abdusamatova, Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi:
-Ushbu holatlar Niderlandiya, Belgiya, Gonkongda kuzatilgan. Niderlandiyada koronavirusga takroran chalinish holatidan keyin ilk oʻlim ham qayd etildi.
Tadqiqotlarda bemorning koronavirusga topshirgan ikkala testi natijalaridan viruslarning genetik tarkibi bir-biridan farqlanishi aniqlangan.
Koronavirus kasalligi hali oxirigacha oʻrganilmagan va hozirgi kunga qadar qator izlanishlar davom etmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda ayni vaqtda koronavirusga qayta chalinish boʻyicha 23 ta holat qayd etilgan. Ilk holat 24 avgustda Gongkongda aniqlangan. Ayni vaqtda qayta kasallangan bemorlardan 20 nafari sogʻayib ketgan, yana 2 kishi davolanishni davom ettirmoqda.
Toʻgʻri, koʻpgina olimlar ushbu kasallik bilan qayta kasallanish mumkinligini inkor etmayapti. Ularning fikricha, kasallik immuniteti past, surunkali kasalligi bor va kasallikka qarshi antitanachalari kam boʻlgan bemorlarda uchrashi mumkin.
Izlanishlar ushbu bemorlarda aniqlangan viruslar juda koʻp marotaba mutatsiyaga uchraganini ham koʻrsatib oʻtdi.
Koʻp yurtdoshlarimiz men kasal boʻlib oʻtdim va menda antitanachalar bor deb niqobsiz, masofa saqlamasdan yurishni boshladilar.
Yuqoridagi maʼlumotlarga asoslanib hamda atrofdagilarni xavf -xatarga qoʻymaslik maqsadida barcha sanitariya -gigiena qoidalariga amal qilishni, qoʻllarimizni tez -tez sovunlab yuvishni, koʻchada niqob taqishni va ijtimoiy masofa saqlashni tavsiya etamiz.