Ishsizlikni kamaytirishda oʻzgacha amaliyot
Hozir vaqtincha bekor, ish izlayotgan fuqarolarni ehtiyoji va qobiliyatiga munosib ish bilan taʼminlash muhim masala. Bu bandlik boʻlimlari, monomarkazlar, kasb-hunarga oʻrgatuvchi turli kurslar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari shugʻullanadigan dolzarb vazifa. Mazkur jarayonni, avvalo, mahalladan boshlab, har bir xonadonda mehnatga yaroqli qancha odam borligi, ularning qanchasi ish bilan band emasligi, xalq xoʻjaligining barcha tarmogʻida qancha ish oʻrni mavjudligini hisobga olish darkor.
Tahlillarga koʻra, ishsizlarning 99,7 foizi oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotlilar. Bunda, albatta, ishsizlar soni bilan boʻsh ish oʻrinlari oʻrtasida nomutanosiblik vujudga keladi. Shu bois, 2021-yil 27-yanvarda davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlar bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.
Prezidentimizning 2022-yil 4-martdagi talabalar bandligini taʼminlash va ularga sharoit yaratish borasidagi topshiriqlarining amaliyotga joriy qilinayotgani ayni paytda ijobiy natija bermoqda.
Bozor stixiyali shakllanadi
Mamlakatning kelajagi, poydevori sifatida butun dunyoda yosh avlodga katta eʼtibor qaratiladi. Yurtimizda olib borilayotgan siyosat ham yoshlarga har tomonlama qulay imkoniyat yaratilayotganidan, inson manfaatlariga ustuvor masala sifatida qaralayotganidan dalolatdir. Ijtimoiy hayotimizda, turli davrlarda insonlar oʻz mehnatini, yaʼni jismoniy ishlash qobiliyatini har xil faoliyatga sarf qilib kelgan.
Buning ikki jihati boʻlib, birinchisi, oʻz shaxsiy faoliyatida va ikkinchisi, oʻzgalar manfaati doirasida oʻziga ham, mulk egasiga ham foyda keltirgan. Ana shu jarayon ishchi kuchi taklifini yuzaga keltirgan. Bu holat oʻzining ishlab chiqarish vositasi boʻlmagan ishchi kuchi egalariga taalluqli boʻlib, ularning oʻzlariga munosib, oʻzlari bajarishi mumkin boʻlgan ishni qidirishiga, izlashiga olib kelgan.
Muhimi, bu qanday ishlab chiqarish usuli boʻlishidan qatʼi nazar, hayotiy zaruratga aylandi. Hozir bir kunlik ish uchun ishlaydiganlar ham turli toifalarga ajratiladi. Ustalar, mutaxassislar, yordamchilar, quruvchilar, qishloq xoʻjaligi ishlari va uy yumushlarini bajaruvchilar, tomorqada ishlovchilar shular jumlasidan.
Bu bozor ish izlovchilar va ishga taklif qiluvchilar oʻrtasida yuzaga keladi. Ishchi kuchi bahosi ham talab va taklif oʻrtasida shakllanadi. Uning boshqacha mezoni boʻlishi mumkin emas. Stixiyali shakllanadigan bu bozorni muayyan murvatlar orqali tartibga solish ham mumkin. U har bir ish izlovchining toʻliq maʼlumoti va xaridorning xohishi asosida shakllantirilib, tartibga solingani uchun mehnat bozoriga aylanadi.
Demografik tadqiqotlar natijasi
Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻzini oʻzi band qilayotgan shaxslar uchun 67 xil ish va xizmat turi tasdiqlangan. Qarorga muvofiq, yurtimizda mehnat migrantlarini kasbga oʻqitish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib sharoit yaratish, chet tillarni oʻrgatish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning integratsiyasi masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doirasida koʻrib chiqiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yili yurtimizda 1 million 335,3 ming kishi, Samarqand viloyatida esa qariyb 148 mingdan ziyod vaqtinchalik va doimiy ishsiz mavjud edi. Bu iqtisodiy faol aholining 9,3 foizini tashkil qiladi. Aholining bandlik darajasi esa 65,4 foizni tashkil etgan. 2020-yilgi pandemiya sharoitida yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan vatanimizga qaytib kelgan va qolib ishlayotgan fuqarolar bunga yaqqol misol boʻladi.
Norasmiy maʼlumotlar esa, yurtimizda mehnatga yaroqli aholining salmoqli foizi ishsizlar ekanidan dalolat beradi. Bu esa, oʻz navbatida, aholi oʻrtasida demografik tadqiqotlar olib borishni taqozo qiladi. 2021-2022-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali ilmiy tadqiqotchilari ishsizlik muammosini chuqurroq oʻrganish maqsadida monografik tadqiqotlar olib bordi.
Jumladan, mehnat bozoridagi ishsizlarning istak-xohishlari hamda holatini oʻrganib, ijtimoiy soʻrovnomalar, mahallalarda alohida suhbatlar oʻtkazdi. Shuningdek, tumanlarda mehnat resurslari ortiqchaligi va ularning yetishmovchiligi mezonlari boʻyicha individual holat ham oʻrganildi. Jarayon 5 mingga yaqin kishini qamrab oldi.
Avvalo, oʻrganish kunlik yollanib ishlaydiganlar turadigan manzillarda boshlandi. Bu ijobiy natija bermagandan keyin qishloqlardagi aholi oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazish yoʻli bilan holat oʻrganildi. Mehnat bozori ishtirokchilarining maʼlumoti boʻyicha guruhlanishida eng yuqori koʻrsatkich oʻrta maʼlumotlilarda boʻlib, ular oʻrtacha 92,8 foizni tashkil qilgan.
Ishchilarning yoshi boʻyicha guruhlanishida asosiy salmoqni 21-30 yoshlilar tashkil qilgan va bu umumiy koʻrsatkichning 50,5 foizi demakdir. Hozir aholi bandligi va ishsizlik masalalariga qaratilgan eʼtibor kuchaygani bilan uning ahamiyati kamaygani yoʻq. Chunki iqtisodiyot tarmoqlarida rivojlanish intensiv yoʻnalishda davom etib, kelajakda barcha soha va tarmoqlar raqamli iqtisodiyotga oʻtishi munosabati bilan ishsizlik va bandlik masalalari yanada dolzarb boʻlib qoladi. Shu bois, butun mamlakatda, jumladan, viloyatda, maktablar va oliy taʼlim muassasalarida qoʻshimcha kurslar va kasb beruvchi markazlar tashkil qilinayotgani ayni muddaodir.
Ilmlilik — bosh mezon
Bir oz ortga nazar tashlasak, oʻtgan oʻquv yillarida xorijiy oliygohlarga oʻqishga chorlov, yaʼni “imtihonsiz talaba boʻlish” va natijada abituriyentning bilimini hech bir mezon bilan baholamay, qanchadir pul evaziga talabalikka qabul qilish haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinar edi. Goʻyoki bir yildan soʻng ularning talabasi, darsga borgan-bormaganidan qatʼi nazar, oʻqishni koʻchirib oʻtkazishi mumkin edi.
Buni qanday tushunish mumkin? Bu holat ayrim davlatlar nufuzli oliy oʻquv yurtlarining bizga sifatli kadr tayyorlashdagi oʻziga xos “yordami” edimi? Mamlakatlar oʻrtasida shartnomalar tuzilayotgan vaqtda shu mezon hisobga olinadimi yoki bu yerda sifat uncha ahamiyatga ega emasmi? Biz mamlakat ichida sifatga katta eʼtibor qaratayotgan vaqtda xorijlik doʻstlarimiz mahalliy oʻgʻil-qizlarimizni bir yil oʻqitib yoki oʻqitmay qaytarib yuborayotganini nima deb tushunish mumkin edi?
Bu holat yurtimizda taʼlim olayotgan talabalarning ham oʻqishiga, faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsata boshlagan. Boshqa tomondan, oliy taʼlim tizimini korrupsiyasiz sohaga aylantirish uchun jiddiy kurash olib borilayotgan bir paytda imtihonsiz, osongina biror xorijiy oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirgan yigit-qiz shunday xavfni ham targʻib qilmasligiga kim kafolat berar edi?
Bu sohadagi oʻtgan yillar amaliyoti shuni koʻrsatdiki, davlat komissiyasi tomonidan bizga tavsiya qilingan talabalarning ayrimlari hatto hujjatning asl nusxasini ham oʻsha oliy oʻquv yurtlaridan olib kelib taqdim qila olmadi. Bunga bir tomondan COVID-19 bilan bogʻliq karantin holati sabab boʻlsa, bosh qa tomondan dars oʻtilmagan yoki dars boʻlsa ham, ayrim yoshlarimiz qatnashmagan.
Masalan, birgina Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida oʻtgan oʻquv yilida davlat komissiyasining qaroriga binoan 189 nafar talaba Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalaridan murojaat qilgan. Ulardan 161 nafari talabalikka qabul qilindi. Bundan tashqari, 28 nafar abituriyent qator sabablarga koʻra, oʻz xohishiga binoan oʻqishni koʻchirishdan voz kechgan.
Yana 14 nafari shartnoma pulini toʻlamagani, 11 nafari qoʻshni davlatdagi oliygohda toʻliq bir semestr oʻqimagani uchun talabalikka qabul qilinmadi. Boshqa oliy taʼlim muassasalarida ham oʻqishi koʻchirilib, tiklanayotgan talabalar bilan ishlash jarayonida xuddi shunday holatlar kuzatildi. Bu amaliyot oʻquv yili davomida barcha oliy taʼlim muassasalari faoliyatida ijobiy natijalarga olib kelmadi. Bu jarayon, albatta, oliy taʼlim sohasida oʻziga xos oʻzgarishlar boʻlishini taqozo qilgan edi.
Prezidentimizning oʻtgan yili 22-iyundagi “2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorida chet elda oʻqiyotgan talabalar oʻqishini xorijiy mamlakatlardan yurtimizdagi davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish, DTM test sinovlari orqali qabul qilish belgilangani eʼtiborga loyiq ish boʻldi.
Oʻtgan oʻquv yilidan boshlab, xorijdan oʻqishni koʻchirish masalasiga oydinlik kiritilib, bu jarayon ancha tizimga keltirildi. 2021-2022 oʻquv yilida esa taʼlim sohasidagi islohotlarning takomillashtirilgan yangi, ikkinchi bosqichi amalga oshirildi. 2022-yil 8-aprelda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2022-2023 oʻquv yilida xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim muassasalari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat va xorijiy (filiallar) oliy taʼlim muassasalaridan davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishni koʻchirish uchun oʻtish ballari tasdiqlandi.
Unga binoan taʼlim yoʻnalishlariga qarab tabaqalashtirilgan holda ballar belgilab olindi. Masalan, iqtisod taʼlim yoʻnalishiga 105 ball etib belgilanib, bu raqam milliy iqtisodiyotdagi shu taʼlim yoʻnalishiga shartnoma asosida oʻqishga kirishi mumkin boʻlgan abituriyentlarning kirish balliga deyarli tenglashtirib qoʻyildi. Bu esa xorijdan oʻqishni koʻchirishga bel bogʻlagan talabalarning bilimini yaxshilab sinovdan oʻtkazish imkoniyatini beradi.
Demak, xorijga aldov bilan, yaʼni “xarajatlar hisobidan imtihon topshirmay” kirib, yana testdan 105 ball toʻpl ay olmasa, albatta, mehnatiga kuyadi. Bundan ikki jihat kelib chiqadi, avvalo, oʻqishni boshidan boshlashga va moliyaviy jihatdan ortiqcha pul sarflashga toʻgʻri keladi. Muhimi esa, oʻzini anglagan yigit-qiz turli aldovlarga uchmasdan, shu yerda yaxshi oʻqib, bilimini oshirib, oʻqishga hujjat topshiradi.
Integratsiya — muammoning bir yechimi
Prezidentimiz rahbarligida shu yil 4-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan topshiriq va vazifalarga binoan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida boʻsh xona va inshootlar qayta inventarizatsiyadan oʻtkazildi. Ularning maydoni hamda boʻsh vaqti koʻrsatilgan holda roʻyxati shakllantirildi.
Mazkur maʼlumotlardan talabalarni xabardor qilish maqsadida shakllantirilgan roʻyxat filialning rasmiy saytida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yoritildi, maʼlumotlar burchagiga joylashtirildi. Filialning “karyera markazi” tomonidan talabalarning band ligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Talabalar tomonidan yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan xizmat turlari uchun xona va inshootlarni jihozlash, moddiy-texnik bazasini shakllantirish uchun zarur boʻladigan xarajatlar belgilangan tartibda filialning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanishi uchun xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.
Talabalar bandligini taʼminlash maqsadida maishiy, xizmat koʻrsatish va boshqa xizmat turlarini tashkil etish nazoratga olindi. Filialda kunduzgi boʻlimning 822 nafar talabasidan ishga muhtoji 226 nafarni tashkil etib, bugungacha 156 nafarining bandligi taʼminlandi. Jumladan, filialning ichki imkoniyatlari hisobidan 27 nafar, oliygoh hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga 17 nafar, oʻquv muassasasiga tutash tadbirkorlik subyektlariga 52 nafar, Samarqand shahridagi Prezident maktabidagi vakant joyga 1 nafar, oliygoh yoʻnalishi boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan yirik korxonalarga 49 nafar, boshqa yoʻnalishlar boʻyicha korxonalarga 13 nafar talaba ishga joylashtirildi.
Demak, yurtimizda aholi bandligini taʼminlash va ularga sharoit yaratishdek oqilona siyosat oliy taʼlim muassasasi talabalaridan boshlanishi fan — taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasining uzluksiz, ketma-ketlikda davom etishi va rivojlanishi, ishsizlik muammosiga ancha kech qolib duch kelishdek masalalarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yangi Oʻzbekistondagi ishsizlik muammosini kamaytirish borasida oʻziga xos, boshqa davlatlarda uchramaydigan yoʻl boʻlib, muammo paydo boʻlgandan keyin kurashish emas, balki uning oldini olish borasida katta amaliyotdir.