Tinch okeani markazi va sharqiy mintaqalarida suv harorining me’yordan 3 darajagacha yuqori ko‘tarilib ketishi allaqachon dunyoda kunlik harorat rekordlari yangilanishiga olib keldi. Hozirda Antarktida uchun qish chillasi hukmron bo‘layotgan bir paytda qit’a markazida g‘ayritabiiy yuqori harorat kuzatilmoqda.

Avvaliga 3-4-iyul kunlari sayyorada o‘rtacha sutkalik havo harorati orqama-ketin +17 darajadan yuqorilab ketib, o‘tmish El-Nino, ya’ni 2016-yil avgustdagi +16.92 daraja kuzatilgan eng issiq kun rekordini yangiladi. Keyinroq, 6-iyul kuni sayyorada sutkalik o‘tacha havo harorati +17.23 darajaga yetdi. 

El-Nino ta’sirida dunyo atmosferasida havo oqimlarida keskinlik ortmoqda. O‘zbekistonda ham bahor va yoz oyi boshlaridagi sel-suv toshqinlari bilan bog‘liq "sokinlikdan" so‘ng respublikaning tog‘li hududlarida sel hodisalari faollashib qoldi. 

7-iyulning o‘zida Qamchiq dovonida sel hodisasi ikki kishi o‘limi bilan yakunlandi. Shu kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tog‘ yo‘llarida ham sel oqimi va yo‘lga tushgan harsang tosh yo‘l qatnovini vaqtincha to‘xtatib qo‘yibdi.