Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1983-y.t. fuqaro Urgut tumaniga borib, 1992-y.t. tanishidan 1 kg 916 gr. “opiy” moddasini olib, oʻzining boshqaruvida boʻlgan “Nexia 2” rusumli avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib ketayotgan vaqtida Bulungʻur tumanida ushlandi hamda undan giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, unga ajal ogʻusini bergan fuqaroning Urgut tumanidagi yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 7 kg 331 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX Navoiy va Jizzax viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Gʻallaorol tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988-y.t. fuqaro 469 gr. “opiy” moddasini 8 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini oʻtagan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida u ajal ogʻusini Urgut tumanida yashovchi, 1989-y.t. fuqarodan 5 ming AQSH dollariga sotib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.
Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Namangan shahrida yashovchi, 1982-y.t. ayol Bekobod shahrida hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqarodan 1 kg 696 gr. “gashish” moddasini Namangan viloyatiga yetkazib berish uchun olib, Ohangaron shahrida Fargʻona vodiysiga qatnaydigan avtomashinalar turargohiga borayotgan vaqtida DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Aniqlanishicha, narkotik moddani Namangan viloyatining Pop tumaniga olib borib, kerakli joyda qoldirib ketishi uchun ayolga 200 AQSH dollari berilgan.
Taʼkidlash lozimki, barcha holatda giyohvandlik vositalari mamlakatimizga Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.