Prezident qaroriga koʻra, endilikda Davlat xavfsizlik xizmati muhim axborot infratuzilmasi (MAI) obyektlarida kiberxavfsizlikning taʼminlanganlik darajasini kuzatadi, baholash va monitoring qilish tartibini ishlab chiqadi.

Shuningdek, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi bilan birgalikda MAIda kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda rivojlantirish ustidan nazorat va monitoring olib boradi.

Qarorga koʻra, muhim axborot infratuzilmasi subyektlariga quyidagi huquqlar berilmoqda:

  1. bunday obyektlarda foydalanilayotgan dasturiy taʼminotlar, qurilmalar va texnologiyalaridagi zaifliklar haqida maʼlumotlarni vakolatli davlat organidan olish;
  2. oʻzining kiberxavfsizlik boʻlinmalarini tashkil etish hamda chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomda kiberhimoya, muhim axborot infratuzilmasi, MAIga kiberhujum, MAI kiberxavfsizligi terminlariga taʼrif berildi.

Muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga quyidagi sohalarda qoʻllaniladigan axborotlashtirish tizimlari kiradi:

  • davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari koʻrsatish;
  • mudofaa;
  • davlat xavfsizligini, huquq-tartibotni taʼminlash;
  • yoqilgʻi-energetika majmui (atom energetikasi);
  • kimyo, neft-kimyo tarmoqlari, metallurgiya;
  • suvdan foydalanish va suv taʼminoti,
  • qishloq xoʻjaligi;
  • sogʻliqni saqlash;
  • uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatish;
  • bank-moliya tizimi;
  • transport;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • strategik ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash;
  • ishlab chiqarish
  • iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida va ijtimoiy sohada qoʻllaniladigan axborotlashtirish tizimlari.