“E-AKTIV”ga jalb qilishning kechiktirilishi, ragʻbatlantiriladigan murojaatlar soliq tizimida qanday yangiliklar joriy etilmoqda?

    Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida soliq alohida ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan olganda, respublikamiz soliq tizimida soliqchi-koʻmakchi tamoyili asosida bir qator oʻzgarish va yangilanishlar kuzatilayotgani diqqatga sazovordir.

    Jumladan, 2023-yil 1-iyundan boshlab soliq sohasida bir qator yangiliklar amaliyotga kiritildi. Misol uchun, endilikda fuqarolar “Soliq hamkor” tizimi orqali noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi yuzasidan murojaat yoʻllashlari mumkin. Yaʼni, oy boshidan qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasiz, markirovkalanmagan, ruxsati boʻlmagan, sifatsiz alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish kabi qonun buzilishi holatlari haqida soliq organiga murojaat yoʻllash tizimi ishga tushirildi. Mazkur tizimdan kelib tushgan murojaatlar nazorat va boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun asos boʻladi va u oʻn ish kunida majburiy tartibda koʻrib chiqilib, natijasi boʻyicha murojaatchi xabardor qilinadi.

    Tasdigʻini topgan murojaatlar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarimaning 20 foizi, jinoyatlar uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda ragʻbatlantiriladi. Shuningdek, “Soliq hamkor” yordamida chek bermaslik, plastik kartaga savdo qilmaslik, mahsulotni plastik kartaga qimmat sotish va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati yuzasidan murojaat qilsa boʻladi.

    Joriy yilning 1-iyunidan, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi (noturar koʻchmas mulk obyektlari bundan mustasno) boʻyicha muddatida toʻlanmagan qarziga hisoblangan penya; oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi, ularga hisoblangan penya va jarimalar; xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorligi uchun qoʻllanilgan jarimalar summasi bekor qilindi.

    Ushbu soliq qarzi, penya va jarimalarni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi. Shu bilan birga, daromad soligʻini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

    Bundan tashqari, joriy yil 1-iyuldan 2024-yil 1-iyulgacha issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan koʻp boʻlgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya qilinganda tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi. Bunda har bir 5 sotix yer maydoni uchun oyiga kamida bir nafar ishchi bandligi taʼminlanishi, har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan (980 ming soʻm) miqdorda maosh belgilanishi, issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan issiqxona faoliyati boʻyicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etishi lozim.

    Shu bilan birga, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda oʻz ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni soliq organlarining “E-Aktiv” axborot tizimida ixtiyoriy aks ettirish tartibining amal qilish muddati 2024-yil 1-aprelga qadar uzaytirildi.

    2024-yil 1-iyungacha yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer soligʻining 3 karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibi toʻxtatiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi qaroriga muvofiq esa, fermer xoʻjaliklariga 2023-yil 1-iyun holatiga shakllangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq qarzini 12 oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berildi. Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalarni toʻldirish tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi. Yaʼni, iyun oyidan boshlab uni rasmiylashtirishda yetkazib beruvchi toifasi shartligi belgilab qoʻyildi. U ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, ulgurji va chakana savdo bilan shugʻullanuvchi, vositachi, xizmat koʻrsatuvchi ekanligi EHFda qayd etilishi kerak. Qolaversa, unda realizatsiya maqsadi koʻrsatilishi shart. Mazkur maʼlumotlar kiritilmasa, EHF rasmiylashtirilmaydi. Ushbu tartib oʻtgan davrlar uchun rasmiylashtiriladigan tuzatuvchi yoki qoʻshimcha EHFlarga ham tatbiq etiladi.

    Kezi kelganda qayd etish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar aholiga qulay sharoit yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yaʼni, bugun yurtimizda inson manfaatini himoya qilish eng ustuvor vazifaga aylangan, oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan. Barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlashga alohida urgʻu berilib, bu boradagi ishlar sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etilmoqda. Xususan, oʻtkazilayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda. Shundan kelib chiqib, boshqarmamiz tomonidan aholi va yoshlar bilan oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabullar jarayonida 78 ming 572 fuqaroning bandligi taʼminlandi. Ehtiyojmand oilalar qatorida boʻlgan 90 ming 574 fuqaroga 21,1 milliard soʻmlik amaliy yordam koʻrsatilib, 188 nafariga 6,2 milliard soʻmlik imtiyozli kredit, 116 nafariga 1 milliard soʻmlik subsidiya ajratilishida amaliy koʻmak berildi.

    Mahallalarda yoshlar bilan oʻtkazilgan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarda yoshlarga oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun koʻmaklashib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar izchillik kasb etayotgan islohotlarning natijasi sifatida inson qadri va manfaatiga xizmat qilmoqda.

    Yunusjon NASIMJONOV,

    Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshligʻi