Tadbirda Sverdlovsk viloyati, Yekaterinburg shahar mutasaddilari, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Yekaterinburgdagi vakili, Sverdlovsk viloyati Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi, shuningdek, Bolgariya, Vyetnam, Germaniya, Tojikiston, Ozarbayjon bosh konsullari hamda okrug hududidagi oliy taʼlim muassasalarining oʻqituvchi va talabalari hozir boʻldilar.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik Akmal Saidov tomonidan yozilgan “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobining mohiyati, unda Oʻzbekiston va oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urishi gʻalabasiga qoʻshgan hissasi haqida arxiv materiallariga asoslanib yozilgan maʼlumotlar, oʻzbek shoir va yozuvchilarining jangchilar va yetim bolalarga bagʻishlab yozgan sheʼrlari hamda Oʻzbekistonga evakuatsiya qilingan rus, belarus va ukrain ziyolilarining oʻzbek xalqiga bildirgan minnatdorlik soʻzlari haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdimot ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbir qatnashchilarining asosiy eʼtibori 2020-yili koronovirus pandemiyasi avj olganiga qaramasdan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab Toshkentda, 15 gektar maydonda barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi” va majmua hududidan oʻrin olgan monumentlar haqidagi suratlarda boʻldi.

2021-yil oktyabr oyida Oʻzbekistonda oʻtkazilgan Prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan viloyat Ombudsmani T.Merzlyakova “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobini katta qiziqish bilan oʻqib chiqqanini maʼlum qildi.

–Kitobni “bir nafasda” oʻqib chiqdim,- dedi u. - Men Oʻzbekistonda boʻlganimda “Gʻalaba bogʻi”ni koʻrishga bordim. Majmuada amalga oshirilgan ishlar haqiqatdan ham meni lol qoldirdi. Ushbu kitobda muallif, akademik Akmal Saidov majmuaning mazmun-mohiyatini, ajdodlarimiz jasoratini yuksak mahorat bilan ochib bergan.

Taqdimot nihoyasida Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekistonga Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan evakuatsiya qilingan yosh bolalar, yetimlar va xususan leningradliklarga boshpana bergan oʻzbek oilalari, masalan temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasiga bagʻishlangan “Tы ne sirota” badiiy filmi namoyish etildi.