Tabiat endi cheklanmas boylik emas, balki ehtiyotkorlik, ongli munosabat va masʼuliyat talab qiladigan tirik tizim sifatida anglanmoqda. Shu bois, uni asrash, kelajak avlodlarga sogʻlom muhit qoldirish har bir insonning burchiga aylanmoqda.
Yurtimizda bu borada
amalga oshirilayotgan ishlar bosqichma-bosqich umummilliy harakatga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni
taʼminlashga qaratilgan tashabbuslar keng quloch yoydi. Davlatimiz rahbarining
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekib, Milliy dendrologiya
bogʻini barpo etishga start berishi bu yoʻnalishdagi islohotlarning amaliy va ramziy
ahamiyatini yanada kuchaytirdi. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlarini zamonaviy
ekologik tafakkur bilan uygʻunlashtirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda “yashil”
energetikaga boʻlgan talabning ortishi ham aynan shu jarayonlar bilan bogʻliq. Anʼanaviy
energiya manbalarining atrof-muhitga salbiy taʼsiri global muammolarni keskinlashtirayotgan
bir paytda, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish ekologik barqaror taraqqiyotning
muhim shartiga aylanmoqda. Mazkur jarayon insonning tabiat ustidan hukmronlik qilishdan
koʻra, u bilan hamkorlikda yashashga intilayotganini koʻrsatadi.
Suv resurslari bilan
bogʻliq muammolar esa bu haqiqatni yanada yaqqol namoyon etmoqda. Iqlim oʻzgarishi,
aholi sonining oʻsishi va suvdan nooqilona foydalanish natijasida suv tanqisligi
kuchayib, qishloq xoʻjaligi, sanoat va aholi hayotiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu bois, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish
oʻzaro bogʻliq masalalar sifatida qaralmoqda.
Bu esa taraqqiyot va
tabiat oʻrtasida yangi muvozanat izlashni taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbarining
Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida joriy yil uchun belgilangan
beshinchi ustuvor yoʻnalish — ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetikani
rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish aynan shu hayotiy ehtiyojdan
kelib chiqadi.
Iqtisodiy
barqaror model
Bu yoʻnalish, avvalo,
iqtisodiy oʻsishni ekologik masʼuliyat bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan. Yirik
korxonalarda filtrlar, tozalash jihozlari va havoga chiqarilayotgan zararli moddalarni
monitoring qilish stansiyalarini oʻrnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi
ochilishi davlatning atrof-muhitni muhofaza qilishda faol va tizimli yondashuvini
koʻrsatadi. Bu qaror sanoat taraqqiyoti tabiat hisobidan emas, balki ekologik standartlarga
tayanilgan holda amalga oshirilishi kerakligini anglatadi. Chunki tabiatni ifloslab
yaratilgan iqtisodiy oʻsish barqaror boʻla olmaydi.
Yil sayin ekologiya
sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ham muhim strategik ahamiyat kasb etib
bormoqda. Samarqand shahrida Global ekologik jamgʻarmaning navbatdagi assambleyasi
va Markaziy Osiyo xalqaro ekokoʻrgazmasi oʻtkazilishi rejalashtirilgani Oʻzbekistonning
mintaqaviy ekologik tashabbuslar markaziga aylanayotganini koʻrsatadi. Bu tadbirlar
nafaqat tajriba almashish, balki yangi ekologik loyihalarni amalga oshirish, biznes
va hududlar oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun ham keng imkoniyat
yaratadi.
Bugun shaharlarning
ekologik holati qoniqarli emas. Jumladan, Toshkent shahri hamda viloyatidagi minglab
koʻmir va gazda ishlovchi issiqxonalar havoga yuz minglab tonna zararli modda chiqarayotgani
inson salomatligi va shahar muhiti uchun jiddiy tahdiddir. Filtrsiz ishlaydigan
qozonxonalardan voz kechish, issiqxonalarni poytaxt atrofidan koʻchirish va markazlashgan
qozonxonalarga oʻtish ekologik hamda shaharsozlik nuqtai nazaridan ham toʻgʻri qarordir.
Agroklasterlar tashkil etilib, issiqxonalarga alohida subsidiyalar ajratilishi esa
“yashil iqtisodiyot”ni ragʻbatlantirishning amaliy namunasidir.
Transport sohasidagi
muammolar ham ekologik tafakkurni oʻzgartirishni talab qilmoqda. Shaharlardagi tirbandliklar
vaqt va asab bilan birga toza havoni ham “yoʻqotmoqda”. Ekologik stikerlar tizimi
joriy etilishi, yuqori darajada ifloslantiruvchi avtomobillarning shaharlarga kirishini
cheklash inson salomatligini iqtisodiy manfaatdan ustun qoʻyayotgan yondashuvdir.
Davlat tomonidan eski avtomobillarni yangilash yoki ularga filtr oʻrnatish uchun
moliyaviy qoʻllab-quvvatlov taqdim etilishi esa ekologik talablarni ijtimoiy adolat
bilan uygʻunlashtiradi.
Jamoat transportini rivojlantirish, maxsus yoʻlaklar tashkil etish, transport
harakatini intellektual tizimlar orqali boshqarish shaharlarni qulay, ekologik
barqaror makonga aylantirishga xizmat qiladi. Elektromobillarni koʻpaytirish boʻyicha
besh yillik dastur, imtiyozli kreditlar, zaryadlash infratuzilmasini qoʻllab-quvvatlash
— bularning barchasi kelajak shaharlari qanday boʻlishi haqidagi aniq tasavvurni
shakllantiradi. Eng muhimi, bu choralar koʻrilsa, shaharlarimiz ekologik transport
hududlariga aylanishi mumkin.
Ekologik muvozanat
faqat sanoat va transport bilan cheklanmaydi. Chang-toʻzonlarning oldini olish,
iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish maqsadidagi keng koʻlamli
koʻkalamzorlashtirish ishlari tabiatni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli
investitsiyadir. Orolning qurib qolgan tubida, choʻllanishga moyil hududlarda
millionlab daraxt va buta koʻchatlarining ekilishi insonning tabiat oldidagi
qarzini toʻlashga urinishini eslatadi.
Bu islohotlar
bardavom boʻlishi uchun bilim va kadrlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Yashil”
texnikumlar ochish, ekologiya menejerlarini tayyorlash, Markaziy Osiyo yashil
universiteti faoliyatini kengaytirish ekologik muammolarni faqat texnologiya
bilan emas, tafakkur bilan hal etishga qaratilgan yondashuvdir.
Laboratoriyalar, ilmiy tadqiqotlar, shaharlarda tabiiy ventilyasiyani
kuchaytirish boʻyicha izlanishlar ekologiyaga oid qarorlarni ilmiy asosda
ishlab chiqishni taqozo etadi.
Joriy yilda
ekologiya sohasiga 1 trillion 900 milliard soʻm ajratilishi davlatning bu
yoʻnalishga strategik sarmoya kiritayotganini yaqqol koʻrsatadi. Aslida, bu
mablagʻ tabiatga emas, insonning sogʻlom hayoti, barqaror iqtisodiyot va
kelajak avlodlarning munosib taqdiriga kiritilgan investitsiya. Ekologik
muvozanatni taʼminlash tabiat bilan hamkorlikka asoslangan kelajak yoʻlidir.
Energetika
sohasidagi islohotlar ekologik muvozanatni taʼminlash yoʻlidagi eng muhim
qadamlardan. Soʻnggi besh yilda mamlakatimizda quvvati 6000 megavattdan ortiq
boʻlgan quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari ishga tushirilgani
energetika tizimida tub burilish yasadi. Natijada umumiy elektr energiyasi
generatsiyasida “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetdi. Bu raqam faqat texnik
koʻrsatkich emas, balki Oʻzbekistonning qaysi yoʻldan borayotganini koʻrsatib
beradi.
Anʼanaviy energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish, tabiiy resurslardan
oqilona foydalanish va atrof-muhitga tushayotgan bosimni yengillashtirish
“yashil” energetika siyosati ortida turgan asosiy maqsaddir. Zero, bugun
energetika sohasida qabul qilinayotgan qarorlar kelgusi avlodlar hayotiga
taʼsir etadi. Shu maʼnoda, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga yoʻnaltirilayotgan
sarmoya iqtisodiy manfaat bilan birga maʼnaviy masʼuliyatni ham ifoda etadi.
Yaqinda xalqaro hamkorlar bilan birga umumiy quvvati 3500 megavatt
boʻlgan, qiymati 4 milliard 200 million dollarlik yangi “yashil” energetika
quvvatlari qurilishiga start berilgani izchil saʼy-harakatlarning mantiqiy
davomidir. Mazkur loyihalar elektr taʼminotini mustahkamlash bilan birga
ekologik xavfsizlikni taʼminlashda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Xususan, joriy yilning oʻzida 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishi va
havoga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinishi kutilmoqda.
Bu koʻrsatkichlar
mohiyatni ochib beradi: “yashil” energetika iqtisodiy samaradorlik bilan
ekologik barqarorlikni yagona nuqtada birlashtirmoqda. Tabiiy gazni tejash
resursni iqtisod qilish emas, balki kelajak uchun saqlab qolinayotgan
boylikdir. Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalarning kamayishi esa inson
salomatligi, shaharlar havosining tozaligi va umumiy hayot sifati uchun
bevosita ahamiyatga ega.
Aslida, “yashil”
energetikaga oʻtish insonning tabiat bilan munosabatidagi burilishni
anglatadi. Inson tabiatni cheklanmas manba sifatida emas, balki himoya
qilinishi lozim boʻlgan umumiy uy sifatida qabul qila boshlamoqda.
Oʻzbekistonda bu yoʻnalishdagi ishlar ekologik muvozanatni taʼminlash iqtisodiy
taraqqiyotga zid emas, aksincha, uning eng mustahkam poydevori boʻlishi
mumkinligini koʻrsatmoqda.
Shu maʼnoda,
“yashil” energetika sohasida erishilayotgan natijalar Murojaatnomada
belgilangan beshinchi ustuvor yoʻnalishning amaliy ifodasi boʻlib, yangi
Oʻzbekiston taraqqiyotining ekologik, iqtisodiy barqaror modelini
shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Tomchisida
hayot mujassam
Bugun suv tanqisligi insoniyat oldida turgan eng jiddiy va hayotiy muammolardan
biriga aylanmoqda. Iqlim oʻzgarishi, aholi sonining oʻsishi, qishloq xoʻjaligi
va sanoat ehtiyojlarining ortishi suv resurslariga bosimni keskin kuchaytirdi.
Suv endi faqat tabiiy neʼmat emas, balki milliy xavfsizlik, oziq-ovqat
barqarorligi va ijtimoiy taraqqiyotni belgilab beruvchi strategik resurs
sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu bois, keyingi yillarda suvdan oqilona
foydalanish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Zero, suv masalasida kechiktirilgan qarorlar ertaga bartaraf etib boʻlmas
oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu maʼnoda, yaqinda qabul qilingan, qiymati
5,5 milliard dollar boʻlgan suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish,
suv inshootlarini modernizatsiya qilish va sugʻorish tizimlarini yaxshilashga
qaratilgan uch yillik dastur strategik ahamiyatga ega. Bu dastur suv muammosiga
qisqa muddatli emas, balki tizimli va uzoq muddatli yondashuv mavjudligini
koʻrsatadi.
Dastur doirasida
suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovi 61 foizga, yaʼni 2,6 million gektarga
yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu natija qishloq xoʻjaligida suvdan foydalanish
madaniyati tubdan oʻzgarayotganini anglatadi. Natijada yiliga 2,5 milliard kub
metr suv tejalishi, 200 ming tonna bugʻ gazi chiqishining oldi olinishi
kutilmoqda. Mazkur raqamlar ortida nafaqat iqtisodiy samara, balki ekologik
barqarorlik va iqlim oʻzgarishiga qarshi amaliy hissa mujassam.
Suvni tejaydigan
texnologiyalarni joriy etishga joriy yilning oʻzida 3 trillion 300 milliard
soʻm yoʻnaltirilishi davlatning bu sohadagi qatʼiy siyosiy irodasini yaqqol
koʻrsatadi. Chunki suvni tejash xarajatni qisqartirish emas, balki kelajak
uchun resurs saqlab qolish, yer unumdorligini asrash va qishloq aholisining
turmushi sifatini oshirish demakdir.
Suv yoʻqotishlarning katta qismi eski va samarasiz infratuzilma bilan
bogʻliq ekani inobatga olinib, 1300 kilometr yirik magistral kanallarni
betonlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar rejalashtirilgan. Bu maqsadga 3
trillion soʻm yoʻnaltirilib, yiliga qoʻshimcha 500 million kub metr suvni
iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga oʻtkazish
boʻyicha alohida dastur qabul qilinishi suv resurslarini muhofaza qilishda
yangi bosqichni boshlab beradi. 2026-yil uchun bu maqsadlarga 100 million
dollar ajratilishi, Qashqadaryodagi Paxtaobod kanalini bosimli quvurga
oʻtkazish boʻyicha 134 million dollarlik loyiha amalga oshirilishi suvdan
foydalanishda innovatsion yondashuvlar joriy etilayotganini koʻrsatadi. Bu
loyihalar orqali qoʻshimcha 20 ming gektar yer oʻzlashtirilib, yana 25 ming
gektar maydon kafolatli suv bilan taʼminlanadi.
Suv siyosati faqat qishloq xoʻjaligi bilan cheklanib qolmay, shahar
muhitini yaxshilashga ham qaratilmoqda. Bugun poytaxt va yirik shaharlarda
“yashil” hududlarni koʻpaytirish, salqin mikroiqlim yaratish suv aylanish
tizimlarini qayta tiklash bilan bevosita bogʻliq. Shahar koʻchalaridagi
ariqlarda suv oqishi nafaqat estetik, balki ekologik va sanitar ahamiyatga ham
ega. Shu maqsadda 160 million dollarlik dastur doirasida Toshkent shahrida
yuzlab kilometr kanal, kollektor va yopiq drenaj tizimlari barpo etiladi va
taʼmirlanadi.
Mazkur tajriba boshqa hududlarda ham joriy etilib, viloyat rahbarlari
tomonidan qoʻshimcha investitsiya jalb etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu
jarayonlar shaharlarni yashil, qulay va ekologik barqaror makonga aylantirishga
qaratilgan umummilliy harakat shakllanayotganini anglatadi.
Bu islohotlar inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarni qayta koʻrib
chiqishga undaydi. Suvga eʼtiborsizlik kelajakka eʼtiborsizlikdir. Shu maʼnoda,
Oʻzbekistondagi suv islohotlari faqat texnik chora-tadbirlar
majmui emas, balki ekologik tafakkur, masʼuliyat va barqaror taraqqiyot
falsafasining amaliy ifodasidir.
Ham “yashil” energetika,
ham suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasidagi yangilanishlar
Oʻzbekistonning ekologik va iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda asosiy
yoʻnalishlardan biriga aylandi. Soʻnggi yillarda qurilgan quyosh, shamol va
gidro elektr stansiyalari nafaqat energiya taʼminotida mustaqillikni oshirdi,
balki atmosferaga chiqadigan zararli moddalarni sezilarli darajada kamaytirish
imkonini berdi. Shu bilan birga, suvni tejashga qaratilgan katta dasturlar,
magistral kanallar va yopiq drenaj tizimlarini barpo etish, sugʻorish
samaradorligini oshirish orqali qishloq xoʻjaligi va shahar muhiti uchun
barqaror asos yaratmoqda.
Bunda faqat texnik
va iqtisodiy chora-tadbirlar muhim emas. Ular insonning tabiat bilan
munosabatini qayta shakllantirish, ekologik madaniyat va masʼuliyatni
oshirishda ham katta ahamiyatga ega. Davlatning ustuvor strategiyasi orqali
oʻtkazilayotgan islohotlar umummilliy va mintaqaviy ahamiyatga ham ega boʻlib,
Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda ekologik barqarorlik va “yashil” rivojlanish
namunasiga aylantirmoqda.
Bugungi qadamlar
ertangi avlod uchun tozalik, salomatlik va barqaror hayot kafolati sifatida
xizmat qiladi. Shu maʼnoda, ekologiya va energiya sohasidagi har bir
investitsiya, har bir innovatsion loyiha faqat iqtisodiy samara emas, balki
maʼnaviy va strategik ahamiyatga ega. Bugun yurtimizda qilinayotgan ishlar
aynan shunday barqarorlik, muvozanat va masʼuliyat prinsiplari asosida
qurilmoqda. Zero tabiatni asrash, resurslardan oqilona foydalanish va “yashil”
rivojlanishga intilish har bir fuqaroning hayotiy burchiga aylanishi lozim.
Haqiqatan, inson va tabiat oʻrtasidagi ushbu uygʻunlik kelajakka bogʻlangan eng
muhim qadamdir.
Sardor
TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri