“Ekologiya inspektorlaridan nega koʻproq jarima yozish talab qilinyapti?”

    Yashil sayyora 24 Noyabr 2020 1143

    Davlat ekologiya qoʻmitasi “Ekologiya inspektorlaridan nega koʻproq jarima yozish talab qilinyapti?” sarlavhasi ostida xabarga munosabat bildirdi.

    Mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni taʼminlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 15-yanvardagi 29-son qarorga muvofiq Davlat ekologiya qoʻmitasining asosiy vazifalaridan biri mumlakatimizda yer, yer osti boyliklari, suv, oʻrmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan samarali davlat ekologik nazoratini oʻrnatish hisoblanadi.

    Shuni eʼtiborga olgan holda ijtimoiy postda keltirilgan «Qoʻmita rahbari oʻrinbosarlari inspektorlardan koʻproq jarima qilishni, xususan, chiqindi yoʻnalishida ishlaydigan inspektorlardan haftasiga 4-5 tadan jarima qoʻllashni talab qilmoqda. Bu talabni bajarmaganlarning maoshi qirqilar, hatto ishdan boʻshatilar ekan» mazmundagi fikr notoʻgʻri interpretatsiya qilingan.

    Negaki davlat inspektorining asosiy vazifasi unga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida hamda samarali tashkil etish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish, atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini taʼminlash hisoblanadi.

    Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda aholi tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan koʻplab xabarlar joylashtirilmoqda. Mazkur xabarlarni bevosita joyiga chiqib oʻrganish, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etgan hamda etayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish, huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar ekanligini aholiga tushuntirish inspektorlarning bevosita vazifasi hisoblanib, mazkur vazifalarning ijrosini inspektorlardan talab qilinishini «...haftasiga 4-5 tadan jarima qoʻllashni talab» qilish bilan adashtirish nooʻrindir.

    ZOOM orqali haftada 1-2 marotaba tashkil etilayotgan videokonferensiyalardan maqsad esa hududlarda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tezkor hal etish va kelgusidagi ishlarni toʻgʻri rejalashtirish, taqsimlash, shuningdek, xodimlarga malakali faoliyat yuritishlari uchun zarur tavsiya hamda yoʻllanmalarni berishdan iborat.

    Davlat ekologiya qoʻmitasi
    Matbuot xizmati