Ekrandan ekranga: qaysi platforma sizniki?

    Fikr 18 Iyun 2025 479

    Tomoshabinlar onlayn formatga o'tar ekan, televidenie bugun o'z tarixini qayta yozishi kerak. Aks holda o'zi tarixga aylanib qoladi.

    “O'zbekiston” telekanalining “Munosabat” tok-shousida ishtirok etdim. Ko'tarilgan mavzu nafaqat jurnalist yoki soha xodimlari, balki butun jamiyatni o'yga toldiradigan dolzarb yo'nalishda bo'ldi: “Televidenie o'tmishga aylanmoqdami? Yosh avlod nimani tanlayapti?”. Bir qarashda hamma “ha” deb javob berishi aniq. Sababi bugungi avlod internet olamiga to'liq sho'ng'ib bo'ldi. Televizor oldidagi o'rindiqlar bo'shayapti, majoziy ma'noda aytganda, ekran eski, avlodlar esa yangilanyapti. Axborot maydoni — bu endi katta studiya emas, har bir qo'ldagi smartfon dunyo axborotini jamlagan studiyaga aylanmoqda.

    Ta'bir joiz bo'lsa, qaysi kontent kuchli bo'lsa, dunyo uning atrofida aylanadi. Lekin tok-shouda ishtirok etgan barcha ekspertning fikri bunday emas.

    Mavzu juda qiziq va dolzarb. Sababi, bu faqat bizga yoki bizning muhitga tegishli emas, butun dunyoda kechayotgan jarayondir. SHunday ekan, uni o'rganish, tahlil va tadqiq qilish fikri ustuvorlik kasb etdi.

    Zotan, zamon rivojlanib, raqamli texnologiyalar hayotimizga jadal kirib kelishi bilan axborotni iste'mol qilish va tarqatish uslublari ham o'zgarib bormoqda. Bu jarayon faqat O'zbekistonda emas, balki butun dunyo mediasanoatida kuzatilmoqda. Ilgari aholi axborotni asosan televidenie va radio orqali olib, muayyan vaqt va kontentga bog'liq holda yashagan bo'lsa, bugun raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar bu o'rinni egallab bormoqda.

    Xususan, yosh avlod axborot manbasi sifatida televideniedan ko'ra YouTube, TikTok, Telegram va Instagram kabi platformalarni afzal ko'rmoqda.

    Dunyo miqyosida raqamli platforma foydalanuvchilari soni keskin oshmoqda. Masalan, 2024 yil oxirida Netflix dunyo bo'yicha 269,6 million obunachiga ega bo'ldi. YouTube kuniga 5 milliard videorolik ko'riladigan platformaga aylandi. TikTok esa har oylik 1,5 milliard faol foydalanuvchiga ega. Bu platformalar o'rgimchak to'ridek dunyo aholisining ongini egallamoqda. Tahlilchilar, mediabrend egalari esa qo'lida smartfon tutgan avlodga “eski” efirlar qiziq emasligini anglab etdi va yangi evrilishlarga qo'l uryapti. Misol uchun, CNN, BBC, The Guardian kabi nufuzli axborot agentliklari ham YouTube, Facebook va Instagram orqali o'z efirini jonli translyatsiya qilishni yo'lga qo'ygan. Natijada ularning keskin qisqarayotgan auditoriyasi muayyan ma'noda “tinchlandi”.

    Yoshlar nega raqamli platformalarni tanlayapti?

    Tok-shouda ishtirok etgan ekspertlar fikricha, raqamli platformalar, avvalo, axborot va ko'ngilochar kontentni istalgan vaqtda, istalgan joyda, istalgan qurilma orqali ko'rish imkoniyatini beradi. Bu erkinlik esa televidenieda mavjud emas.

    Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda kontent interaktiv — foydalanuvchi layk bosadi, izoh qoldiradi, o'z videosini qo'yadi. Televidenieda esa auditoriya passiv.

    Uchinchidan, raqamli platformalarda kontent tanlovi keng va xususiylashgan. YouTube yoki TikTok algoritmlari foydalanuvchining qiziqishiga mos videolarni tavsiya qiladi.

    Xalqaro mediatahlilchi Sem Xarris bunday deydi: “Zamonaviy yoshlar axborotni faqat ko'rishni emas, unda ishtirok etish, fikr bildirish, ijod qilishni xohlaydi. Buni esa televidenie taqdim etish imkoniga ega emas”.

    “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bosh muharriri Islom Hamroev juda o'rinli va aniq fikrni ilgari surdi: “Nega biz bugungi yoshlarning ortidan ergashishimiz kerak? Nima uchun ular bizning ortimizdan ergashmaydi? Ilgari yoshi kattalardan doim o'rnak olinar, ularning an'analari davom ettirilar edi”.

    To'g'ri fikr, ustoz jurnalistning kuyinib gapirganicha bor. Lekin... ortimizdan yoshlarni ergashtirishga nima qarshilik qilyapti? Qanday to'sqinliklar bor? Hech qanday to'siq yo'q. Quruq gaplarda emas, amalda nega ergashtira olmayapmiz yoshlarni? Aksincha, ularning xohish va istaklari ortidan, zamonaviy til bilan aytganda, ularning trendi ortidan ergashyapmiz, degan o'rinli e'tiroz ham bildirildi. Yoshlar bilan raqobatlashish uchun, avvalo, ularning orzusi, qiziqishi va dardi nimaligini bilish kerak. SHunday ekan, ular bilan hisoblashishga majburmiz.

    O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'qituvchisi Nishona Isaevaning aytishicha, yoshlar axborotni iste'mol qilishda vaqt va joy cheklovisiz erkinlikni qadrlaydi. Bu imkoniyatni esa aynan raqamli platformalar bera oladi. SHu bois, axborotni izlash, tahlil qilish va unga munosabat bildirish borasida ham yoshlar faollashmoqda. Bu tendentsiyani televidenie to'xtatishi qiyin, balki o'z uslubini zamonaviylashtirishi kerak.

    Televidenie o'z auditoriyasini saqlab qoladimi?

    Juda o'rinli va dolzarb savol. Bu muhokama ancha yildan beri soha mutaxassislari va ekspertlarni o'ylantirib kelmoqda. Hammaning fikri har xil. Kimdir rasmiy telekanallar o'z uslubida ishini davom ettiraverishi kerak, desa, boshqa birov televidenie zamonga moslashishi, internetga integratsiyalashishi kerak, deydi.

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo'lim boshlig'i Ma'murjon Parpievning qayd etishicha, televidenie umuman yo'qolib ketmaydi. Lekin o'zgarishi shart. Hozir ko'p telekanallar YouTube platformasida o'z sahifalarini ochgan, mobil` ilovalar ishlab chiqqan.

    “UzReport TV”, “MY5”, “Sevimli TV”, “Zo`r TV” kabi telekanallar YouTube platformasida million martalab ko'riladi. Bundan tashqari, televidenie striming, interaktiv ko'rsatuvlar va jonli efir orqali raqobatbardoshligini saqlab qolishi mumkin. Televidenie raqamlashmay, interaktiv uslublarni joriy qilmay turib, yoshlar orasida auditoriyasini saqlab qololmaydi.

    – YouTube platformasining o'zbek segmentidagi video va qisqa lavha (ril`s)larning nomi odamni vahimaga soladi. U erdagi videolavhalar bilan ijtimoiy-siyosiy yo'nalishdagi milliy kontentlar raqobatlasha oladimi? Raqamli platforma kontenti ustidan to'liq nazorat qilish muammosi bor, – deydi xalqaro sharhlovchi Sharofiddin To'laganov. – Yoshlar orasida yolg'on axborot, yoshlar psixologiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi videolar tarqalishi kuzatilmoqda. Masalan, TikTok tarmog'ida ba'zi chalg'ituvchi trendlar, yoshi kichiklar uchun zararli videolar ham bor. SHu sababli raqamli mediasavodxonlikni oshirish, platformalarning mas'uliyatini kuchaytirish muhim.

    Darhaqiqat, kontent ta'siri juda kuchli. Chunki u inson ongi, ruhiyatini boshqarishga qodir. Axborot maydonida jim qolish o'z ixtiyoringni boshqalarga topshirish, degani. Yoshlar esa bu jangda eng muhim ob'ekt.

    Bugun kontentni iste'mol qiluvchi emas, uni ishlab chiquvchi bo'lishni istagan avlod paydo bo'ldi. Bu avlod efir oldida emas, platforma yuzasida yashamoqda. Shunday ekan, televidenie o'z o'rnini saqlab qolishi uchun, avvalo, yoshlarni tinglashi va ular bilan bir tilda gaplasha olishi kerak.

    Maqolani yozish jarayonida shu yo'nalishdagi xalqaro tajriba bilan qiziqdik. Germaniyada raqamli platformalar orqali tarqatiladigan kontent nazorati uchun maxsus davlat organlari faoliyat yuritadi. Frantsiya va Yaponiyada esa maktab yoshidan bolalarga raqamli mediasavodxonlik darslari o'tiladi.

    Telejurnalist, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Nilufar Umrzoqovaning fikricha, yoshlar televideniedan ko'ra raqamli platformalarni afzal ko'rar ekan, bu jarayonni to'xtatib bo'lmaydi, ammo uni to'g'ri boshqarish mumkin. Televidenie raqamlashishi, interaktivlashishi va yoshlar istagiga mos kontent ishlab chiqishi lozim. Shu bilan birga, raqamli platforma kontentini nazorat qilish va mediasavodxonlikni oshirish davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biri bo'lib qoladi.

    Ekranlar almashinuvi: axborot olish uslubi qanday o'zgardi?

    Televidenie uzoq yillar davomida eng muhim va mashhur ommaviy axborot vositasi bo'lib keldi. O'tgan asrning 50-yillarida televidenie asri boshlandi va u XXI asr boshiga qadar o'z pozitsiyasini boshqa turdagi mediaga bo'shatmadi.

    Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan asta-sekin televidenie auditoriyasi raqamli makonga ko'chdi. Oxirgi 7-10 yilda bu jarayon keskin tezlashdi. Masalan, AQShda 2020 yilda telekanallar auditoriyasi 2019 yildagiga nisbatan 10 foiz qisqargan. Buyuk Britaniyada o'rtacha 1 yillik televizor ko'rish vaqti 11 daqiqaga kamaygan. Aksincha, striming platformalar 2020 yilda o'z auditoriyasini keskin oshirishga muvaffaq bo'ldi.

    Tahlillar televidenie tomoshabini kamayib borayotganini ko'rsatmoqda. Bu an'anaviy OAV oldiga yangi chaqiriqlar qo'ymoqda va mediastrategiyalarni ishlab chiqishni talab qilmoqda.

    Tahlillarimizga ko'ra, televidenie hozir ham global mediabozorda muhim rol o'ynamoqda. 2029 yilga borib, televideniening global auditoriyasi soni 5,5 milliard kishini tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Bu 2024 yildagiga nisbatan 3,8 foiz ko'p.

    “Zenith” xalqaro agentligi ma'lumotiga ko'ra, 2009 yilda sayyora aholisi har kuni 188 daqiqa vaqtini televizor ko'rishga, 48 daqiqani esa internet uchun sarflagan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2020 yilga kelib TVda 168, internetda 180 daqiqani tashkil etdi.

    Tadqiqotlarga asosan, an'anaviy ommaviy axborot vositasi (bosma va televidenie) auditoriyasi 2017 yilgi 63 foizdan 2022 yilda 51 foizgacha qisqargan.

    Alohida davlatlar misolida ko'rsak, AQShda telekanallar har yili o'rtacha 2-3 foiz tomoshabinini yo'qotmoqda. Xitoy va Hindistonda TV mashhur va ommabopligini saqlab qolayotgan bo'lsa-da, bu erda ham aksariyat foydalanuvchilar, ayniqsa, yoshlar onlayn platformalarni tanlamoqda.

    Natijada global reklama bozori ham asta-sekin an'anaviy OAV o'rniga internet va ijtimoiy tarmoqlardagi reklama beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytiryapti.

    Masalan, 2024 yilda global onlayn reklama bozori 800 milliard dollardan oshdi. Telekanallarda namoyish etilayotgan reklamalar esa qiymati 168 milliard dollarni tashkil qilgan. O'tgan yili umumiy reklama bozorining 72,9 foizini raqamli reklama tashkil etgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2025 yilda 76,8 foiz bo'lishi taxmin qilingan. TVda esa aksincha — 2024 yilda uning ulushi reklama bozorida 16 foiz bo'lgan.

    O'zbekistonda ham oxirgi yillarda internet foydalanuvchilari soni keskin oshib bormoqda. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma'lumotiga ko'ra, 2017-2025 yillarda ular soni 14,7 milliondan 32,7 millionga oshgan. Xususan, “Telegram”dan 28 million, “Odnoklassniki”dan 19,2 million, “Facebook”dan 2,3 million,“VKontakte”dan 1,5 million, “LinkedIn”dan 850 ming, “Twitter”dan 250 ming o'zbekistonlik foydalanmoqda.

    Mazkur raqamlar axborot olishning asosiy manbasi sifatida ijtimoiy tarmoqlar va internet platformalari an'anaviy OAVlar pozitsiyasini egallayotganini ko'rsatmoqda. Bu esa telekanallar oldiga bir qancha vazifalar qo'yadi: ular zamonaviy raqamli platformalarga integratsiya qilinib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga auditoriyani yanada keng jalb qilishi lozim.

    Raqamli davrda omon qolish strategiyasi

    O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Amrullo Karimovning qayd etishicha, birinchi navbatda, raqamli platformalarga integratsiyani kuchaytirish lozim. Auditoriya qisqarishiga qaramay, shakllangan an'analar va kuchli tahririyat jamoasi mavjudligi telekanallarga ishonchning saqlanib qolishiga sabab bo'lyapti. Mana shu kuchli jihatlarni saqlab qolgan holda TVning onlayn platformalardagi sahifalarini yangilash, auditoriyaga mos axborotni joylash va tushunarli, sodda tarzda etkazish orqali tomoshabinni televideniega qaytarish mumkin.

    Tadqiqotlarga ko'ra, axborot dasturlari va sport musobaqalarining aksariyati televidenie orqali tomosha qilinmoqda. Telekanallar ijtimoiy tarmoq yoki messenjerlardagi sahifalari orqali shu kabi axborotni to'g'ridan to'g'ri efirga uzatish orqali auditoriyasini ko'paytirishga erishishi mumkin. Masalan, ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilarni qamrab olish maqsadida CNN Facebook orqali eng muhim dasturlarini real vaqt rejimida yoritib boradi.

    Bundan tashqari, BBC 2030 yilga borib tele va radioefirlarni tugatib, to'liq onlayn formatda ishlashga o'tishni rejalashtirgan.

    Tok-shouda telekanallar o'z platformasini yaratishi orqali auditoriyani saqlab qolishi va kengaytirishi mumkinligi ta'kidlandi. Xorijning etakchi telekanallari allaqachon mobil` dasturlarini ishlab chiqqan. Masalan, VVS “BBC iPlayer” platformasi orqali auditoriyasini 15 foiz oshirishga muvaffaq bo'ldi.

    Yoki yirik striming platformalarida o'zining eng mashhur va reytingi baland dasturlarini joylash orqali tomoshabinlar sonini ko'paytirish mumkin. 2023 yilda 87 foiz amerikalik striming servislaridan foydalangan. An'anaviy TV ulushi 10 foiz tushib ketgan. Tomoshabinlar onlayn formatga o'tar ekan, televidenie bugun o'z tarixini qayta yozishi kerak. Aks holda o'zi tarixga aylanib qoladi.

    AQSHning ABC, NBC va CBS telekanallari Hulu platformasi bilan hamkorlik qiladi va o'zining eng mashhur shoularini unga joylashtirib boradi. Bu orqali ular brend va efir jadvalini saqlab qolib, yoshlarni ko'proq o'ziga jalb qilish imkoniyatiga ega bo'ladi.

    Bundan tashqari, auditoriyaning xohishini o'rganish, ular orasida doimiy so'rovnoma o'tkazish orqali ham telekanallar reytingini saqlab qolishga harakat qilmoqda. G'arb va MDHning ayrim davlatlari (Qozog'iston, Rossiya)da telekanallar tez-tez bu kabi so'rovnomalar o'tkazib turadi. Ba'zi holatlarda ushbu jarayonga maxsus sotsiologik markazlar ham jalb qilinishi mumkin.

    SVT telekanali (SHvetsiya) tajribasi alohida e'tiborga molik. 2017 yildan boshlab ushbu telekanal tomoshabinlar bilan kofe-breyklar tashkil qilib keladi. Mazkur uchrashuvlarda auditoriyaning TV dasturlariga munosabati o'rganiladi. Uchrashuvlar yakuni bo'yicha SVT yangi mediastrategiya ishlab chiqdi va transformatsiyani amalga oshirdi. Bu orqali aholining 20-39 yoshli toifasi orasida tomoshabinlar ko'payishiga erishildi.

    Yangi davr yoki televideniening so'nggi sahifasi

    Yana bir muhim nuqta — kontentga investitsiya kiritish. Sifatli telemahsulot katta mablag' talab qiladi. Muvaffaqiyatli loyiha telekanal reytingini ko'tarishi bilan birga yaxshigina daromad ham olib keladi. Misol uchun, HBO telekanali mashhur “Taxtlar o'yini” seriali uchun 2 milliard dollar sarflagan. Bu telekanalga loyihaning oxirgi mavsumida qo'shimcha 19 million tomoshabin jalb qilishga yordam bergan. So'rovnomalarga ko'ra, striming servislari foydalanuvchilarining 85 foizi eksklyuziv kontent uchun pul to'lashga tayyor.

    Maqolani yozish jarayonida xalqaro tajribalarga jiddiy e'tibor qaratdik. Masalan, Netflix dunyo bo'yicha kuniga 1 milliard soat video ko'riladigan yagona striming platforma. YouTubeda esa har kuni 500 soatlik video yuklanadi, kuniga 5 milliard videorolik ko'riladi.

    Hozir yoshlar televizor oldida o'tirib, efir vaqtini kutishni deyarli to'xtatgan. Masalan, 2024 yilda O'zbekistonda Instagram foydalanuvchilari soni 9,4 millionga etdi. Bu aholining taxminan 27 foizi. eng katta foydalanuvchilar guruhi 18-24 yoshlilar bo'lib, ular 41,4 foizni tashkil etadi.

    TikTok ham shiddat bilan o'smoqda. 2025 yil boshida O'zbekistonda 18 yosh va undan katta foydalanuvchilar soni 2,57 millionga etdi. Bu platformalar yoshlar uchun axborot va ko'ngilochar kontent manbai sifatida an'anaviy televidenieni orqada qoldirmoqda.

    2024 yil yakunidagi ma'lumotga ko'ra, O'zbekistonda Netflix foydalanuvchilari soni taxminan 301 ming atrofida. Bu raqam mamlakat aholisining 1 foizdan kamrog'ini tashkil etadi.

    Bu raqamlar televideniening yoshlar orasidagi ahamiyati pasayib borayotganini ko'rsatadi. Yoshlar erkinlik, interaktivlik va istagan vaqtda kontentga etib borish imkoniyatini qadrlaydi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, televidenie zamon talablariga moslashishi, raqamlashishi va yangi formatlarda kontent taqdim etishi zarur.

    Zamon o'zgarmoqda. Yoshlar endi istagan vaqtda, istagan joyda axborot olishni, fikr bildirishni, dunyo bilan muloqot qilishni xohlayapti. Raqamli platformalar bu imkoniyatni beryapti. Televizorning afzalligi vaqt bilan bog'liq edi. Internet esa vaqtni ham, masofani ham yo'qqa chiqardi.

    Tok-shoudan chiqargan xulosamiz shu bo'ldi: televidenie umuman yo'qolib ketmaydi. U hamon ko'pchilikning xotirasi, qadriyatlar oynasi. Lekin agar zamon talabiga moslashmasa, bu ko'zguda yoshlar o'zini ko'rmay qo'yadi. Shuning uchun mediamaydonda endi kurash emas, hamkorlik kerak — telekanallar va raqamli platformalar birgalikda axborot sifati, tarbiya va milliy qadriyatlarga xizmat qilishni o'rganishi zarur.

    Chunki internet va smartfonlardan foydalanayotgan yoshlar — ertangi jamiyatimiz. Ular qaysi platformani tanlashidan qat'i nazar, haqiqiy, sog'lom va foydali axborotga ega bo'lishi shart. Bu — bizdan, kattalardan, media sohasi va jamiyatdan talab qilinadigan jiddiy mas'uliyat.

    Abu Bakir O'ROZOV,

    jurnalist