2021-yilda 878 ming dollar qiymatidagi 1219,8 ming tonna aysberg salati Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya va Chexiya davlatlariga eksport qilingan.
Dunyo boʻyicha sabzavotlarning 1 200 dan ortiq turi uchraydi, shundan 600 koʻp turi madaniylashgan: Yaponiyada 180-200 ta, Rossiyada 80-90 ta, Yevropada 100-120 ta. Oziq-ovqat ehtiyojlari uchun yurtimizda 35-40 ta, asosiy isteʼmol qilinadigani 10-12 ta turni tashkil etadi. Respublikada “mahsulot liniyasi”ni kengaytirish uchun ehtiyoj bor. Mamlakatimiz ilmiy-tadqiqot muassasalarida esa bu masalani hal etish boʻyicha samarali ishlar olib borilyapti.
Hozirgi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlarida salat asosan issiqxona sabzavoti hisoblanadi. Gʻarbiy Yevropa, AQSH, Yaponiyada keng tarqalgan boʻlib, u yerda aholi jon boshiga yiliga 10 kilogrammdan ortiq ishlab chiqariladi. Boshqa sabzavotlar bilan taqqoslaganda, ushbu sabzavot qisqa vegetatsiya davrili, butun yer ustki qismining isteʼmolbopligi, yetishtirishning kam xarajatliligi, yil davomida hosil olish imkoniyati kabi afzalliklarga ega.
Aysberg – bosh salatining navlaridan biri. Uning oʻziga xos xususiyatlari – tiniq shirin bargi va karamning zich boshi. Aysberg salatining asosiy afzalligi – uzoq muddatli saqlash imkoniyatidir. Zich strukturasi tufayli u soʻnmaydi va uzoq vaqt davomida yangi boʻlib qoladi. Tozalash va tashish uchun qulay. Bu afzalliklar ushbu hosilni eksport qilish uchun jozibador omillardir.
Salatning (Latua sativa L.) botanik turi Astradoshlar (Asterayeaye) (Murakkabguldoshlar) oilasiga mansubdir. Salat mazali parhez mahsulotidir. Unda shakar 3-6%, oqsil 3%, kaliy mineral tuzi, kalsiy, fosfor, temir, uglevodlar yaxshi saqlangan. U multivitaminli oʻsimlik boʻlib, karotin, S, V6 vitaminlar, biotin, nikotin va foliy kislotalariga ega. Bosh salat navlarida karotin va V guruhidigi vitaminlar oqbosh karamga nisbatan ancha yuqori. Undagi R vitamini mavjudligi migren, meningit va gipertoniyani davolashda juda foydali hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti maʼlumoti asosida tayyorlandi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.