Tadbir Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 15-16-iyul kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga bagʻishlandi.

Videokonferensiyadan koʻzlangan maqsad Yevropa siyosiy-diplomatik, ekspert-tahliliy, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari eʼtiboriga Oʻzbekiston tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ilgari surilgan tashabbusni havola etishdan iborat.

Tadbirda soʻzga chiqqan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo-sotiqning amalga oshirilmagan salohiyatini baholash uchun sammit ishtirokchilariga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilining natijalarini taqdim etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari oʻz nutqida mintaqa mamlakatlari oʻrtasida amalga oshirilmagan savdo-sotiq salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlariga toʻxtaldi.

Xususan, 2020-yil yakunlariga koʻra Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi umumiy savdo aylanmasi 4,4 milliard dollarni yoki ularning umumiy tashqi savdo aylanmasining (142,6 mlrd. dollar) 3,2% ni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasidagi eng katta ulushni Qozogʻiston (52,8%), Oʻzbekiston (31,2%) va Turkmaniston (10,4%) egallaydi.

BCG xalqaro konsalting kampaniyasining “Markaziy Osiyo investitsiyasi: bitta mintaqa, koʻp imkoniyatlar” deb nomlangan hisobotiga koʻra, 2018-yildan keyingi 10 yil davomida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha Markaziy Osiyo salohiyati 170 milliard dollargacha, shu jumladan, qayta ishlash sanoatiga 40-70 milliard dollarga qadar baholanmoqda.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari eksporti va Janubiy Osiyo mamlakatlari importi tarkibini qiyosiy tahlil qilish shuni koʻrsatdiki, bir-biriga mos keladigan tovar buyumlariga koʻra, Janubiy Osiyo mamlakatlari importi qariyb 560 milliard dollarni tashkil qiladi.

– Albatta, bu Markaziy Osiyo davlatlari Janubiy Osiyo mamlakatlari importining belgilangan hajmini almashtirishi mumkin degani emas, lekin bu oʻzaro savdoda foydalanilmagan salohiyat mavjudligini koʻrsatadi, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov. – Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan, ayniqsa, Afgʻoniston, Hindiston va Pokiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Masalan, 2019-yilda Janubiy Osiyo mamlakatlari 8,6 milliard dollarlik kimyoviy oʻgʻitlar import qilgan.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi bozorga 384,3 million dollarlik kimyoviy oʻgʻitlar eksport qildi, shundan atigi 32,3 million dollari Janubiy Osiyo mamlakatlariga boʻlgan. Shu jumladan, Oʻzbekiston 2019-yilda 135,9 million dollarlik mineral oʻgʻitlar eksport qilgan boʻlsa, shundan faqat 24,9 million dollari Janubiy Osiyo mamlakatlariga, asosan Afgʻonistonga 24,1 million, Hindistonga 0,4 million va 0,3 million Shri Lanka hissasiga toʻgʻri keladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari shuni koʻrsatdiki, Markaziy Osiyo davlatlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, bugʻdoy, meva, sabzavot, dukkakli ekinlar hamda yongʻoqlar eksportini koʻpaytirish uchun hali amalga oshmagan imkoniyatlar mavjud.

Hisob-kitoblarga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari eksportining eng katta hajmlari uning geografik yaqinligi, shuningdek, Oʻzbekiston va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida soʻnggi yillarda yaratilgan transport infratuzilmasining mavjudligi tufayli Afgʻonistonga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston 2023-yilga qadar Afgʻoniston bilan oʻzaro tovar aylanmasining yillik hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda, shuningdek, u bilan “Imtiyozli savdo shartnomasi”ni imzolanishini rejalashtirmoqda.

Yigʻilishda Yevropa tomoni Yevropa Ittifoqining oʻzaro aloqa va kommunikatsiyalarni qurish boʻyicha tajribasi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun alohida qiziqish uygʻotishi mumkinligi qayd etildi. Mutaxassislar tomonidan 5 ta asosiy bosqich, xususan, globallashuv, oʻz-oʻzini izolyatsiyadan chiqarish yoʻli, xalqaro savdo, barqarorlik va hamkorlikni rivojlantirish belgilab olindi.

Tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollarining asosiy yoʻnalishlari haqida soʻz bordi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining janubiy dengiz portlariga chiqishni taʼminlovchi yangi transport yoʻlaklarini qurish, energetika sohasidagi hamkorlik (elektr energiyasi, tabiiy gaz, neft mahsulotlarini eksport qilish), oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish, shuningdek tashqi savdoni kengaytirish va diversifikatsiya qilish zarur.

Shu bilan birga, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Markaziy va Janubiy Osiyo Afgʻoniston bilan chegarada bogʻlanganligini, bu ikki mintaqa oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini bajarishini taʼkidladi.

Zero, Afgʻonistondagi vaziyatning barqarorlashishi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni oʻrnatish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida transport-kommunikatsiya aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini kengaytiradi.