Nizomga koʻra, maqsadli stajirovkaga yuborish boʻyicha nomzodlarni saralab olish Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.

Buyurtmachi tashkilotlar har yili 10-noyabrgacha kadrlar tayyorlashga boʻlgan ehtiyojlar toʻgʻrisida lavozim va yoʻnalishlar kesimida Agentlikka maʼlumotlar taqdim etadi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashi 15-yanvargacha stajirovka dasturining xorijiy mamlakatlar kesimidagi kvotalarini tasdiqlaydi.

Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan nomzodlar roʻyxatini shakllantirishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:

  • stajirovka dasturiga mos mutaxassisligi boʻyicha kamida 3-yillik ish tajribasi, shu jumladan oxirgi 12 oy davomida ushbu sohada ishlagan boʻlishi;
  • davlat tilini bilishi;
  • stajirovka oʻtash rejalashtirilgan xorijiy tashkilotning shartsiz taklifnomasi mavjudligi.

Saralash tartibi quyidagicha:

  • test sinovlari;
  • nomzodlar bilan suhbat.

Test sinovlaridan 71 foiz va undan yuqori koʻrsatkichga ega nomzodlar suhbat jarayoniga jalb etiladi.

Gʻolib deb topilgan mutaxassislar, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Agentlik, buyurtmachi tashkilot va moliyaviy (qoʻshimcha) kafil oʻrtasida shartnoma tuziladi.