Yevropada transferlar avjiga chiqqan pallada Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning keyingi mavsumni qayerda boshlashi toʻgʻrisidagi savol hamon ochiq turibdi. Futbolchi Rimning “Roma” klubi bilan 2026-yilga qadar shartnoma imzolagan. Lekin Shomurodov jamoa bosh murabbiyi Joze Mourinyoning yangi mavsum uchun rejalaridan oʻrin olmagan. Rim klubi Eldor boʻyicha har qanday taklifni koʻrib chiqishga tayyor.
Oʻtgan hafta “RomaPress” oʻzbekistonlik futbolchiga “Lechche” klubi qiziqish bildirayotganini yozgandi. Xabarda aytilishicha, oʻtgan mavsum A Seriyada 16-oʻrinni egallagan lechcheliklar yangi mavsum oldidan hujum chizigʻini Shomurodov bilan kuchaytirmoqchi. Oʻtish transfer orqali amalga oshadimi yoki ijara asosidami, hozircha nomaʼlum.
Keyinroq matbuotda Eldorga Ispaniyaning “Jirona” klubi qiziqish bildirayotgani haqida ham xabar paydo boʻldi.
Kuni kecha esa TuttoSagliari nashri oʻzbekistonlik 28 yoshli hujumchi Italiyaning “Kalyari” klubiga oʻtishi mumkinligi haqida yozdi. Qayd etilishicha, jamoa bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri Shomurodovni oʻz jamoasi safida koʻrishni istamoqda.
Italiyalik 71 yoshli taniqli mutaxassis yanvar oyida “Kalyari” bosh murabbiyiga aylangach, B Seriyada 14-oʻrinda borayotgan klubni yarim yil ichida peshqadamlar safiga koʻtarib, mavsum yakunida pley-off orqali A Seriyaga olib chiqishga muvaffaq boʻldi. Ranyeri A Seriya yangi mavsumi oldidan jamoasi tarkibini kuchaytirishni rejalashtirgan.