Elektron sigaretlardan qachon voz kechamiz?

    2022 yilda sayyoramiz bo'yicha 20 milliondan ortiq saratonga chalingan bemor va 10 millionga yaqin o'lim holatlari qayd etildi.

    Onkologik kasalliklardan o'lim sabablari orasida o'pka saratoni etakchilik qilgan — 18,7 foiz. Bu dard 1,8 million kishining hayotiga zomin bo'ldi.

    Dunyodagi eng qimmat boylik — salomatlik. Uni asrash o'z qo'limizda.

    Bugun dunyoda ommalashayotgan elektron sigaretalar chekish epidemiyasidan O'zbekiston ham chetda emas. Ushbu zararli odatga o'rganayotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etayotgani yanada tashvishli.

    Xushbo'ylantiruvchi moddalar bolalar, yoshlarning tamaki mahsulotlarini chekishga ishtiyoqini oshiradigan asosiy sabablardan biridir. Chunki ular nikotinli aerozol` (tutun)ning yoqimsiz ta'mini yashiradi.

    Tamaki sanoati aromatizatorlar sifatida turli tabiiy va sun'iy vositalardan foydalanadi. Ulardan foydalanish aynan mazkur mahsulotni unga ta'm va xushbo'ylik berish yo'li bilan faol va potentsial kashandalar ko'zi oldida jozibali qilishga qaratilgan. Shirinliklar, saqich yoki oziq-ovqat mahsulotlarini eslatadigan ta'm beruvchi moddalar elektron sigaretaning bemaza ta'mini niqoblaydi, iste'molchi sog'lig'i uchun foydali yoki unga quvvat beradi, degan tasavvur hosil qiladi.

    — Elektron sigaretalar suyuqlikni aerozollar hosil bo'lgunicha qizdiradi, foydalanuvchi shu aerozoldan nafas oladi. elektron sigaretalar uchun ushbu suyuqliklar tarkibida nikotin (ammo tamaki emas!) va boshqa qo'shimchalar, xushbo'ylantiruvchi va odam sog'lig'i uchun zaharli kimyoviy moddalar bo'ladi, — deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti mutaxassisi Shuhrat Shukurov. — Elektron sigaretalarda ishlatiladigan aromatizatorlarning soni 7500 dan ortiq. Ba'zi bozorlarda 16 mingga yaqin betakror ta'mni topsa bo'ladi, ularning aksariyati bolalarga yoqadi. Chunki xushbo'ylantiruvchi moddalar nikotinli aerozolning achchiq, yoqimsiz ta'mi va hidini yashiradi, insonning birinchi marta elektron sigaretalarni tatib ko'rish haqidagi qarorida hal qiluvchi rol` o'ynaydi. Aromatizatorlar elektron sigaretalardan foydalanishni yoqimliroq qiladigan sharoitlarni ta'minlaydi — aerozollar nafas olishni engillashtiradi va elektron sigareta chekishning zararini sezdirmaydi.

    Xalqaro amaliyotda aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar sog'lig'ini muhofaza qilish va elektron sigareta(veyp)lar chekishni qisqartirish maqsadida keskin choralar keng qo'llanilmoqda. Bunday yondashuvni qo'llayotgan mamlakatlar soni ortmoqda. Uzoqqa bormaylik, yaqinda Qozog'iston parlamenti xorijdan elektron sigareta(veyp)lar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi.

    2022 yilda sayyoramiz bo'yicha 20 milliondan ortiq saratonga chalingan bemor va 10 millionga yaqin o'lim holatlari qayd etildi. Onkologik kasalliklardan o'lim sabablari orasida o'pka saratoni etakchilik qilgan — 18,7 foiz. Bu dard 1,8 million kishining hayotiga zomin bo'ldi.

    Ana shunday noxush holatlarning oldini olish uchun Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti 2023 yil dekabr` oyida elektron sigareta iste'moli, realizatsiyasi va targ'ibotini nazorat qilish hamda tartibga solish yuzasidan hukumatlarga shoshilinch tavsiyalar berdi.

    Shunday ekan, bugun oldimizda bitta savol turibdi: biz elektron sigaretalardan qachon voz kechamiz?

    Risolat MADIEVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri