Elektron tibbiy xizmatlar qamrovi kengayadi

    Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish, tibbiy xizmat sifatini xalqaro andozalar darajasiga koʻtarish, aholi salomatligini mustahkamlash, tizimga zamonaviy axborot texnologiyasini joriy etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz yaqinda qabul qilgan “Sogʻliqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tibbiyot sohasida boshlangan ijobiy oʻzgarishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

    Abdulla AZIZOV, sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari:

    Bugungi kunda sogʻliqni saqlash sohasida IT yechimlarni amalga oshirishda yagona siyosat va standartlar yaratish, tibbiyot hujjatlarining qogʻoz shaklida yuritilishi, statistikani shakllantirishda ayrim qiyinchilik va muammolar mavjudligi sir emas. Shuningdek, xususiy sektorlar tomonidan yaratilayotgan axborot tizimlarining aksariyati axborot xavfsizligi, vazirlik va boshqa tibbiyot muassasalari bilan maʼlumot almashinuvi va integratsiyalashuvi talablariga toʻliq javob bermasligi, yagona standartlardan foydalanilmayotgani, ish jarayoni yagona platformaga moslashtirilmagani sababli ular kutilgan samarani bermayapti.

    Prezidentimiz qarorida sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirish yoʻnalishida qabul qilingan dasturlarni samarali amalga oshirish maqsadida vazirlikning “Axborot­kommunikatsiya tex nologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi negizida “IT­Med” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish vazifasi belgilandi. “IT­Med” MCHJ “Axborot­kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” DUKning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi. Uning zimmasiga sogʻliqni saqlash tizimi va tashkilotlaridagi jarayonlarni optimallashtirish, ratsionallashtirish, standartlashtirish va avtomatlashtirish, sohada axborot tizimlarini rivojlantirish uchun amalga oshiriladigan hamda xalqaro moliya tashkilotlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik­iqtisodiy parametrlari, konsepsiyalari hamda boshqa loyiha va loyihaoldi hujjatlarni tayyorlash kabi qoʻshimcha vazifalar yuklatilmoqda.

    Shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika sohasida axborot texnologiyasi va kommunikatsiyalari siyosati va standartlarini, “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash, sogʻliqni saqlash tizimida biznes jarayon va IT­reinjiniringni rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish koʻzda tutilgan. Mazkur jarayonga investorlar, biznes hamkorlar va autsorsing xizmatlarini jalb qilish muhim vazifa sifatida belgilandi. Sogʻliqni saqlash sohasida joriy etilayotgan axborot tizimlari va oluvchi axborot tizimi yagona platformasini joriy etish bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.

    Sogʻliqni saqlash tizimidagi biznes jarayonlarni reinjiniring qilish va raqamlashtirish natijasida sohadagi ishlarni tashkil etishning hozirgi holati oʻrganiladi, tibbiyot muassasalarining biznes jarayonlari modellashtiriladi, optimallashtiriladi va avtomatlashtiriladi. Respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalari faoliyatida biznes jarayonlar standartlashtiriladi.

    Sogʻliqni saqlash sohasidagi axborot tizimlari, resurslari va boshqa dasturiy mahsulotlarni yaratish va joriy etish “IT­Med” MCHJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi ushbu muammolar yechimiga xizmat qiladi. Aholini keng doirada interaktiv elektron tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish maqsadida maxsus dastur va mobil ilovalar ishlab chiqiladi.