Elektron toʻlovlarda firibgarlik, aldash yoki ishonchni suisteʼmol qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi muhokama etildi

    Xavfsizlik 29 Avgust 2022 2351

    Shu yil 29-avgustda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun hamda Davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022-yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati muhokama etildi.

    Muhokama davomida Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartirishlar kiritilayotganligi aytib oʻtildi.

    Xususan, mamlakatimizda elektron toʻlov vositasidan firibgarlik, yaʼni aldash yoki ishonchini suisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkiga boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritish bilan bogʻliq jinoyatlarni Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalarini ogʻirlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan toʻldirilayotganligi qayd etildi.

    Shuningdek, qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik qilish, tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilyapti.

    Natijada mamlakatimizdagi madaniy meros obyektlarni (yodgorliklarni) himoyasini taʼminlash hamda muqaddas qadamjolarimizning munosib saqlanishiga erishilishiga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, majlisda davlat organlari va tashkilotlari tizimida

    2022-yil birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati muhokama etildi.

    Senat tomonidan ayrim davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022-yil birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holati oʻrganilib, murojaatlar bilan ishlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilindi.

    Xususan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Qurilish vazirliklari hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida fuqarolarni qabul qilish uchun alohida xona ajratilmagan.

    Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining fuqarolarni qabul qilish xonasi umuman boshqa binoda joylashgan. Markaziy bankda esa fuqarolarni qabul qilish xonasida zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.

    Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari, Transport, Xalq taʼlimi, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Qishloq xoʻjaligi vazirliklari, Pensiya jamgʻarmasi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Kadastr agentligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi hamda Agrobankda murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlariga rioya qilinmagan.

    Shuningdek, murojaatlarning ijobiy hal etish masalalari oʻz vaqtida koʻrilmaganligi ularning soni keskin oshib ketishiga sabab boʻlayotganligi, davlat idoralari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilishlariga majbur qilayotgan muammolarni joylarda hal qilish hamda ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

    Muhokamalar natijasida aholi eng koʻp murojaat qilishga majbur boʻlayotgan tizimli muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni mahalla yoki quyi tizimning oʻzida bartaraf etish choralarini koʻrish, barcha darajadagi rahbarlar muloqot va sayyor qabullarni tizimli tashkillashtirish hamda murojaatlarni joyida hal qilish choralarini koʻrish, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarni tezkorlik bilan oʻrganish va ularga oʻz vaqtida munosabat bildirish amaliyotini kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

    Majlis yakunida Sud-huquq masalalar va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan mazkur masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.