Vazirlar Mahkamasining qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
— tez tibbiy yordam mashinalari, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlar uchun alohida davlat raqamlari joriy etilmoqda (batafsilroq rasmda);
— individual harakatlanish vositalarida (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monogʻildirak va boshqalar) 14 yoshdan kichik shaxslarning boshqarishi, piyodalar oʻtish joyida harakatlanish, odam tashish, telefondan foydalanish va boshqalar kabi bir qator taqiqlovchi choralar joriy etilmoqda;
— individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxslar yoʻl harakati qoidalariga rioya qilishi, trotuarlardan, piyodalar yoʻlkalaridan, piyoda va velosiped yoʻlkalarida soatiga 10 km dan oshmaydigan tezlikda, ular boʻlmaganda esa yoʻl chetida soatiga 20 km tezlikdan yuqori boʻlmagan tezlikda harakatlanishlari kerak boʻladi;
— skuterlar va mopedlarning harakatlanishini (3.5.1), shuningdek, individual harakatlanish vositalarini boshqarishni (3.34) taqiqlovchi yangi yoʻl belgilari joriy etilmoqda.