Prezidentimizning 2017-yil 14-martdagi “2017-2021-yillarda respublikada soya ekini ekishni va soya doni yetishtirishni ko'paytirish chora-tadbirlari to'g'risidagi” qaroriga asosan, bundan to'rt yil oldin yurtimizda birinchi marta 12 ming gektardan ortiq maydonga soya ekilib, 14 ming tonna don olindi va ushbu xomashyoni qayta ishlash hisobiga aholiga 2 ming tonnadan ortiq soya yog'i, parrandachilik korxonalariga 10 ming tonna yuqori ozuqali shrot yetkazib berildi. 2020-yilga kelib bu ko'rsatkich 28,2 ming gektarga yetdi va soyani qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar miqdori ikki baravardan ziyodga ortdi.

Davlatimiz rahbari o'tgan yilning 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog'ida Oltinko'l tumanidagi “Ko'hna vodiy bahori” fermer xo'jaligida dalalaridagi ekinlarni ko'zdan kechirar ekan, g'o'za qator oralariga soya ekish bo'yicha Andijon tajribasini yaratish yuzasidan ko'rsatmalar bergan edi.

Andijonlik har bir fermer va mutaxassis bu ishonchni oqlashga astoydil harakat qildi. Agrotexnika tadbirlari omilkorlik bilan o'tkazilgan  maydonlarda soya  yaxshi hosil berdi. Qolaversa, xayrli niyat bilan boshlangan bu tajriba joriy mavsum uchun katta tajriba maktabi bo'ldi.

Bu yil viloyatda 25 ming gektar maydondagi g'o'za qator oralariga soya ekilgani buning amaliy tasdig'i. Ayni kunlarda qo'sh ekin unib chiqqan dalarga ishlov berish ishlari boshlab yuborilgan.

Qo'sh ekin qanday manfaat keltiradi?

Bu yil Farg'ona viloyatida ham 25 ming gektar maydonda paxta bilan birga soya yetishtiriladi.  O'ziga xos innovatsiya sifatida baholangan agrotexnik tadbir bir vaqtda soya va paxta hosilini olish imkoniyatini beradi.

Yozyovon tumanida bu borada ish olib borayotgan tashabbuskor fermerlar ko'p. “Elyor-N” fermer xo'jaligi ham yangi usulda dehqonchilik qilishga kirishdi.  Ayni kunda 16 gektar erga chigit bilan birga soya urug'lari qadaldi.  Bugun mazkur maydonlarda yashil qatorlar xosil bo'lgan. Fermer g'o'za va soya parvarishlash texnologiyasi bilan yaxshi tanish, bu borada o'tkazilgan amaliy seminarlarda qatnashdi, soya agrotexnikasi bo'yicha risolalarni qunt bilan o'qidi va uqidi.  

— Ushbu usul yer, suv, mineral o'g'it va boshqa resurslardan oqilona foydalanish imkonini beradi, — deydi fermer elyorbek Nazirov. —  Chunki soya g'o'za qator oralariga, aniqrog'i g'o'za nihollarining o'rtasiga qadaladi. Shu bois, uni qo'shimcha  oziqlashtirishga hojat yo'q. G'o'za parvarishiga sarflagan  resurslar hisobiga soya unib-o'sib, hosil beradi.

 Olim-mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu ikki ekinning parvarishi va agrotexnikasi bir-biriga o'xshash hisoblanadi. Soya ham g'o'zaga o'xshab tik o'sadi, bo'yining balandligi navlariga qarab o'zgaradi va 50 santimetrdan 2 metrgacha bo'ladi. Paxta orasiga ekilganda, albatta, ertapishar, o'sish davri 70-85 kun bo'lgan, past bo'yli g'o'za navlari tanlab olinadi. Soya ildizi g'o'za ildiziga o'xshab o'q ildiz bo'ladi, barglari sathining kattaligi ham bir-biriga o'xshash bo'ladi. Uning hosili iyul oyi oxiri va avgustning boshiga kelib pishib yetiladi va yig'ishtirib olinadi.

 Soyaning g'o'za bilan qo'shib ekilishi natijasida, birinchidan, tuproq unumdorligi oshadi, ikkinchidan, fermerning oladigan daromadi ko'payadi, bir maydonda ham paxta, ham soya doni yig'ib olinadi, uchinchidan, keyingi yillarda paxta hosildorligi gektariga 8-10 tsentnerga ortishi uchun zamin hozirlanadi. Chunki, u o'z ildizlari orqali havodan sof azotni o'zlashtirib oladi va tuproqni azot bilan boyitadi. Mazkur ekin ekilgan dalalarning mikroflorasi yaxshilanadi, unda biologik va ekologik sof tizim vujudga keladi. 

Yana bir ma'lumot. Yer shari aholisining yarmidan ko'pi faqatg soya yog'ini iste'mol qiladi. Uning doni va oqsilidan to'rt yuzdan ziyod turli xil mahsulotlar tayyorlanadi va ular xalq xo'jaligining barcha sohalarida ishlatiladi. Soya doni tarkibida hayvon oqsilida uchraydigan barcha almashlab bo'lmaydigan aminokislotalar mavjud. Shuning uchun undan ekologik toza moy, parrandachilik va chorvachilik mahsulotlaridan tortib, qon plazmalari, sifatli linzalargacha olinadi. Fermerlarga soyaning shrot, kunjarasi, yashil poyasi chorva uchun to'yimli ozuqa bo'lishi ham ma'qul kelmoqda. Xullas, har jihatdan koni foyda ekin. Faqat u aql va bilim bilan jonni koyitib ishlashni talab qiladi.

Fermer Elyorbek Nazirov bir gektar yerdan o'rtacha 25-30 sentnerdan paxta hosili olish bilan birga, 500-600 kilogramm soya doni yetishtirishni mo'ljallab turibdi. Bir kilogramm soya donini 10 ming so'mdan sotgan taqdirda, har gektariga 5-6 million so'm miqdorida daromad qo'shiladi.

— Mavsumda tumandagi 1587 gektar maydonda chigit va soya urug'i qadaldi, — deydi Yozyovon tumani hokimining qishloq va suv xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari Dilshod Kamoliddinov. —  Bu maqsadlar uchun 5 ta maxsus seyalka jalb etildi. Ular bilan bir vaqtning o'zida chigit va urug'lik soyani oralatib ekdik. Joylarda aralash ekishning afzalliklari, etishtirish texnologiyasi xususida ko'rgazmali seminarlar o'tkazilgani, zaruriy qo'llanmalar berilgani qo'l keldi.  Chunki soya o'simligi biologik xususiyatiga ko'ra, joy tanlamaydi. Sho'rlangan, yer osti suv sathi ko'tarilgan ekin maydonlarida ham o'saveradi.  Eng muhimi, u yerning holatini yaxshilaydi, tuproqni azot bilan boyitadi.

— Soyani chigit bilan birga qator orasiga ekishda eng katta muammo texnika bilan bog'lik edi, — deydi “Qo'qon mexanika zavodi” AJ boshqaruvi raisi Sharifjon Yo'ldoshev. —  Bu masala o'z yechimini topdi.  Endilikda bir paytning o'zida chigit va soya ekishga moslashgan maxsus seyalkalar yaratildi. Hozirgi kunga qadar viloyatimizdan tashqari qo'shni viloyatlarga 650 ga yaqin zamonaviy seyalkalar yetkazib berildi.

Muammolar bor,  yeng shimarib ishlagan yutadi

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi “Samarqand viloyatida soya yetishtirish sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan,  viloyatning 5 ta tumanida 2018-2020-yillarda 15 ming gektar maydonda soya ekilishi va 25 ming 500 tonna hosil olinishi belgilangan edi. Biroq, aksariyat xo'jaliklarda uning gektar boshiga hosildorligi bor-yo'g'i 10-15 sentner atrofida bo'lib kelmoqda. Mutaxassislar buning sababini navlarning to'g'ri tanlamaganligi, agrotexnika tadbirlariga rioya yetilmaganligi, simbioz holda faoliyat ko'rsatuvchi tuganak bakteriyalarining qo'llanilmasligi, soya urug'larining suv ta'minoti, unumdorligi past maydonlarga ekilganligi bilan izohlashadi. Masalan, faqatgina tuganak bakteriyalari preparatlarini qo'llash tufayli gektaridan 5-10 sentner qo'shimcha hosil olish mumkin ekan.

—  Hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, dukkakli, moyli va donli ekinlar, jumladan soya yetishtirishning  ilmiy asoslangan usullari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, ularning serhosil va ertapishar navlarini yaratish lozim, — deydi viloyat qishloq xo'jalik boshqarmasi bo'lim boshlig'i Tohir Duvlanov. — Mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va qadoqlash jarayoniga xorijiy investitsiya va mutaxassislarni, zamonaviy resurs tejovchi uskuna va texnologiyalarni keng jalb qilish, ichki iste'mol bozori konyunkturasini muntazam o'rganish zarur...

To'g'ri, bu kabi muammolar bor. Lekin tajribali dehqon va fermerlar erishayotgan natijalar buning aksini ko'rsatyapti, ya'ni, ochiq maydonlarga ekilgan soya ekini ham katta daromad keltiryapti.

—  To'rt yildan buyon soya yetishtiramiz, —  deydi Kattaqo'rg'on tumanidagi “Nurli Miyonqol” fermer xo'jaligi boshlig'i Nabijon Karimov. —  Bu o'simlik erlarimiz tarkibini yaxshilash, ball bonitetini oshirishga xizmat qilyapti. Bilim va tajribamizdan kelib chiqib o'tgan yili “Nafis” navli urug'lik soyadan 25 gektarga ekkandik. Agrotexnik tadbirlarni to'g'ri olib borganimiz bois rejadagi 17 sentner o'rniga gektaridan 25 sentnerga yaqin hosil oldik. Kattaqo'rg'on yog'-moy aktsiyadorlik jamiyati bilan 1 tonna xomashyo uchun 6 million 765 ming so'mdan shartnoma tuzgandik va umumiy hosil hisobidan 180 million so'm daromad oldik. Xo'jaligimiz paxta, g'allachilik va soya yetishtirishga ixtisoslashgan. Shu bois 2021-yilda ham belgilab olgan maydonlarga soya ekdik.

— O'tgan yili hudduddagi fermer xo'jaliklari bilan tuzilgan shartnomaga asosan, 1300 gektar maydonda soya yetishtirildi va undan 1887 tonna hosil olindi, — deydi “Kattaqo'rg'on yog'-moy” aksiyadorlik jamiyati bo'lim boshlig'i Dilshod G'afforov. —  Bir necha yil oldin xo'jaliklarga Rossiyadan keltirilgan urug'lik qimmat va iqlimga mos kelmasdan gektaridan 10-12 setnergacha hosil olinardi. Bu iqtisodiy jihatdan samarasiz edi. Shu bois, mutaxassislar bilan birgalikda soyaning mahalliy “O'zbek-6” va “Nafis” navlarini sinab ko'rdik. Natija kutilganidan ziyoda bo'ldi. Mahalliy navlar kasallikka chidamli, hosildorligi yuqori, asosiysi iqlimga moslashganligi tufayli Narpay tumanidagi “Paxtakor” fermer xo'jaligi gektaridan 35 sentner, Kattaqo'rg'on tumanidagi “Nurli Miyonqol” fermer xo'jaligi va “Kattaqo'rg'on elita” urug'chilik xo'jaligi 25 sentnerdan hosil oldi.

2020-yili Samarqand viloyatida takroriy ekin sifatida 1300 gektar maydonda soya parvarishlangan bo'lsa, joriy mavsumda bu ko'rsatkich qariyb to'rt barobarga oshadi va 6000 gektardan ziyod maydonni tashkil etadi.

Daromad gektar boshiga 5000 dollarga etadi

Bu istiqboldagi reja emas, joriy yilda erishish lozim bo'lgan ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan marra. Prezidentimiz  shu yil 24-fevral kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ekinlarni oqilona joylashtirish va ilm bilan yetishtirish orqali bu yil har bir gektardan olinadigan daromadni 5 ming dollarga yetkazish vazifasini qo'ydi. Bu maqsadga erishish uchun ekinlarni har bir tumanning o'ziga xos iqlim sharoiti, mahallalarda tarixan shakllangan dehqonchilik ko'nikmalari, suv ta'minotidan kelib chiqib joylashtirish zarurligi qayd etildi.

Shu jihatdan kelib chiqqan holda , soya ekinini g'o'za qator orasiga ekish Andijon, Namangan, Farg'ona, Toshkent viloyatlari sharoitiga to'g'ri kelsa, ochiq maydonlarda Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida yetishtirish maqbulligi namoyon bo'ladi. Amalda ham shunday yo'l tutilmoqda. Xususan, Farg'ona vodiysida 75 000, Toshkent viloyatida 25000 gektar maydondagi g'o'za oralariga sof urug'i qadab bo'lindi.

Qishloq xo'jaligi vazirligi boshqarma boshlig'i Zafar Ortiqovning kayd etishicha, bu yil mamlakatimizda mazkur ekin jami 140 ming gektar maydonga ekilyapti, uning 40 ming gektari asosiy va 100 ming gektari g'o'za qator oralariga joylashtirildi. Mazkur dalalarda 192 ming tonna, ya'ni o'tgan yilga nisbatan 6 barobar ko'p soya doni yetishtirish mo'ljallanyapti. Qo'sh ekin ekilishi belgilangan maydonlarda urug' qadash ishlari yakuniga yetayotgan bo'lsa, to'liq ekiladigan dalalarda bu yumushlar davom etmoqda.

Joriy yilda yetishtirilishi rejalashtirilayotgan 192 ming tonna soya donini qayta ishlash hisobiga 35 ming tonna yog' va 145 ming tonna shrot ishlab chiqarish belgilab olingan. Bu esa, sanoat usulida boqiladigan parrandalar talabini o'tgan yilgi 8 foizdan 62 foizga qondirish imkonini beradi.

Buyuk mutaffakkir va shoir bobomiz dehqonlar mehnatini ulug'lab, “elga ham qut etkurur, ham barakot” degan edi. Bugungi kunda ana shu ezga maqsadga ekinlarni oqilona joylashtirish va ilm bilan yetishtirish orqali erishish mumkinligini hayotning o'zi ko'rsatib bermoqda. Demak, marra - vazifalar aniq, ilm va tajribaga to'la amal qilinsa, ko'zlangan natijalar kuttirib qo'ymaydi.

O'ktam XUDOYBERDIYEV,

jurnalist

Rasuljon KAMOLOV,

Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbirlari