Dunyo aholisi soni tobora ortib borishi toʻqimachilik sanoatida keng qoʻllanadigan tabiiy oʻsimlik tolalari, jumladan, paxta tolasiga ham talab oshishiga olib kelmoqda. Paxta yetishtirishdan olinadigan global biznes daromadi yiliga 500 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bu esa paxtani iqtisodiy jihatdan eng muhim qoʻshimcha qiymatga ega ekinga aylantiradi. Paxta dunyo boʻylab 80 dan ortiq mamlakatda 32-34 million gektar maydonda yetishtiriladi.
Hozir oʻrtacha yillik harorat koʻtarilishi va barcha tabiiy tizimdagi nomutanosiblik, yaʼni yogʻingarchilik rejimi oʻzgarishi, harorat anomaliyasi va iqlim zonalari siljishida namoyon boʻladigan global iqlim oʻzgarishi qishloq xoʻjaligiga, jumladan, paxtachilikka ham sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu va boshqa omillar taʼsirida dunyo boʻylab shoʻrlanish darajasi yuqori boʻlgan qishloq xoʻjaligi yeri ulushi ortib bormoqda. Dunyodagi ekin maydonlarining 20 foizga yaqini va barcha sugʻoriladigan yerning yarmidan koʻpi shoʻrlanishdan taʼsirlangan. Tuproqdagi yuqori tuz konsentratsiyasi oʻsimliklarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan turli hodisalarni keltirib chiqaradi. Masalan, oʻsish va rivojlanishning susayishi, fotosintez faolligi pasayishi hosil kamayishiga olib keladi.
Umuman olganda, tuz stressi oʻsimliklarning oʻsishi, morfologiyasi va omon qolishiga taʼsir qiluvchi turli hujayra jarayonlarida buzilishlarni keltirib chiqaradi. Tuproq eritmasida tuz konsentratsiyasi ortishi bilan ildizlarning tuz eritmasidan suv olishi qiyinlashadi. Tuz konsentratsiyasi yuqori tuproqda oʻsimliklar suv stressini boshdan kechiradi. Buning natijasida oʻsishdan toʻxtaydi. Bu, ayniqsa, tuproq namligi pasayishida koʻproq kuzatiladi.
Shoʻrga chidamli ekinlar qatoriga kirishiga qaramay, tuproq shoʻrlanishi oshishi gʻoʻzaning oʻsishi, rivojlanishi va hosildorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Chunki shoʻrlangan tuproqda yetishtirilgan gʻoʻzaning ildizi va poyasi uzunligi sezilarli darajada qisqaradi. Shuningdek, koʻsak soni va vazni kamayishi natijasida hosil pasayishi kuzatiladi. Bundan tashqari, shoʻrlanish paxta tolasi sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, uning uzunligi va mikroneyrini kamaytiradi.
Bularning barchasi seleksionerlar oldiga shoʻrlanishga chidamli, yaxshi agrotexnik belgilarga ega, yuqori hosildor va aʼlo tolali gʻoʻza navlarini yaratishdek muhim vazifani qoʻymoqda. Biroq bunday navlarni yaratishda anʼanaviy naslchilik usullarini qoʻllash abiotik stresslarga chidamlilik belgilari koʻp genlarning oʻzaro taʼsiridan kelib chiqqani bilan cheklanadi. Biotexnologik usullardan foydalanish orqali anʼanaviy seleksiya usullari kamchiliklarini muvaffaqiyatli bartaraf etish mumkin. Qishloq xoʻjaligi ekinlari, jumladan, paxtaning xavfsiz biotexnologik navlarini yaratishning eng zamonaviy usullaridan biri RNK interferensiyasi texnologiyasidir.
Genomika va bioinformatika markazi olimlari shu texnologiya asosida gʻoʻzaning tola sifati va hosildorligi yuqori, qurgʻoqchilik, shoʻrxoklik hamda garmsel kabi turli tashqi omillarga bardoshli “Porloq” navini yaratdi.
Yaqinda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazida porloq turkumli, gen nokaut asosida olingan gʻoʻza navlarining tuzga chidamliligini oshiradigan hujayra mexanizmlarini aniqlash boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borildi. Bu ish nufuzli “Physiological and Molecular Plant Pathology” (“Fiziologik va molekulyar oʻsimliklar patologiyasi”) jurnalida chop etilgan. Fitoxrom A1 genini oʻchirish antioksidant tizimning himoya fermentlari faolligini oshirishga olib keladi. Bu esa gʻoʻzaning oʻsishi va rivojlanishiga salbiy taʼsirni kamaytiradi. Shoʻrlangan tuproqqa ekilganida porloq turkumidagi gen nokaut asosida olingan paxta navlari yuqori hosil beradi va tolaning sifati amalda pasaymaydi.
Bundan tashqari, “Porloq” gʻoʻza navlari zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyasiga juda mos. Chunki bunday navlar ildiz tizimi kuchli rivojlangani, ayniqsa, mayda yon ildizlari koʻpligi tufayli tomchilatib sugʻorganda suv bilan qoʻshib berilgan ozuqaning katta foizini oʻzlashtiradi. Natijada nihollar oʻsishi va rivojlanishi tezlashadi va kerakli hosil uchun zarur elementlarni toʻplashga ulguradi.
Bugun ushbu gʻoʻza navlari fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar tomonidan ekilmoqda. Misol uchun, Namangan viloyatida “Namangan toʻqimachi”, “Chust tekstil”, Toshkent viloyatida “Real tex agro cotton” klasterlari, Jizzax viloyatida “Semurgʻ” urugʻchilik klasteri, Qashqadaryo viloyatida “Indorama Kokand tekstil”, “Bunyodkor tekstil”, “Koson baxt tekstil”, Surxondaryo viloyatidan “Surxon Sifat Tekstil” kabi paxta yetishtiruvchi klasterlarda “Porloq” navlaridan foydalanilmoqda.
Xususan, tola sifati III tip, tola chiqimi 37-38 foiz boʻlgan “Porloq-4” gʻoʻza navi 2013-yildan buyon yurtimizning turli hududida yetishtirilib, yuqori hosildorlikni taʼminlab kelmoqda. “Porloq-4” navi 2021-yili Qashqadaryo viloyatida fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar tomonidan 25 ming gektarga ekilib, viloyat boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga erishildi, yaʼni gektaridan oʻrtacha 50-55 sentnergacha hosil olindi. Bu esa “Porloq-4” navini yetishtirgan fermerlarning yuqori daromad topishiga olib keldi.
Shuningdek, viloyatda gʻoʻzaning “Yangi porloq-3”, “Porloq-5”, “Porloq-7” navlaridan elita avlodli urugʻliklar yetishtirilib, keng qamrovli sinov ishlari olib borildi hamda urugʻlik paxta xomashyosi jamgʻarildi. Ushbu gʻoʻza navlari ham Qashqadaryo viloyatining noqulay, issiq garmsel sharoitida bardoshliligini koʻrsatib, gektaridan 40-45 sentner hosil olindi. Bundan tashqari, “Porloq-4” gʻoʻza navi oʻtgan yili Namangan viloyatida “Porloq”, “Chust” brendini yaratish uchun qariyb 500 gektar maydonda yetishtirildi va yuqori hosil olishga erishildi. Ayniqsa, Chust tumanida boshqa navlarga nisbatan ushbu navdan gektariga 10 sentnergacha yuqori hosil olishga muvaffaq boʻlindi. Bu esa fermerlar va agroklasterlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, tola sifati ingichka tolali gʻoʻza navlarinikidan qolishmaydigan, yaʼni II tipga mansub “Porloq-1” navi Surxondaryo viloyati fermer xoʻjaliklarida ekib kelinmoqda. Ildiz tizimi kuchli rivojlangani, garmselga chidamliligi, hosil elementlari koʻpligi sababli ushbu navdan gektariga 45-50 sentnergacha hosil olinmoqda. Xususan, bu nav Denov tumani iqlim sharoitiga juda mos tushgani bois, hududda hosildorlik boʻyicha yuqori koʻrsatkich kuzatildi. Natijada mazkur tumanda elita urugʻchiligi yoʻlga qoʻyilib, sifatli urugʻlik tayyorlanmoqda.
“Porloq” gʻoʻza navlari tola sifati II-III tipga mansubligi sababli toʻqimachilik sanoatida yuqori sifatli mahsulot olish imkonini bermoqda. Bu esa paxta-toʻqimachilik klasterlariga qoʻshimcha daromad keltirib, iqtisodiy oʻsishni taʼminlayapti.
Zabardast BOʻRIYEV,
Genomika va bioinformatika markazi direktori,
biologiya fanlari doktori