2019 yil boshida Niderlandiyaning “Elsevier” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Unga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi tibbiyot bosh boshqarmasi hamda “Elsevier” kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangandi. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Elsevier” kompaniyasi hamkorligi doirasida Respublikamizdagi tibbiyot muassasalarida ClinicalKey platformasini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi Elsevier kompaniyasi bilan imzolagan shartnoma doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi tibbiyot tashkilotlarida ClinicalKey platformasidan tashkilot IP adresi orqali cheklovsiz foydalanish imkoniyati yaratildi. Endilikda tadqiqotchilarimiz, tibbiyot xodimlari 2021 yilning 1 martigacha tibbiyot sohasidagi jahonning eng so‘nggi tadqiqotlar natijalaridan Elsevier Clinicalkey platformasi orqali cheklovsiz foydalanishlari mumkin.
Elsevier Clinicalkey platformasi davolash va diagnostika standartlarini yangilash, klinik protokollarni joriy etish, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish, mikroxirurgiya, robot xirurgiyasi, nuklear tibbiyot, tibbiy genetika sohalarida jahon tibbiyotining eng so‘nggi yutuqlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘zida jamlagan. Ushbu ma'lumotlardan endilikda yurtimizdagi tibbiyot sohasi vakillari ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
ClinicalKey - bu klinik qaror qabul qilishga yordam beruvchi tizimdir. U har qanday paytda va har qanaqa qurilmadan bir zumda kerakli klinik ma'lumotlarni topish va eng qisqa vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.
Elsevier kompaniyasining ClinicalKey platformasi shifokorlar uchun dalillarga asoslangan tibbiy ma'lumotlarni o‘zida saqlagan jahon miqyosidagi yetakchilardan biri hisoblanadi.