Ikki nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Taqdir ekan, turmush oʻrtogʻim vafot etdi. Ishlay desam, bolalarimni yolgʻiz qoldirib boʻlmaydi. Ishlamay desam, kun koʻrish kerak. Bu zamonda hamma oʻzi bilan ovora. Har kimning oʻz tashvishi, oʻz hayoti bor. Yaqin qarindoshlar ham bir yordam beradi, ikki yordam beradi, oxiri baribir malol keladi. Albatta, buni toʻgʻri tushunish kerak. Shunday ogʻir sharoitda kun oʻtkazayotgandik...

Uying tor boʻlsa, dunyoning kengligi bilinmas, deganlaridek, toʻy-hasham ham, yaqinlarimning xursandchiligi-yu mahalladagi gap-soʻzlar ham koʻnglimga sigʻmay yurgan kunlardan birida mahalla faollari, hokimiyat vakillari uyimizga kelishdi. Sharoitimizni oʻrganib, dardimni tinglashgach, sizni “Temir daftar”ga kiritamiz deb qolishdi. Soʻng, kambagʻallikdan chiqarish uchun yordam beramiz, Xudo xohlasa, bu kunlarni eslab yurasiz hali, deganida, toʻgʻrisi, ishonmadim. Xayolimdan “Temir daftari” nima ekan, men qanday qilib farzandlarimni boshqalardan kam qilmasdan tarbiyalayman”, degan fikr oʻtdi.

Hukumat vakillari menga shunday dedi: qoʻldan berganganga qush toʻymas, opa. Biz sizga shunday sharoit, imkoniyat yaratib beramizki, toki u sizga bir umr xizmat qilsin. Yangi hayotingizda unutilmas sahifa boʻlib qolsin.

Ishlar boshlanib ketdi. Oʻtgan yili aprel oyida tomorqamizga issiqxona qurib berildi. Darhol bodring, pomidor, bulgʻor qalampiri ekdim. Hosil yaxshi boʻldi, daromadi ham zoʻr ekan. Oilamizga baraka kira boshladi.

Bu meni yana-da ilhomlantirdi, hayotda yaxshi yashash uchun umid paydo qildi. Yangi gʻoyalar oʻylay boshladim. Ana shunda tikish-bichishni bilishim qoʻl keldi. Yetti foizli imtiyozli kredit olib, uchta tikuv mashinasi xarid qildim. Mahallamizdagi oʻzimga oʻxshagan uch nafar xotin-qizni ham bu ishga jalb qilib, hunar oʻrgatdim. Hozirda bolalar va ayollar uchun kiyim-kechak tikib pul topyapmiz. Shuning hisobidan uyimni taʼmirladim, yoniga yangi uy solayapman.

Yaqinda meni “Temir daftar”dan chiqarishini soʻrab mahallamiz raisiga ariza berdim. Endi oyoqqa turib oldim, roʻzgʻorimni, bolalarimni oʻzim eplayman.

Inson uchun eng zarur narsa, bu – farzandingizning sizga boʻlgan mehri, koʻzidagi quvonch, shodon kulib yurishi koʻrish. Farzand qachonki ota-onasidan koʻngli toʻlsa, tengdoshlaridan kam boʻlmasa, uyida xotirjamlik, farovonlik hukm sursagina baxtli boʻladi. Ota-ona esa farzandiga mehrni hayotdan mamnun boʻlgandagina bera oladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Temir daftar” tashkil etilmaganida nima boʻlardi? Biz kabi oilalarning holi ne kechardi? Buni xayolimga keltirishdan qoʻrqaman. Bu kabi savobli ishlar boshida turgan Prezidentimizdan minnatdorman.

Rohatoy BOLTAYEVA,

Qarshi shahridagi “Qamchibek qoʻrgʻoncha”

MFY fuqarosi.