Olimpiadani oʻtkazishdan asosiy maqsad taʼlim muassasalarining pedagog-oʻqituvchilari orasidan matematika fani boʻyicha ilgʻor, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, ulardagi qobiliyatlar, kasbiy mahoratni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish hamda ularni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Olimpiadada umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga qarashli taʼlim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari, nodavlat taʼlim muassasalarining matematika fani oʻqituvchilari ishtirok etadi.

Olimpiadaning hududiy bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda joriy yilning 12-13-dekabr kunlari, Xorazm viloyatida esa 19-20-dekabr kunlari boʻlib oʻtadi.

Olimpiadaning ilk kunida ishtirokchilar 120 daqiqa vaqt ichida jami 40 ta test topshiriqlarini bajarishi kerak boʻladi. Test natijalariga koʻra eng yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar ishtirokchilar olimpiadaning yozma ish bosqichida qatnashadi.

Yozma ish 5 ta topshiriqdan iborat boʻlib, ular jami 50 ball bilan baholanadi. Ishtirokchilarning ikki tur boʻyicha ballari umumlashtirilib, 5 nafar gʻoliblar aniqlanadi va ular respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Oʻqituvchilar oʻrtasida Matematika fanidan Respublika olimpiadasi har yili ikki bosqichda oʻtkaziladi. Olimpiadaning Respublika bosqichi fevral oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Respublika bosqichida 10 nafar ishtirokchilar turli esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Shuningdek olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan oʻqituvchilar kelgusida matematika fanidan oʻtkaziladigan oʻquvchilar fan olimpiadalarida hakamlar hayʼati aʼzoligiga, malaka oshirish kurslarini tashkil qilishga, matematika faniga doir loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishga, nazorat materiallarini shakllantirish jarayonlariga jalb qilish hamda matematikaga ixtisoslashgan maktablarda ushbu fanning sifatli oʻqitilishini taʼminlashda hamkorlikka taklif qilinadi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.