Endi esa zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt yordamida ish topish ancha osonlashmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar ko‘pincha “Endi ishni qayerdan topaman?” degan savolga duch keladi. Endilikda bu savolga ham zamonaviy yechim bor.

Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Aholi bandligi departamenti boshlig‘i Sobir Xaytmurotov bilan suhbatlashdik.

Uning ta’kidlashicha, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ish qidiruvchilar uchun maxsus raqamli platforma yaratilgan.

U orqali fuqarolar o‘z ma’lumotlarini kiritib, mamlakatdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tez va qulay tarzda tanishishi mumkin.

Mazkur dastur orqali fuqarolar yagona mehnat bozori ishtirokchisiga aylanadi. Ya’ni ish qidiruvchi shaxs o‘z rezyumesini platformaga joylashtiradi. Shundan so‘ng sun’iy intellekt tizimi uning ma’lumotlarini mamlakatdagi mavjud vakansiyalar bilan solishtirib, eng mos ish o‘rinlarini taklif qiladi.

Bu tizimning yana bir afzalligi – ish qidiruvchilarning vaqtini tejaydi. Fuqarolar biror tashkilotga borib sarson bo‘lib yurishlariga hojat yo‘q. Barcha jarayonlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali amalga oshirish mumkin.

Ma’lumki, O‘zbekiston aholisi yosh mamlakatlardan biri hisoblanadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq ta’lim muassasalari bitiruvchilari kirib keladi. Ularning 200 mingdan ziyodi oliy ta’lim muassasalari, qariyb 150 ming nafari esa professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisoblanadi. Shu sababli mehnat bozorida ish izlash jarayonini yengillashtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Yaratilgan platforma Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Chunki mehnat bozoriga kirib kelayotgan asosiy qatlam — bu ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisoblanadi.

Platformaning yana bir qulay jihati shundaki, agar talaba yoki ish qidiruvchi o‘z rezyumesini to‘ldirib joylashtirsa, ko‘pi bilan yarim soat yoki bir soat ichida unga mos bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi takliflar kela boshlaydi. Bunda ish beruvchining talablari va ish qidiruvchining imkoniyatlari avtomatik ravishda solishtiriladi.

Masalan, ish qidiruvchining mutaxassisligi, yashash joyi, malakasi, kutilgan oylik maoshi, xorijiy tillarni bilishi yoki muayyan dasturlarda ishlay olishi kabi ma’lumotlar inobatga olinadi. Shu asosda sun’iy intellekt eng mos vakansiyalarni tavsiya qiladi.

Fuqaro o‘ziga ma’qul bo‘lgan ish o‘rniga platforma orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat ham yuborishi mumkin. Buning uchun platformadagi maxsus tugmani bosishning o‘zi kifoya.

Mazkur platforma OSONISH.UZ deb nomlanadi. Unda ikki tomon — ish beruvchilar va ish qidiruvchilar ma’lumot kiritish imkoniyatiga ega. Ish beruvchilar o‘z korxonasidagi bo‘sh ish o‘rinlari, lavozim talablari, ish haqi va boshqa shartlar haqida ma’lumot joylashtiradi. Ish qidiruvchilar esa o‘z ma’lumoti, malakasi, ish tajribasi va xohishlarini kiritadi.

Tizim “Yagona milliy mehnat tizimi” bilan ham integratsiya qilingan. Agar fuqaro haqidagi ma’lumotlar ushbu bazada mavjud bo‘lsa, ular avtomatik ravishda platformaga yuklanadi. Shuningdek, til sertifikatlari yoki kasbiy malakani tasdiqlovchi hujjatlarni ham platformaga yuklash mumkin.

Platforma mutlaqo bepul va shaffof tarzda ishlaydi. U Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. Biroq ish beruvchi va ish qidiruvchi o‘rtasidagi ma’lumotlar faqat ularning o‘zigagina ko‘rinadi.

Ish beruvchilar uchun ham, ish qidiruvchilar uchun ham hech qanday majburiyat yuklanmagan. Ya’ni vakansiya e’lon qilingani bilan albatta kimnidir ishga qabul qilish shart emas. Ishga qabul qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilish tomonlarning ixtiyorida qoladi.

Inson omili esa faqat oxirgi bosqichda — ishga qabul qilish yoki taklifni qabul qilish jarayonida ishtirok etadi.

Zulxumor AKBAROVA