Bu haqda Oʻzbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi markazi tomonidan Malayziyada tashkil etilgan “Madaniy meros: Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi koʻprik” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida maʼlum qilindi.
Malayziya tomoni oʻzbekistonlik tadqiqotchilarga 100 000 dan ortiq qoʻlyozma va nodir nashrlardan elektron foydalanish imkonini beruvchi maxsus sertifikat taqdim etdi.
Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti kutubxonasining sertifikati va raqamli kaliti Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktoriga topshirildi.
Shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga ham ruxsat berildi.
Davra suhbati davomida Taʼlim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga jalb etish, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturini ishlab chiqish, jumladan, Visiting Professor dasturi boʻyicha oʻzbekistonlik oʻqituvchilarning Malayziya oliy oʻquv yurtlarida ishtirokini taʼminlash taklif qilindi.
Ilmiy sohada Malayziya Islom madaniyati instituti va Imom Buxoriy nomidagi markaz oʻrtasida musulmon olimlarining tibbiyot sohasidagi ilmiy merosini oʻrganish va qayta tiklash hamda Imom Buxoriy merosini tadqiq etish taklif etildi. Bundan tashqari, maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida malayziyalik dindorlarga Oʻzbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bogʻliq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkonini beruvchi "Umra plyus" maxsus ziyorat dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Tadbir doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda Oʻzbekiston ilmiy markazlari tomonidan nashr etilgan kitoblar va faksimile nashrlarning noyob koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
Taqdim etilgan nashrlar davra suhbati ishtirokchilarining chuqur qiziqishini uygʻotdi. Ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash ramzi sifatida kitoblar toʻplami Malayziyaning hamkor tashkilotlari kutubxonalariga, jumladan, Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti va boshqa muassasalarga sovgʻa qilindi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Malayziya Islom sanʼati muzeyidagi oʻzbek madaniy merosi ekspozitsiyasini ziyorat qilishdi. Tadbir mehmonlari Oʻzbekistonning boy merosini aks ettiruvchi noyob tarixiy ashyolar bilan tanishib, muzeyning doimiy ekspozitsiyasini ham koʻzdan kechirishdi. Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan «Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida« turkumining 58-jildi aynan Malayziya Islom sanʼati muzeyi toʻplamlariga bagʻishlangan.