Uchrashuvda kompaniya Oʻzbekistonda toʻqimachilik, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, mehmonxona boshqaruvi, xalqaro taʼlim, kichik va oʻrta biznes uchun fond birjasi sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Mutxukumar Ayarpadde mahalliy hamkorlar bilan birgalikda Oʻzbekistonda bir qator loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Toshkent shahrida reabilitatsiya markazini tashkil etish va xalqaro standartlar boʻyicha boshqaruvni yoʻlga qoʻyish, respublika hududlarida buyrak kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan dializ markazini hamda koʻp funksiyali klinikalarni tashkil etish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, xalqaro sogʻlomlashtirish va estetik tibbiyot institutining ildiz hujayralarini davolash sohasida hamkorlik qilish va Toshkent shahrida maxsus laboratoriya tashkil etish kabi loyihalar shular jumlasidandir.
“Kapital DX” kompaniyasi Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznesga xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish imkonini beruvchi maxsus onlayn platformani yaratish va boshqarish boʻyicha hamkorlikni taklif qildi.
“Indah Atelier” kompaniyasi esa Malayziyaning batik sanʼatini Oʻzbekistonning mashhur ikat va soʻzana kashtalari bilan uygʻunlashtirgan holda qoʻshma modalar kolleksiyasini birgalikda ishlab chiqishga qiziqish bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“MK Tron Group” kompaniyasi 1992-yilda tadbirkor Mutxukumar Ayarpadde tomonidan asos solingan. Kompaniya avtomobil ehtiyot qismlari, sanoat va maishiy gaz ballonlari, alyuminiy qotishmalaridan quymalarni ishlab chiqarish, sogʻliqni saqlash, IT texnologiyalar sohalarida Malayziya, Hindiston, Meksika va Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya davlatlarida faoliyat yuritadi.
“Kapital DX” va “Indah Atelier” kompaniyalari “MK Tron Group” guruhi tarkibiga kiradi.