Oʻsha kezlari bir ustozim aytardi: “Uylar qurilaversa-ku, yaxshi. Menga ham biror kuni xonadon nasib qilib qolar deb odam oʻziga oʻzi taskin berishi mumkin. Afsuski, viloyatlarni qoʻya turing, hatto azim poytaxtda ham uy-joy qurilmayapti”.

Ha, xalqni uy-joy bilan taʼminlash, yaxshi yashashi uchun sharoit yaratish, kichik vatanli qilish masalasi negadir oʻsha payt­larda davlat va hukumatning kun tartibida yoʻq edi. Aholi koʻpayishi, boz ustiga, “propiska” singari byurokratik toʻsiqlarga qaramay, ishsizlik va yaxshi yashash ilinjida odamlar qishloqdan shaharlarga ommaviy koʻcha boshladi. Bu esa ipoteka bozoridagi narxlarning muttasil koʻtarilishiga olib keldi. Talab keskin oshib borayotgan bir sharoitda taklif yoʻqligi oʻtkir ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirib chiqardi. Bu odamlarning oʻsha paytdagi kayfiyatiga ham taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Boisi, ijarama-­ijara koʻchib, sarson yuradigan, muqim uy-joyi yoʻq odamning hayotida halovat boʻlmaydi. Ertangi kunga ishonchi soʻnib, koʻng­lini xavotir va tushkunlik egallashi ­tabiiy. Bunday holatlar 2000-yillar boshidagi haqqoniy holat edi.

Orzuga bir qadam

Bugun vaziyat butkul oʻzgacha. Davlatning ijtimoiylashuvi, xalqqa yaqinlashuvi, xalq­ni yillar mobaynida qiynab kelayotgan muammolar yechimiga kirishilgani, shoir ayt­ganidek, yelkamizga oftob tekkani boʻldi.

Yaxshi eslayman: 2017-2018-yillarda Sergeli tumaniga yondosh hududda juda qisqa muddatda baland-baland turar joy komplekslari qad koʻtara boshladi. Bu xonadonlarga uysiz oilalar koʻchib kirdi. Uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Ipoteka krediti maqbullashtirilishi oddiy odamlarning ham uy olishiga imkon berdi.

Jumladan, soʻnggi 5 yilda umumiy 21,7 million metr kvadrat maydonga ega koʻp xonadonli uy-joylar barpo etildi. Aholining uy-joy sotib olishiga koʻmaklashish uchun 67 trillion soʻmlik ipoteka krediti ajratildi. Ushbu maqsadda davlat byudjetidan 44 tril­lion soʻm yoʻnaltirildi. Daromadi yuqori boʻlmagan 64 mingdan ortiq fuqaroga 3,5 trillion soʻmdan ortiq subsidiya toʻlab berildi.

Soʻnggi yillarda aholi soni yiliga qariyb 800 mingga, yangi oilalar soni esa 300 mingtaga ortayotgani uy-joyga talabni qondirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishni taqozo etmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi koʻp kvartirali uy-joy fondining qariyb 40 foizini tashkil etayotgan 2-3 qavatli uylar oʻrniga yuqoriga (vertikal) oʻstirish tamoyili asosida ijtimoiy soha obyektlari va yashil maydonga ega zamonaviy uy-joylar qurish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud.

Endi sizni hech kim alday olmaydi

Uy-joy qurilishi bozoriga xususiy sektorning keng jalb etilishi sohada haqiqiy raqobatning shakllanishiga turtki berdi. Hozir nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki koʻcha-koʻyda, OAVlarda “Arzon va ­qulay shartlarda xonadon sohibiga aylaning” mazmunidagi reklamalarga koʻzingiz tushadi. Bundan ipoteka bozorida talabdan koʻra taklif koʻpayganini anglash mumkin. Chunki quruvchi xonadonini sotish uchun reklama berishga majbur boʻlyapti. Bozor iqtisodiyoti qonunlariga koʻra, bu holatda raqobat mexanizmi ishlayapti. Raqobat bor joyda esa sifat ham yaxshilanadi, taklif ham koʻpayadi. Qolaversa, uy qurib sotish tadbirkorlarga katta foyda keltirmoqda. Istiqbolli sohalarga investitsiya oqimi esa hech bir imtiyoz va yengilliklarsiz ham kengayib boradi.

Prezidentimiz raisligida oʻtgan yili 23-sentyabr kuni qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmogʻini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida uy-joylar qurilishida aldov va tushunmovchiliklarga barham berish uchun uy-joy sotib olish boʻyicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy qilinishi maʼlum qilindi.

Bunda developerlar oʻzi qurayotgan uylar savdosini tashkil qilish boʻyicha banklar bilan shartnoma tuzadi. Xonadon olmoqchi boʻlganlar pulini quruvchiga emas, toʻgʻridan toʻgʻri bankka topshiradi. Banklar esa yigʻilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Yaʼni banklar quruvchi va xaridor oʻrtasida “koʻprik” vazifasini oʻtab, uy-joyni oʻz vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil boʻladi.

Xoʻsh, “eskrou” nima oʻzi? Bu tizim uy-joy quruvchilar bilan qurilishi tugallanmagan uylarni sotib oluvchilar oʻrtasida hozir uchrayotgan qanday muammo va nizolarga yechim boʻla oladi?

Prezidentimizning joriy yil 27-yanvardagi “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy obyekt­larini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida shu yil 1-iyuldan uy-joy sotib olishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi belgilab qoʻyildi.

“Eskrou” inglizchadan olingan boʻlib, “pul yoki mol-mulkni saqlash” degan maʼnoni anglatadi. Buning mohiyati ish yoki xizmatning buyurtmachisi yoxud tovar oluvchisi tomonidan toʻlangan pul, ikkinchi tomondan oʻz majburiyati zarur darajada ­bajarilmagunga qadar toʻlangan mablagʻ muzlatilgan holda uchinchi shaxs tomonidan saqlanishini nazarda tutuvchi huquqiy mexanizm.

Bunda ishni bajaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi tovarni topshirgach yoxud ishni bajargach, xizmat yoki mahsulot haqini ololmaslik xavfi kamayadi. Oʻz navbatida, ikkinchi tomonda ham pulni toʻlaganidan soʻng ish, xizmat yoki mulk­dan quruq qolish xavfi yoʻqoladi.

Yangi tartib kuchga kirmoqda

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori asosida mamlakatimizda qurilish sohasini uy-joylarni loyihalashtirishdan tortib, foydalanishga topshirishgacha boʻlgan bosqichlarda kompleks tartibga solish, uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash maqsadida tizimda qator yangi tartiblar joriy qilinmoqda.

Jumladan, “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili doirasida obyektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonida ulushdorlarning huquqlari himoya qilinadi. Obyektlarni qurishda qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar tomonidan ulushdorlarning pulini qurilishga ulush kiritish asosida jalb qilish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan obyekt qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartnomasi boʻyicha amalga oshiriladi.

Ulushli shartnoma boʻyicha mablagʻlar ulushdor tomonidan vakolatli tijorat bankida quruvchi, ulushdor va tegishli tijorat banki oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida ochilgan “eskrou” hisobvaragʻiga ularning hisobini yuritish uchun joylashtiriladi va deponentlanadi. Obyektni qurish ishlarini moliyalashtirish quruvchining oʻz mablagʻlari, tijorat banklari tomonidan loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kredit mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mab­lagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

2025-yil 1-iyuldan 2025-yil 31-dekabrga qadar “eskrou” hisobvaraqlari hamda hozir amalda boʻlgan ulushli ishtirok etish tartibida toʻgʻridan toʻgʻri jalb qilish mexanizmi taraflarning tanloviga koʻra parallel amal qiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Hozir qurbi yetgan ham, yetmagan ham, qurilishni tushungan ham, tushunmagan ham koʻp qavatli turar joy qurishga kirishib ketdi. Hali poydevori qoʻyilmagan uylar uchun odamlar topgan-tutganini topshirdi. Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, bunday vaziyatlarda firibgarliklar ham roʻy berdi. Koʻplab fuqaro firibgarlarning shirin aldoviga uchib, puliga kuyib qolgani ham bor gap.

Shu yil 1-iyuldan kuchga kirgan yangi tartib esa uy-joy qurilishi bozoridagi bunday aldov va yolgʻonlarga barham beradi. Quruvchi ham, oluvchi ham toʻliq oʻz majburiyatini bajarishi kafolatlanmoqda.

Yunus BOʻRONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri