Avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan:
– 2017-yil 15-noyabrdan boshlab Ai-92, Ai-93, Ai-95 va Ai-98 markali;
– 2019-yil 15-avgustdan boshlab Ai-91 markali;
– 2020-yil 1-maydan boshlab Ai-80 markali.
Mazkur avtobenzin narxlarini Hukumat qarorlari bilan belgilash amaliyotidan voz kechildi. Natijada sogʻlom raqobat muhiti shakllandi va isteʼmolchilarga maqbul narxlarda sifatli mahsulotlar yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.
Respublikada Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan tashqari birja savdolarida 10 dan ortiq sotuvchilar avtobenzin mahsulotini taklif etmoqda.
Hozirda avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida (AYOQSH) mahalliy neft mahsulotlari bilan bir qatorda import qilinayotgan avtobenzinlarning ichki bozorda realizatsiyasi tobora ortib bormoqda.
Shu bilan birga, aholi qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzinning asosiy qismi, yaʼni 78 foizidan ortigʻi Ai-80 markali avtobenzini hisoblanadi.
Jahonda neftning kotirovkasi 15-20 foizga oshishiga qaramasdan “Oʻzbekneftgaz” AJ Ai-80 avtobenzinning narxini mahsulotni ichki bozorga katta hajmda realizatsiya (intervensiya) qilish hisobiga bir maromda ushlab turilmoqda.
Tahlilarga koʻra, bugungi kunda Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxlari oshib, 1 barreli uchun 80-81 AQSH dollarni tashkil etgan bir vaqtda, AYOQSH larda 1 litr asosiy ishlab chiqariladigan Ai-80 avtobenzini 5 800 – 6 100 soʻm chakana narxlarda sotilmoqda.
Maʼlumot uchun: 1 barrel = 80 AQSH dollar boʻlganda, 1 litr yuqori oktanli (91-95) avtobenzini oʻrtacha 8 900 soʻmni tashkil qiladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bozor tamoyillariga oʻtish yuzasidan qabul qilingan qator qarorlar oʻz samarasini koʻrsatmoqda hamda respublikada avtobenzin taqchilligi muammosi hal etilishiga va ichki bozorni tayyor neft mahsulotlari bilan taʼminlashga erishilmoqda.
Shu bilan birga, Ai-91, Ai-92, Ai-95 markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xom ashesidan ishlab chiqariladi yoki tayyor holda bozor konyunkturasidan kelib chiqib jahon kotirovkalariga bogʻlangan holda import qilinadi. Shuning hisobiga ushbu markali avtobenzinlarning narxi bozor iqtisodiyoti tamoyillari hamda jahon kotirovkalariga bogʻlangan holda erkin shakllantiriladi.